Kuchlanish past, uzilishlar bor, tarmoqlar eski... shu mazmundagi bir qator murojaatlarga “Samarqand hududiy elektr tarmoqlari korxonasi” AJ mutasaddilari javob yo‘lladi
Xabaringiz bor, o‘tgan hafta kanalimizda “Samarqand elektr tarmoqlari korxonasi” AJ mutasaddilari bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri ovozli muloqot o‘tkazilgan edi.
Onlayn translyasiya mobaynida obunachilarimiz turli muammo va savollar yuzasidan mutasaddilar bilan bog‘landi. Ammo efir davomida bir qator ishtirokchilarning savollariga vaqt yetmagani bois mutasaddilar savollarni yozib olgan va o‘rganib chiqib javob berishni ma’lum qilgan edi. “Samarqand hududiy elektr tarmoqlari korxonasi” AJ tomonidan o‘quvchilarimizning bir qator savollariga javob yuborildi.
- Ishtixon va Urgut tumanlari, Kattaqo‘rg‘on tumani “Oyjon” mahalla fuqarolar yig‘ini, Kattaqo‘rg‘on shahar Usmon Nosir mahallasida, Nurobod tumani Tim qishlog‘ida hamda Samarqand shahrida istiqomat qiluvchi fuqarolardan keyingi kunlarda elektr ta’minotida kuzatilayotgan uzilish yuzasidan murojaat kelib tushdi.
Javob: Respublikamizga kirib kelgan sovuq havo oqimi, ayni paytda ko‘plab hududlarda haroratning keskin tushib ketishi natijasida elektr energiyasiga bo‘lgan talab ham sezilarli darajada ortgan. Ana shunday vaziyatda magistral gaz quvurlari va tarmoqlarida tabiiy gaz bosimining keskin pasayishi kuzatilib, elektr energiyasi ishlab chiqaruvchi issiqlik elektr stansiyalariga belgilangan hajmlardan kam miqdorda tabiiy gaz yetib borishi natijasida elektr energiyasi ishlab chiqarish hajmi ham mos ravishda tushib ketishiga sabab bo‘lmoqda. Shu sababli energetika tizimining barqaror ishlashini ta’minlash va elektr energiya ishlab chiqarish ob’yektlari, yuqori va past kuchlanishli elektr tarmoqlari hamda transformator punktlarida yirik avariyalar vujudga kelishini oldini olish maqsadida respublikamizning turli hududlarida elektr ta’minotida cheklovlar kiritilmoqda.
- Toyloq tumani, Yassitepa mahallasidan elektr toki kuchlanishi pastligi borasida qilingan murojaat.
Javob: Kelgusi yillarda mazkur mahalladagi mavjud transformator punktiga qo‘shimcha yangi yana bir transformator o‘rnatilishini ma’lum qilamiz.
- Muloqot davomida Dilbar Sharifovna akkaunti egasi tomonidan Samarqand shahridagi 73-DMTTdagi elektr uzatish tarmog‘idagi simlarda qisqa tutashuvni zudlik bilan bartaraf etib berish borasida yo‘llagan murojaat edi.
Javob: Mazkur murojaatga asosan, o‘sha vaqtning o‘zida Samarqand shahar elektr ta’minoti korxonasining avariyaga qarshi maxsus brigadasi yuborilishi ta’minlanib, darhol nosozlik bartaraf etildi.
- Ishtixon tumani “Beshbola” MFY Oqtosh qishlog‘idan fuqaro Berdiyor Sindorov transformator hamda simyog‘ochlarni almashtirish borasidagi murojaat qilgan edi.
Javob: Mazkur mahallada joriy yilda “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari doirasida elektr uzatish tarmog‘ini yangilash ishlari olib borildi. Aynan murojaatchi aytib o‘tgan manzilda ham bosqichma-bosqich elektr ta’minotini yaxshilash ishlari amalga oshiriladi.
- Urgut tumani Pochvon mahallasida 2021 yilda yangi TP o‘rnatilgan, ammo bugungi kunga qadar tarmoq tortilmay kelinmoqda. Bir yildan buyon TP “o‘zicha” ishlab yotibdi. Qachon tarmoq tortiladi?
Javob: Hozirgi kunda mazkur transformator punktiga iste’molchilarni ulash uchun SIP kabellari keltirilgan. Yil yakuniga qadar to‘liq yakunlanadi.
- Samarqand tumani, Navbog‘ mahallasidan Akbar Nazarovning 2615-transformator punktida kuchlanish yuqoriligi (260-270 volt) yuzasidan qilingan murojaat yuzasidan.
Javob: Hozirgi kunda transformator punkti ta’mirlash sexiga olib borilib, labarotoriya ko‘rigidan o‘tkazish choralari ko‘rilmoqda.
- Payariq tumani “Ilg‘or” mahallasi Changarakchi qishlog‘idagi temir-beton stolbalar bo‘yicha dastur to‘liq bajarilmagan.
Javob: Hozirgi kunda tugallanmagan obe’ktlarni to‘liq yakunlash ishlari olib borilmoqda.
- Payariq tumani “Oqtosh” MFY Avliyoquli qishlog‘idan Sardor Ne’matov hududdagi tarmoqlarni yangilash yuzasidan murojaat qilgan. Fuqaro bilan telefon orqali bog‘landik.
Mazkur mahallada joriy yil yakuniga qadar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 25 oktyabrdagi PQ-408-sonli Samarqand viloyatida 2022-2023 yillarda mahalla infratuzilmasini rivojlantirish dasturi doirasida 2022 yilda amalga oshiriladigan ob’yektlarning manzilli ro‘yxatiga asosan elektr tarmoqlarini yaxshilash ishlari olib borilishi belgilangan.