Ko‘zimiz qachon ochiladi yoxud eski muammoning yangicha sharhi
Ushbu maqolani o‘qib «obbo, yana to‘y mavzusimi, yozilaverib, gapirilaverib me’daga tegdi-ku» degan fikr xayolingizdan o‘tishi aniq. Haqiqatan to‘yni ixcham, kam xarajat qilib o‘tkazish masalasi umumxalq muhokamasiga qo‘yilib, davlat siyosati darajasigacha yetib bordi. Ammo bundan kutilgan natija chiqmadi. Dabdabali, kimo‘zariga qilinayotgan to‘ylar ko‘paysa ko‘paydiki, kamaymayapti.
Xo‘sh, muammoning ildizi qayerda? Odamlarning ma’naviyati, madaniyati pastmi? Unday deydigan bo‘lsak, hozir kim bilan suhbatlashmang, sizga o‘zini bu borada har qanday kishini bir cho‘qishda qochiradigan bilimdon qilib ko‘rsatadi. To‘qlikka sho‘xlik, shuhratparastlik deysizmi? Bu gapda jon bor. Aynan to‘qchilik, farovon hayot, topish-tutish uchun yaratilayotgan imkoniyatlar ayrim kimsalarni, ochig‘ini aytsak, el nazaridagi ba’zi «kattalar»ni bir to‘y qilib o‘zini ko‘rsatib qo‘yishga undayapti. Oriyatli, qaysar, o‘zimizni ko‘z-ko‘z qilishni yaxshi ko‘radigan xalqmiz. Ro‘zg‘orimiz qo‘l uchida o‘tib turgan bo‘lsa-da, to‘y qilishga kelganda «bosh yorilsa, do‘ppi tagida», o‘sha boyvachchalarnikidan kam bo‘lmasin, deymiz.
To‘y - ijtimoiy hodisa, milliy urf-odatlarimizning ajralmas qismi. Shaxsning jamiyatdagi mavqei oilasi, farzandlari bilan belgilanadi. Farzand deb, uni baxtli qilay deb o‘zimizni o‘tga-cho‘qqa uramiz. Va buni dang‘illama to‘y qilish deb bilamiz. Farzandimiz kitob, kompyuter olib bering, to‘garakka boraman desa, «To‘xta bolam, to‘yni o‘tkazib olaylik», deymiz. To‘y o‘tgach esa «Sabr qil bolam, kechagina to‘ydan chiqdik, hech vaqo qolmadi», deb yupatamiz.
To‘ylarning xalqimizga yetkazayotgan moddiy zarari, ma’naviyatimiz, yoshlar tarbiyasi buzilishiga olib kelayotganiga sabablar ko‘p. Ulardan biri (opa-singillar, onaxonlar meni kechirishsin) ayrim og‘zi katta ayollarning «Ho, bittayu bitta o‘g‘il yoki qizimning to‘yini yuzta odam bilan sadaqa qilganday o‘tkazamanmi, falonchidan meni qayerim kam, yo‘q, yetti iqlimga dong taratmasa bekor», deb o‘jarlik qilishlaridir. Oilada o‘zimizni boshliq deb biladigan biz, erkaklar ana shu masalaga kelganda ularni insofga chaqirishga ojizlik qilib qolishimiz ham bor gap.
To‘ylarni haddan tashqari kattalashib borayotganiga yana bir sabab, bizningcha, millatimizning o‘ziga xos qarindosh-urug‘chilik, o‘zaro mehr-oqibatliligi hamdir. To‘yga aytilmay qolgan qarindosh bir umr gina qilib o‘tadi.
- O‘g‘limizni uylantiryapmiz, - deydi do‘stim xo‘rsinib. – Ammo ixchamlashtirishning hech iloji bo‘lmayapti. Xotinim bilan taklif qilinadigan mehmonlarning ro‘yxatini tuzib chiqdik. Qanday hisoblamaylik 800-1000 kishidan oshib ketayapti. Biri tog‘a, biri jiyan, biri quda, biri holavacha.
Buning ustiga hali to‘yga borish va unda o‘tirish madaniyatimiz zamonaviy emas nazarimda. Taklif qilinganlarga qo‘shilib taklif etilmagan kuyov jo‘ra, sinfdosh, dugona va bola-baqrasini ergashtirib keladigan ayollarga nima, deysiz? To‘y emas, shovqin-suron, odam-odamni tanimaydigan «telba davraga» aylanib qolayapti.
To‘g‘ri, to‘y - asrlar davomida milliy qadriyatlarimizdan biriga aylangan. Uni to‘xtatib ham, man qilib ham bo‘lmaydi. Lekin odamlar havas qiladigan ixcham, bir umr qoladigan shiringina o‘tkazish mumkin-ku!
…Qishlog‘imizda mehnatkash bir yigit o‘g‘lining sunnat to‘yini o‘tkazdi. Xalq tilida aytganda «dalnoboyщik». Uch kun to‘y berdi: birinchi kuni ko‘pkari! Katta-kichik sovrinlarning o‘ziga o‘nlab qo‘y-echki, tanadan tashqari, yuz million so‘mdan ziyod naqd xarajat qilibdi. Ikkinchi kuni – kurash. Uchinchi kuni – bazm. Xullas, qorli qirovli kunlarda ming mashaqqat bilan uzoq o‘lkalarga yuk tashib topgan ikki-uch yillik daromadi uch kunda sovrildi. Dang‘illama to‘y ovozasi uch kundan keyin odamlarning esidan ham chiqib ketdi.
