Madaniyat bo‘limiga avtobus berildi, endi 25 million so‘mlik ovoz kuchaytirish moslamalari ham keltiriladi

28 may kuni zarnews.uz sayti hamda “Zarafshon” gazetasining 29 may 63-sonida “Qo‘shrabot “madaniyat”i qachon rivojlanadi?” sarlavhasi ostida tanqidiy maqola e’lon qilindi. Unda asosiy bayramlarimiz bo‘lmasa tuman madaniyat bo‘limining o‘rni sezilmasligi, tadbirlar davomida ovoz kuchaytirgich moslamalari muammoli vaziyatlarga tushib qolishi haqida so‘z yuritilgan.

Haqiqatan ham, tuman madaniyat bo‘limi moddiy texnika bazasi ko‘ngildagidek emasligi, binolarning eskiligi, malakali mutaxassislarning yetishmasligi sababli muammolar mavjud. Keyingi paytlarda ularni bosqichma-bosqich bartaraf etish choralari ko‘rilmoqda.

Maqola orqali ko‘tarilgan muammolarning oldini olish maqsadida tuman madaniyat bo‘limida yig‘ilish o‘tkazilib, zarur chora-tadbirlar belgilab olindi. Jumladan, o‘tkaziladigan tadbirlarda musiqa asboblari, asosan, ovoz kuchaytirgich moslamalarining texnik holatlari ko‘zdan kechirilishi, tadbirlarni sifatli o‘tkazishga to‘liq rioya qilinishi talab qilindi. Mas’uliyatni his qilmaydigan xodimlarga intizomiy choralar ko‘rilishi aytildi.

Tadbirlar davomida madaniyat xodimlarining kiyinish hamda muomala madaniyati talablarini buzmasdan aholi, asosan, yoshlarning madaniy hordiq chiqarishida mumtoz va zamonaviy kuy-qo‘shiqlar, barhayot an’analarni o‘zida mujassam etgan dasturlarni tayyorlash muhim ekanligi ta’kidlandi. Buning uchun tajribali ustozlar ko‘magidan foydalanib, iste’dodli yoshlarga imkoniyat yaratish maqsad qilingan.

Prezidentimiz tashabbusi bilan oliy ma’lumotli kadrlarga bo‘lgan ehtiyojni qondirish maqsadida tumanimizdan I.Boboqulov hamda D.G‘aniyevalar O‘zbekiston madaniyat va san’at institutiga o‘qishga tavsiya qilinib, bugungi kunda sirtqi ta’lim yo‘nalishida tahsil olyapti. Ularning o‘qishlari uchun shartnoma to‘lovlari ko‘chirib berilgan.

Xodimlarning chekka mahallalarda tadbirlar o‘tkazishlariga qulaylik yaratish maqsadida bo‘limga yaqinda avtobus berildi.

Shuningdek, ovoz kuchaytirish moslamalari uchun byudjet mablag‘lari hisobidan 25 million so‘m ajratildi.

Qo‘shrabot tumani hokimligi axborot xizmati.