Majdiddin Navoiyning ashaddiy raqibi bo‘lgan (mi?)

Buyuk mutafakkir Alisher Navoiyning hayoti va faoliyati turfa ziddiyatlar, qarama-qarshiliklarga boy. Buyuk iste’dod sohibining o‘ziga yarasha raqiblari bo‘lgani sir emas. Ulardan biri Sulton Husayn Boyqaroning vazirlaridan biri Majdiddin Muhammad edi.

Hazrat Navoiy haqidagi filmlarda, spektakl va badiiy asarlarda Majdiddin obraziga bir necha bor duch kelgansiz, albatta.

Masalan, 1947 yil suratga olingan “Alisher Navoiy” badiiy filmida Majdiddinning nayrangi bilan Navoiyning suyukli shogirdi Mo‘min Mirzo qatl etiladi. “Alisher Navoiy” spektaklida esa shoirning sevgilisi Gulini Majdiddin saroyga keltirib, Sulton Husayn Boyqaroga tuhfa qiladi. Oybekning “Navoiy” romanida ham Majdiddin shoirning eng ashaddiy raqiblaridan biri sifatida tasvirlanadi.

Ammo, badiiy asarlar o‘z nomi bilan badiiy to‘qimalarga boy bo‘lishini unutmaslik lozim. Keling, mavjud manbalardagi ma’lumotlar asosida bu tarixiy shaxs hayotiga biroz oydinlik kiritaylik.

Ota izidan borib...

Xoja Majdiddin Muhammad Xavofiy taxminan 1430-1440 yillar oralig‘ida Hirotda mashhur davlat arbobi Pir Ahmad Xavofiy oilasida tug‘ilgan. Xavofiy Shohruh Mirzoning vaziri bo‘lgan.

Majdiddin Muhammad Abu Said davrida oddiy mirza, so‘ngra Husayn Boyqaroning jiyani Mirzo Muhammad Sultonning vaziri bo‘lgan. Sulton Husayn Boyqaro 1472 yilda Majdiddin Muhammadni o‘z saroyiga chaqirib, parvonachi (farmon va yorliqlar ijrosi bo‘yicha mas’ul shaxs) mansabiga o‘tqazgan. Majdiddin saroy va mamlakatdagi ishlar xususida sultonga axborot berar, qabul qilingan qarorlarni yozib olar va o‘z muhrini sulton muhri bilan yonma-yon qo‘yardi, shu tufayli hukmdorlarning noibi hisoblangan.

Zahirriddin Muhammad Bobur Majdiddinning vazirlik maqomiga ko‘tarilishini bir voqea bilan bog‘laydi: Husayn Boyqaro kunlarning birida devon ma’murlarini chaqirib, katta miqdorda pul kerakligini aytadi. Devon ma’murlari xazinada bu qadar pul qolmaganini bildirishadi. Bu suhbatni chetdan kuzatib turgan Majdiddin miyig‘ida kulimsiraydi. Buni ko‘rib qolgan Husayn Boyqaro kulgining boisini so‘raydi.

Majdiddin ta’zim bajo keltirib: “Podshohim, agar vazifa va imkon bersalar, pul tashvishidan sizni qutqargan bo‘lur edim” deydi.

Husayn Boyqaro shu kundan butun Xuroson mulkining moliyaviy ishlari ustidan nazorat qilishni Majdiddinga yuklaydi. Boburning fikricha, aynan Majdiddinning uddaburonligi oqibatida xazina ham to‘ldiriladi, mamlakat obodligi ham ta’minlanadi.


Navoiy va Majdiddin

Daraqiqat, Majdiddin Muhammad bilan Alisher Navoiyning munosabatlari murakkab edi. “Boburnoma”da “Alisherbek boshliq jami’ beklar va ahli mansab bila ziddona maosh qildi, bu jihattin barcha aning bilan yomon bo‘ldilar” deb yozadi. Bundan ko‘rishimiz mumkinki, Majdiddin nafaqat hazrat Navoiy, balki uning tarafdorlari bo‘lgan barcha mansabdorlar, beklar va amirlar bilan yomon munosabatda bo‘lgan.

Alisher Navoiyning Hirotdan Astrobodga yuborilishda ham Majdiddinning qo‘li borligi ayon. 1487 yilda Alisherbek Astrobod hokimi etib tayinlangach, Majdiddin yana podshohga yaqinlashadi. Shu tariqa Majdiddin Muhammadga keng vakolatlar beriladi: unga hukmdor nomidan muhr bosish, barcha ariza va shikoyatlarni ko‘rib chiqish huquqi beriladi. Majdiddin Muhammad «saltanat va podshohlikning ishonchli kishisi» unvoniga ega bo‘lgan. Amaldorlar poraxo‘rliklari uchun javobgarlikka tortilgan va qisqa muddat ichida ulardan 2000 tuman pul to‘plab olingan.

Alisherbek 1490 yilda Hirotga qaytgach, Majdiddin Muhammadning ta’siri zaiflasha boshlagan. Balxda Darveshali qo‘zg‘olon ko‘targanligi haqidagi xabar Hirotga yetib kelganda, sulton Husayn Boyqaro davlat manfaatlarini ko‘zlab, Majdiddinni vaqtincha hokimiyatdan chetlashtiradi.

Ko‘p o‘tmay, saroy vazirlari Nizomulmulk va Xoja Afzal birgalashib, Majdiddin Muhammadga qarshi fitna qo‘zg‘atishadi. Sultonga uni qoralab, davlat mablag‘larini o‘zlashtirishda ayblashadi. Majdiddin Muhammad barlos beklari yordamida sulton qabuliga kirishga muvaffaq bo‘ladi, u hukmdorga 20 ming dinor peshkash qiladi, lekin oradan bir necha kun o‘tgach, barlos beklari va Majdiddin birgalikda hibsga olinadi.

Sarsonu sargardon...

Majdiddin garchi Navoiyga nisbatan raqib ko‘zi bilan qaragana bo‘lsa-da, ul zotning ustozi Abdurahmon Jomiyga nisbatan ehtirom ko‘rsatgan. Chamasi, Jomiy Majdiddinning otasi Pir Ahmad Xavofiy bilan yaqin do‘st bo‘lgan.

Navoiy “Hamsatul-mutahayyirin” asarida yozishicha, “Majdiddin Muhammad dunyoga mashhur, uni ta’riflashga ehtiyoj ham yo‘q. Husayn Boyqaroning g‘azabiga uchragach, uning gunohini bo‘yniga oladigan kafil topish so‘raladi. U (Majdiddin) Jomiyning qoshiga yalinib boradi. Hazrat uning uchun kafillikni bo‘yinlariga olgach, Majdiddin qochib ketadi. Ammo o‘n besh kun o‘tmay u qo‘lga tushadi. Butun mol-mulki musodara qilinadi. Shahardan bosh olib ketadi".

Ma’lumotlarga ko‘ra, Majdiddin barcha gunohlarni o‘z bo‘yniga olgan. Uning mol-mulki taftish qilinganda hech kim kutmagan nodir, qimmatbaho buyumlar topilgan. Majdiddin bir qancha to‘lov shartnomalarga imzo chekkach, ozod qilingan. Taxminan 1492 yilda Majdiddin rumliklar karvoni bilan Kirmonga qochadi, u yerdan Makkaga, haj ziyoratiga jo‘naydi, biroq manzilga yeta olmay, yo‘lda, Arabiston yarimorolidagi Tobuk degan joyda vafot etadi.

Rustam Jabborov.