Korxonadagi 7,5 ming kilogramm armaturani realizatsiya qilish man qilindi
Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 14 dekabrda “Qurilish uchun mo‘ljallangan metall prokatining sifati va xavfsizligini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Qarori qabul qilindi. Qarorga asosan «O‘zstandart» agentligi huzuridagi Texnik jihatdan tartibga solish, standartlashtirish, sertifikatlashtirish va metrologiya sohasidagi qonunchilik talablariga rioya qilinishini ta’minlash departamentining viloyat mutaxassislari tomonidan viloyatdagi metall mahsulotlari ishlab chiqaruvchi korxonalarda mahsulotlar monitoringi olib borildi. Sifatsiz mahsulotlar aniqlanib, tadbirkorlarga mahsulotining sifatini oshirish bo‘yicha tushuntirish ishlari amalga oshirildi.
Viloyatimizda armatura ishlab chiqaradigan «SAMARQAND METALL PRODUCTION» mas’uliyati cheklangan jamiyatida ishlab chiqarish jarayonini standartlashtirish, metrologiya, sertifikatlashtirish sohalarida jiddiy qonunbuzilish holatlari mavjudligi aniqlandi. Jarayon “xavfni tahlil qilish” tizimida o‘rganilib, qonunbuzilish holatlari bo‘yicha xavfliligi yuqori ekanligi sababli ushbu korxonada tekshirish o‘tkazish uchun Prezident huzuridagi vakilga murojaat qilindi.
O‘rganish natijalariga ko‘ra, korxona tomonidan ishlab chiqarilgan armaturaning sifati va xavfsizligi amaldagi normativ hujjatlar talablariga nomuvofiqligi, korxona tomonidan armatura mahsuloti majburiy sertifikatlashtirishga taqdim etilmaganligi hamda metrologiya qonunchiligi talablari buzilishi holatlari aniqlandi. Korxonadagi sifat talablariga javob bermagan 7,5 ming kilogramm armaturani realizatsiya qilish man qilindi, qonunbuzilish holatlariga yo‘l qo‘ygan bir nafar mansabdor shaxs ma’muriy javobgarlikka tortildi.
Rahmat TOJIBOYeV,
Javlon ABDULLAYeV,
Texnik jihatdan tartibga solish, standartlashtirish, sertifikatlashtirish va metrologiya sohasidagi qonunchilik talablariga rioya qilinishini ta’minlash departamentining Samarqand viloyatidagi inspektorlari.