Madaniyat vaziri "Samarkand Half Marathon" xayriya yarimmarafonida faol ishtirok etishga chorlamoqda

Shu yil 1 noyabr kuni respublikamiz va butun dunyo bo‘ylab Samarkand Half Marathon @samarkandhalfmarathon xayriya yarimmarafoni bo‘lib o‘tadi. Bu haqda Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov o‘zining telegramdagi kanalida ma’lum qildi.

"Butun dunyo bo‘ylab ko‘plab ommaviy tadbirlar epidemiologik vaziyat tufayli bekor qilingan bir paytda, men yurtdoshlarimizning ko‘nglini ko‘tarib, ularning sport ruhini qo‘llab-quvvatlamoqchiman! Har birimiz, O‘zbekistondan tashqarida bo‘lganlar ham, onlayn yugurishda qatnashib, yarimmarafonning - mamlakatimizda autizm spektri buzilgan insonlar uchun inklyuziv muhitni yaratish xayriya maqsadini qo‘llab-quvvatlashimiz mumkin. Tashkilotchilarimiz yarimmarafondan tushgan barcha mablag‘larni autizm spektri buzilgan bolajonlarimiz uchun badiiy studiya tashkil etishga yo‘naltiradilar.

Keling, karantin qoidalariga rioya qilgan holda birgalikda yuguraylik! Samarqand yarimmarafoniga qo‘shiling va ro‘yxatdan o‘ting! Har bir inson ishtirok etish uchun o‘ziga  qulay bo‘lgan yo‘lni tanlash imkoniga ega, negaki onlayn yarimmarafonda siz dunyoning har qanday nuqtasidan istalgan masofaga nafaqat yugurishingiz, balki uni yurib o‘tishingiz ham mumkin", deydi Madaniyat vaziri.

Ishtirok etish  uchun quyidagi lavha orqali ro‘yxatdan o‘tishingiz mumkin: https://samarkandhalfmarathon.uz/