Mahalla deputatdan nega foydalana olmayapti?
Amaldagi qonunlarga ko‘ra, mahallada yashovchi saylovchilar nomzodlar orasidan o‘ziga ma’qulini tanlab oladi. Ular o‘z vakili orqali davlat boshqaruvida ishtirok etadilar.
Lekin deputatlarning faolligi mahallada nega ko‘zga tashlanmayapti. Ayrim deputatlar yillar davomida saylovchilar bilan muloqot o‘tkazmaydi. Ba’zan, u yoki bu sanaga bag‘ishlab nomigagina tadbir o‘tkazishadi.
Xo‘sh, mahalla shu hududdan saylangan deputat imkoniyatlaridan qanday foydalanishi mumkin?
Mahalla oqsoqollari va kotiblari malakasini oshirish o‘quv kursida ana shu savol bo‘yicha muloqot o‘tkazildi. Jurnalist F.Toshev bu borada o‘z deputatlik faoliyati tajribasini aytib berdi.
- Darhaqiqat, biz saylovdan keyin deputat imkoniyatlaridan yetarlicha foydalanmas ekanmiz, - dedi Samarqand shahridagi Alisher Navoiy mahallasi oqsoqoli Baxtiyor Abdutohirov. – Ma’lum bo‘ldiki, agar ishni tizimli tashkil etsak, hududdagi ko‘p muammolarga deputat orqali yechim topa olamiz.
Davra qatnashchilariga mahalla idorasida deputatlar ism-sharifi, ish va qo‘l telefoni yozilgan lavha ilib qo‘yish, har oyda bir marotaba deputat ishtirokida u yoki bu qonun targ‘iboti bo‘yicha uchrashuv uyushtirish, aholi talablarini tahlil qilib, deputatga yetkazish, hududga mo‘ljallangan loyihalardan va ular ijrosidan aholini xabardor qilib borish tavsiya etildi.