Mahalladan gapiramiz: Adash ko‘chalarda adashganlar bor

Hududlarda sektor hamda korxona va tashkilotlar rahbarlari tomonidan amalga oshirilayotgan ishlarni uyma-uy yurgan holda o‘rganish Jamoatchilik nazorat guruhi ayni kunlarda Samarqand shahrining temiryo‘l hududida...

«Matonat» MFY dagi bir xonadonga kirdik.

- Uyingizning raqamini aytsangiz...

- Azimbekov ko‘chasi 20-uy.

- Iye, ro‘paradagi tor ko‘chada ham shunday uy borku. Bu qanaqasi bo‘ldi?

- Bizda bunaqasi ko‘p, - kuldi uy egasi. - Azimbekov ko‘chasidagi uylar betartib raqamlangan. Chalkashlik ko‘p. Bitta raqam bilan bir nechta uy. Xat-u hujjatlarda adashishlar tez-tez uchrab turadi(!).

Ushbu muammo haqida «Matonat» mahallasi raisi Shavkat aka Mamatqulov shunday dedi:

- Xonadonlar raqamlangan vaqtda hech kim nazorat qilmagan. Oqibatda shu holga kelgan.  Bu birinchi muammo. Ikkinchisi, Samarqandda yana bitta Azimbekov ko‘chasi bor. O‘sha ko‘chadagi xonadonlar haqidagi so‘rovnoma, xatlar yoki boshqa biror murojaatnomalar deymizmi, bizga kelib qoladi. Balki u ko‘chada ham shundan hollar yuz berayotgandir...

Haqiqatdan ham shahrimizda Azimbekov nomidagi ko‘cha ikkita ekan. Biri «Matonat» mahallasida bo‘lsa, ikkinchisi «Said», «Bek» hamda «Mehriobod» MFY hududida.

O‘xshashligi: bir inson sharafiga qo‘yilgan. Ikkisi ham bitta shaharda.

Farqlari: "Matonat" mahallasidagi xonadonlar raqami betartib hamda, aytishlaricha, bu ko‘cha Azimbekov, ikkinchisi Rahim Azimbekov...

Ayni mavzu bo‘yicha yechim topilmas ekan, bu adash ko‘chalarda "adashishlar" bo‘laveradi. Oqibati esa ma’lum. Rasmiy hujjatlardagi anglashilmovchiliklar yuz berishi, chaqiruv qog‘ozlarining o‘z vaqtida egasiga yetib bormasligi va hakozolar. Bundan keyingi oqibatlarga to‘xtalmadik. Sababi, muammo yechimi topadi degan umidimiz bor.

  Asliddin Mustafoyev.