Mahallada 3 ta oilaviy bog‘cha bor, har biri o‘ziga xos tarzda jihozlangan

Oqdaryo tumanida tashabbuskor tadbirkorlar tomonidan 3 ta oilaviy nodavlat maktabgacha ta’lim muassasasi o‘z faoliyatini boshladi. Ularning har biri o‘ziga xos tarzda jihozlanib, bolalarning sifatli ta’lim-tarbiya olishiga o‘z hissalarini qo‘shmoqda.

- Tumanimizdagi Bozorjoy mahallasida ikkita oilaviy bog‘cha faoliyat yuritadi, - deydi tadbirkor Shaxnoza Muzaffarova. - Bu – sog‘lom raqobat degani. Shuning uchun xonadonimizning bo‘sh turgan qismida sport maydonchasi barpo etib, ta’lim-tarbiyani jismoniy rivojlanish bilan hamohang olib borishni maqsad qildik. Bugun bog‘chamizda 25 nafar bola tarbiyalanib, ularga rus va ingliz tilidan mukammal saboq berilayapti.

Shuningdek,  tumanning Temirak mahallasida Shahlo Bozorova tomonidan “G‘uncha” va Uzunqishloq mahallasida Dildora Raimova tomonidan “Charos” nomli oilaviy nodavlat maktabgacha ta’lim muassasalari tashkil etildi.