Mahallalarda saylov boshlandi: mahalla raislari yashirin ovoz bilan saylanmoqda

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senati kengashining qaroriga ko‘ra, 2019 yil may oyida yurtimizda fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) saylovi o‘tkazilmoqda.

Bu galgi saylov 2018 yilda qabul qilingan “Fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) saylovi to‘g‘risida”gi qonun asosida tashkil etilmoqda.

Avvalgi saylovlardan farqli o‘laroq, endilikda saylovda faqat fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) saylanadi. Raisning vakolat muddati uch yil etib belgilandi. Saylovda qatnashadigan vakillar soni saylovda ishtirok etish huquqiga ega bo‘lgan fuqarolar umumiy sonining kamida o‘n ikki foizini tashkil etishi kerak. Ovoz berish yashirin tarzda, ya’ni byulleten to‘ldirgan holda amalga oshiriladi.

Viloyatimizda bu yil 1094 mahallaga rais saylanadi.

Kecha, 1 may kuni joylarda mahalla fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) saylovi boshlandi.

Jumladan, Tayloq tumanidagi G‘ulba mahallasiga rais saylash jarayoni namunaviy tarzda tashkil etildi.

4936 nafar aholi yashaydigan mazkur mahallada 2780 kishi saylash huquqiga ega. Ulardan 364 nafari saylovda qatnashish uchun vakil sifatida saylangan.

Tayloq tadbirkorlik va servis kasb-hunar kolleji sport zalida o‘tkazilgan saylovda tumandagi sektor rahbarlari, deputatlar, ovoz berishda qatnashadigan vakillar va tumandagi mahallalar ishchi guruhlari rais va a’zolari ishtirok etdi.

Tadbir avvalida tuman hokimi B.Bobonazarov saylov jarayoniga to‘xtalib, vakillar keyingi uch yil uchun mahallaga eng munosib insonni raislikka saylashga e’tibor qaratishi zarurligini ta’kidladi.

Mahallada saylovni o‘tkazuvchi ishchi guruh raisi S.Karimov saylov va ovoz berish tartiblarini tushuntirdi.

Yig‘ilish rayosati va sanoq komissiyasi saylab olindi.

“G‘ulba” mahalla fuqarolar yig‘ini raisligiga ro‘yxatga olingan nomzodlar Mohigul Davronova hamda Rahmatullo Meliqulov vakillarni o‘z dasturi bilan tanishtirdi.

Shundan so‘ng 364 nafar vakildan 292 nafari (89,8 foizi)saylovda qatnashayotgani ma’lum qilinib, ularga saylov byulleteni tarqatildi.

Vakillar maxsus kabinalarda o‘zlari munosib deb bilgan nomzodni yoqlab, maxsus plombalangan saylov qutisiga byulletenni tashladi.

Jarayon nihoyasiga yetgach, sanoq komissiyasi saylov qutisini hammaning ko‘z o‘ngida ochib, byulletenlarni sanadi.

Sanoq yakuniga ko‘ra, M.Davronova 184 ta, R.Meliqulov 66 ta ovoz to‘plagani aytildi. 42 ta byulleten vakillarning noto‘g‘ri belgilashi oqibatida yaroqsiz deb topildi.

Shu tarzda eng ko‘p ovoz olgan Mohigul Davronova “G‘ulba” mahalla fuqarolar yig‘ini raisi etib saylangani e’lon qilindi.

Ishchi guruh raisi “Fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) saylovi to‘g‘risida”gi qonunning 30-moddasiga muvofiq, fuqarolar yig‘ini kengashini shakllantirish, fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli)ning maslahatchilari, fuqarolar yig‘ini faoliyatining asosiy yo‘nalishlari bo‘yicha komissiyalari va taftish komissiyasini saylash uchun 18 may kuni fuqarolar yig‘ini yig‘ilishi o‘tkazilishini ma’lum qildi.

Husan ELTOYeV.