– To‘yni el qatori nahor oshi, xo‘p mayli, kurash yoki ko‘pkari bilan bir kunlik qilib o‘tkazaylik deb maslahat berdik, - deydi akasi kuyinib. - Yo‘q ko‘nmadi… «To‘yni men qilayapman, pul ketsa meniki, sizlardan so‘rayotganim yo‘q», deb turib oldi.
- Yaqinda televizorda nikoh to‘yni ko‘rsatishdi (aslida to‘ylarni dabdabali bo‘lib ketayotganiga qosh qo‘yaman deb ko‘z chiqarayotgan ayrim teleko‘rsatuvlar ham sabab bo‘lyapti). Ko‘rsatuvda qiz tomonni kuyov tomonga kiyim-kechak, idish-tovoq, mebel, mashina, hatto kvartiragacha «sep» qilib berayotgan yangicha odat haqida gap bordi. Bu odat hademay bizga ham yetib keladi, - dedi yonimda o‘tirgan do‘stim. – Aslida dabdabali to‘ylarni poytaxt va shaharda yashovchi katta-katta lavozimda ishlaydigan, bosar-tusarini bilmay qolgan ayrim boyvachchalar boshlab berishyapti.
Xo‘sh, nima qilish kerak? Bu holga hamma ko‘z yumib, beparvo qarab turishi kerakmi? To‘g‘ri, buyruq bilan, do‘q-po‘pisa, tanbeh bilan, boringki jarima bilan to‘ylarni tartibga solib bo‘lmaydi. Buning uchun odamlarning aql-farosatini yuksaltirish lozim. To‘y qilish har kimning o‘z xohishi. Shunday ekan, «ko‘rpangga qarab oyoq uzat», degan gap bor. To‘y oldidan quda-andalarning yosh oila uchun zarur kiyim-kechak, ko‘rpa-to‘shak, idish-tovoq, mebel, boshqa uy-ro‘zg‘or jihozlarini birgalikda hisob-kitob qilib, o‘zaro kelishib olishlari uchun o‘tkir aql, katta matonat talab qilinadi. Esimda, o‘tgan asrning 60-yillarida to‘ydan oldin qarindosh-urug‘ yig‘ilib maslahatlashib olishardi. Hozir hamma o‘z bilganicha ish ko‘ryapti.
Ammo negadir o‘zini zamonaviy, madaniyatli, ziyoli kishiman deb hisoblovchilar bu masalaga kelganda, kelin-kuyovni baxtli bo‘lib ketishlarini emas, ko‘proq xonadonlarni band qilib, chang bosib yotadigan allaqanday xorijiy mebellar, bir marta kiyilib yoki kiyilmaydigan so‘nggi urfdagi qo‘sha-qo‘sha qimmatbaho kiyimlar, tilla taqinchoqlar haqida qayg‘urishadi. Yana xarajatini yo kuyov, yo kelin tomon zimmasiga yuklashga urinishadi. Oqibatda ko‘p hollarda hali to‘y bo‘lmasdan oldin quda-andachilikka darz ketadi. Yoki bo‘lmasa, bir yil ikki yil o‘tmay, kimning haqi kimga ketgani haqida mojaro chiqib, yosh oila buziladi. Farzand tug‘ilgan bo‘lsa, tirik yetim bo‘lib qoladi.
…Viloyat miqyosida katta tashkilotda boshliq bo‘lib ishlaydigan sinfdosh do‘stim nabirasining sunnat to‘yiga taklif qilgandi, bordim. Ortiqcha karnay-surnay, dabdaba yo‘q. Taklif qilingan mehmonlar yayrab suhbatlashib, diydorlashib ketishyapti. Krovatda san’atkorlar mikrofonsiz, boshlovchisiz mumtoz qo‘shiqlar ijro etishyapti. Hayron bo‘lganimni sezgan do‘stim izoh berdi: to‘yni kamtargina qilib o‘tkazishni lozim ko‘rdik. Tartibli, mazmunli bo‘larkan…
Do‘stimning kamtarligiga havasim keldi. Vaholanki o‘nta dang‘illama to‘y qilsa kuchi yetardi. Qani endi boshqa rahbarlar ham shunday o‘rnak ko‘rsatishsa, to‘ylarimiz qanday chiroyli bo‘lar ekan-a, degan xayol o‘tdi ko‘nglimdan.
Oybekning «Qutlug‘ qon» romanidagi bir lavha yodimga tushdi. Mirzakarimboy Toshkentning dong‘i ketgan boylaridan, mol-dunyosining hisobi yo‘q. Shunga qaramasdan, hech qachon boyligini ko‘z-ko‘z qilmaydi. Aql-farosat bilan ish ko‘radi. Qizi Nurini kuyovga uzatayotganda xotini boydan nechta izvosh qo‘shsak ekan, deb so‘raydi. Boy esa «Hech qanaqa izvosh kerak emas, el qatori oddiy Qo‘qon aravada ketaveradi» deb javob beradi.
Xulosa shuki, pul topib, aql topmayotgan ayrim kimsalar elga dasturxon yozib muqaddas udumimiz to‘yni o‘tkazayotganda, «Dindan chiqsang ham, eldan chiqma» degan naqlning ma’nosini bir o‘ylab ko‘rsalar yaxshi bo‘lardi.
Tog‘aymurod Shomurodov.