Koronavirusning yangi shtammi avvalgisidan farqli o‘laroq, yoshlar orasida tezroq tarqalishi mumkin
14 dekabr kuni Buyuk Britaniya sog‘liqni saqlash vazirligi koronavirusning yangi shtammi aniqlangani va mamlakat hududlarida mingdan ortiq kasallik yuqish holatlari haqida xabar berdi. Mamlakat Bosh vaziri Boris Jonsonning ta’kidlashicha, koronavirusning ushbu genetik varianti odatdagisidan 70 foiz ko‘proq yuqumli bo‘lishi mumkin.
Shuningdek, yangi shtamm Daniya, JAR, Germaniya, Niderlandiya, Singapur, Fransiya, Yaponiya, Avstraliya, Shveysariya, Ispaniya, Italiya, Shvetsiya, Livan, Isroil, Braziliya va Malayziyada aniqlandi.
Kuni kecha koronavirusning yangi shtammi Iordaniya va Janubiy Koreyada ham aniqlanganligi ma’lum bo‘ldi. Ikki mamlakat rasmiylari dastlabki kasallanish holatlar paydo bo‘lganligini, ilgari ularning barchasi Buyuk Britaniyaga tashrif buyurishganini e’lon qilishdi. Ularning muloqot doirasi o‘rganilmoqda. Afsuski, koronavirusning yangi mutatsiyaga uchragan shakli aniqlangan mamlakatlar ro‘yxati o‘sib bormoqda.
JSSTning Yevropa mintaqaviy byurosi direktori Xans Klyuge Twitter dagi o‘z sahifasida COVID-19 ning yangi shtammi avvalgilaridan farqli o‘laroq, yoshroq aholi vakillari orasida tezroq tarqalishi kuzatilayotganini aytdi. Uning so‘zlariga qaraganda, Buyuk Britaniyada aniqlangan yangi koronavirus shtammi balki og‘ir kechmas. Ammo statistika shuni ko‘rsatmoqdaki, uning bolalarga yuqishi ancha osonroq.
Londondagi olimlar ham shunday ma’lumotlarni taqdim etdi. London imperiya kolleji professori Nil Fergyusonning so‘zlariga ko‘ra, olimlar nimaga kasallik aynan yoshlarga ko‘proq yuqayotganini hali oxirigacha o‘rganishgani yo‘q. Ammo buni statistik ma’lumotlar tasdiqlamoqda. Uning so‘zlariga ko‘ra, tibbiyot xodimlari oxirgi vaqtda 15 yoshgacha bo‘lgan bolalar orasida koronavirusning yangi shtammini avvalgi turidan ko‘ra ko‘proq aniqlamoqda. Shuningdek, COVID-19 «britaniya» shtammining yagona xavfi — uning yuqumliligi kuchliroq ekanida. Koronavirusning yangi shtammi tarqalishi tufayli ba’zi davlatlar Buyuk Britaniya va boshqa mamlakatlar bilan transport aloqalarini chekladi.
Eslatib o‘tamiz, 21 dekabrdan 10 yanvarga qadar O‘zbekiston Buyuk Britaniya, Italiya, Germaniya, Daniya, Avstriya, Avstraliya, Niderlandiya va JAR davlatlari bilan xalqaro, jumladan, kirish, chiqish va tranzit yo‘nalishlarida parvozlarni to‘xtatib qo‘ydi. Ushbu qaror Koronavirusga qarshi kurash bo‘yicha Respublika maxsus komissiyasi tomonidan COVID-19 ning yangi shtammi aniqlanganligi va ushbu mamlakatlardagi og‘ir epidemiologik vaziyatni hisobga olgan holda qabul qilindi. Shuningdek, Rossiya 21 dekabrdan Buyuk Britaniya bilan parvozlarni bir haftaga to‘xtatib qo‘ydi. 28 dekabrdan Yaponiya ham o‘ta yuqumli bo‘lgan koronavirus shtammi tarqalishining oldini olish uchun yanvar oyining oxirigacha barcha mamlakatlardan kirishni taqiqladi.
O‘z navbatida, virusologlar infeksiyaning yangi turidan qo‘rqmaslikka, ammo profilaktika choralarini ko‘rishga chaqirishmoqda. Maska taqib yurish, ijtimoiy masofani saqlash va odam ko‘p bo‘lgan joylarga bormaslik lozim.
«Yangi shtammning tarqalishiga qarshi kurashish uchun odatdagi koronavirus infeksiyasi bilan bo‘lganidek sanitariya-epidemiologiya qoidalariga rioya qilish kerak», deydi tibbiyot fanlari doktori, N.F.Gamaleya nomidagi Epidemiologiya va mikrobiologiya milliy tadqiqot markazining virusologi Viktor Zuyev. Mutaxassisning ta’kidlashicha, yangi shtammning patogenligi koronavirusning dastlabki nusxasidan baland emas, shuning uchun kasallikni yuqtirib olmaslik uchun ijtimoiy masofani saqlash va niqob taqib yurish asosiy talab bo‘lib qolmoqda.
Asosiysi, yangi shtammning antigen xususiyatlari o‘zgarmagan, shuning uchun unga nisbatan emlash samaradorligi saqlanib qoladi.
Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati ma’lumot berdi.