Madaniy meros ob’yektlarini avaylab asrashda yangicha yondashuv va munosabat shakllanyapti
Samarqand shahri bugun turli sohalarda xalqaro tadbirlarga mezbonlik qilyapti. Bunda albatta, shaharning boy tarixi, qadimiy madaniy merosi katta o‘rin tutadi. Shundan kelib chiqib, mavjud madaniy meros ob’yektlarini avaylab asrash, ularni ta’mirlash va pardozlash jiddiy e’tibor va mas’uliyat talab qiladi.
Viloyat matbuot markazida bo‘lib o‘tgan matbuot anjumani ayni shu masalalarga bag‘ishlandi.
Unda mutasaddilar ommaviy axborot vositalari vakillariga sohada amalga oshirilgan ishlar hamda kelgusida bajariladigan vazifalar yuzasidan ma’lumot berdi.
Viloyat hokimining o‘rinbosari – turizm va madaniy meros bosh boshqarmasi rahbari Rustam Qobilov so‘nggi yillarda madaniy meros ob’yektlarini avaylab asrash borasida yangi bosqich va yondashuv, yangicha munosabat shakllanganini ta’kidladi.
- Bugungi kunda viloyatimizda moddiy va nomoddiy madaniy meros ob’yektlarini muhofaza qilish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar salmog‘i katta, - dedi R.Qobilov. – Ammo shu bilan birga ushbu muhofaza ob’yektlariga e’tiborsizlik holatlar ham uchrab turibdi. Olib borilgan o‘rganish va chora-tadbirlar natijasida bu kabi holatlarning oldi olinyapti.
Matbuot anjumanida viloyat madaniy meros boshqarmasi boshlig‘i B.Shaymatov nafaqat Samarqand shahrida, chekka hududlarda ham madaniy meros ob’yektlariga e’tibor qaratilayotgani, ularni ta’mirlash ishlari bo‘yicha chora-tadbirlar belgilanganini ta’kidladi.
Jumladan, joriy yilda Samarqand shahrida Shanxay hamkorlik tashkiloti sammiti o‘tkazilishi munosabati bilan Madaniy meros agentligi huzuridagi Ilmiy-ekspert kengashida ma’qullangan loyiha asosida “Samarqand - madaniyatlar chorrahasi” ob’yekti hududida joylashgan Registon ansambli, Shohi Zinda va Bibixonim majmualari, Amir Temur maqbarasi, Ulug‘bek rasadxonasi, Oqsaroy, Xo‘ja Doniyor maqbarasi, Ruhobod majmuasi, Ashratxona maqbarasi, Chorsu savdo gumbazi va Qo‘shhovuz masjidlarida ta’mirlash-tiklash ishlari olib borildi.
Shuningdek, matbuot anjumanida viloyatda madaniyat sohasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida viloyat madaniyat boshqarmasi boshlig‘i Sh.Eshonqulov ma’lumot berdi.
Bugungi kunda boshqarma tasarrufida 79 ta madaniyat markazlari, 1 ta Samarqand ixtisoslashtirilgan san’at maktabi, 32 ta Bolalar musiqa va san’at maktablari, 4 ta teatr va 16 ta shahar va tuman madaniyat bo‘limlari faoliyat ko‘rsatib kelmoqda.
Mavjud madaniyat markazlarida 33 xildagi 511 ta to‘garak tashkil etilgan bo‘lib, mazkur to‘garaklarda 5 ming 634 nafar ishtirokchi jumladan, 4 ming 44 nafar 17 yoshgacha bo‘lgan yoshlar qamrab olingan. Olis hududlardagi madaniyat markazlarida, bolalar musiqa va san’at maktablarida atoqli ijodkor-ziyolilar, aholi orasida yuksak hurmatga ega san’at va ijod vakillari tomonidan turli uchrashuvlar, mahorat darslari tashkil qilinib kelinmoqda.
Sulaymon Mardiyev.