Maktablar ta’miri hamda ekspluatatsiyasiga ajratiladigan mablag‘lar yetarli(mi?)

Qator OAVlarda umumta’lim muassasalari ta’miriga yetarli mablag‘ ajratilishi, shunga qaramay ota-onalar qo‘mitasi tomonidan maktabga yordam berish uchun pul yig‘ilishi noto‘g‘ri ekanligi mazmunida maqolalar e’lon etildi. Shu munosabat bilan maktab xarajatlari bo‘yicha smetalarini ochiq e’lon etib borish bo‘yicha ish boshlandi.

Asosiysi, maktab Kuzatuv kengashi a’zolari ushbu smetalarda ko‘rsatilgan mablag‘larning qanchaligi va nima uchun sarflanishini yaxshi tushunib olishi kerak. Shundagina haqiqiy holatga adolatli baho beriladi.

Ta’kidlash joizki, umumta’lim muassasalarini moliyalashtirish mamlakatimiz qonunchiligi doirasida byudjet mablag‘lari hisobidan amalga oshirilishi kerak. Har bir maktab yil davomida tasdiqlangan xarajatlar smetasi doirasida mablag‘ oladi. Mazkur mablag‘ning asosiy qismi maktab xodimlarining oylik ish haqi va u bilan bog‘liq to‘lovlariga yo‘naltiriladi. Mablag‘ning qolgan qismi esa kommunal hamda aloqa (telefon, internet) uchun to‘lovlar, maktabni joriy ta’mirlash (remont) uchun, qog‘oz, kanselyariya va xo‘jalik mollari, kompyuter texnikalari, kitoblar xaridi va boshqa turli tegishli xarajatlarga ajratiladi, bu kabi xarajatlar – Boshqa xarajatlar deb nomlanadi.

Maktab uchun zarur bo‘lgan qurilish materiallari smetaning “tovar-moddiy zaxiralar” bandida ajratilgan mablag‘dan olinishi mumkin, shuningdek ushbu band doirasidagi mablag‘lardan kanselyariya va xo‘jalik mollari ham olinadi.

Misol uchun, Toshkent viloyati, Olmaliq shahridagi maktablarni olsak, tovar-moddiy zaxiralar uchun 2 mln.dan 11 mln. so‘mgacha mablag‘ ajratilgan, shu bilan birga umuman bu maqsadlarga pul ajratilmagan maktablar ham mavjud.

Maktablarga byudjetdan yetarlicha mablag‘ ajratilgan, deb ta’kidlayotganlar uchun smeta xarajatlarini soddaroq ko‘rsatadigan bo‘lsak, byudjetdan maktab uchun qurilish materiallari (kraska, emulsiya, shpatlevka va h.k.), kanselyariya va xo‘jalik mollarini xarid qilish uchun Olmaliq shahridagi bir o‘quvchiga yiliga o‘rtacha 4 ming so‘m, oyiga 348 so‘m to‘g‘ri kelar ekan. Bir sinfda o‘rtacha 35 ta o‘quvchi bo‘lsa, oyiga 12 ming so‘mga qanchalik sinfni ta’mirlab, kerakli jihoz va tovarlarni xarid qilsa bo‘ladi?

Bir o‘quvchiga o‘rtacha qog‘oz uchun yiliga 494 so‘m, oyiga – 41 so‘m ajratilar ekan, ya’ni bir sinfga yiliga 15 ming so‘m, oyiga esa 1 200 so‘m to‘g‘ri kelarkan. Bu summaga qancha (hozirda bir pachka qog‘ozni o‘rtacha narxi 32 ming so‘m) pachka qog‘oz xarid qilsa bo‘ladi? Mazkur ajratilgan mablag‘ nafaqat ta’lim, balki maktab ma’muriyati ishini tashkil etishga yetarmikin?

Shu bilan birga, maktabning joriy ta’mirlash ishlari (kuz-qish mavsumiga maktabni tayyorlash)ga ham mablag‘ ajratiladi. Olmaliq shahrida joylashgan maktablar uchun 765 mln. so‘m ajratilgan, lekin 320 mln. so‘m mablag‘ “Obod qishloq, obod mahalla” dasturiga yo‘naltirilgan. Shunda qolgan 445 mln. so‘m mablag‘ni tahlil qilsak, bir o‘quvchiga o‘rtacha yiliga 18 ming so‘m, oyiga – 1,5 ming so‘m ajratilar ekan. Ya’ni, bir sinfga o‘rtacha yiliga 575 ming so‘m, oyiga esa 47 ming so‘m to‘g‘ri keladi.

Lekin Olmaliq shahri 445 mln. so‘mning hammasini (majbur) faqat bitta maktabga ajratgan. Bunga shahardagi 15-maktabning tomidan chakki o‘tgani, isitish tizimi umuman ishlamasligi va ta’lim-tarbiya jarayonini ayanchli ahvol holatga kelgani sabab bo‘lgan. Olmaliq shahri maktablariga jami byudjetdan ajratilgan mablag‘lardan 95,5 foizi xodimlarning ish haqi va u bilan bog‘liq xarajatlarning 2 foizi – kommunal va qolgan 2,5 foizi esa boshqa (joriy ta’mirlash, kanselyariya va xo‘jalik mollarini xarid qilish, qog‘oz, kutubxona fondi, telefon va internet xarajatlari, jihozlash va h.q.) xarajatlarni tashkil etadi.

Ajratilgan mablag‘ni maktab ma’muriyati muassasalarni joriy ta’mirlash va obodonlashtirish ishlari hamda muassasani yangi o‘quv yiliga, kuz-qish mavsumiga tayyorlash ishlariga sarflashlari lozim. Albatta, bu mablag‘lar maktablarni to‘liq va sifatli ta’mirlashga yetarli emas. Shu tufayli maktab rahbariyati yillar davomida pul yig‘ishga majbur bo‘lgan.

Hozirda Xalq ta’limi vazirligi tomonidan mazkur holatni bartaraf etish uchun maktablar tizimini moliyalashtirish va qo‘shimcha mablag‘ topish bo‘yicha qator ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, maktablarda “vaucher” tizimini (bola boshiga moliyalashtirish) joriy etish rejalashtirilmoqda. Bu tizimga asosan maktablarga o‘quvchilar soniga qarab byudjetdan mablag‘ ajratilishi ko‘zda tutilgan. Shuningdek, Respublika bo‘yicha byudjet mablag‘lari adolatli va shaffof taqsimlanib, byudjetdan ajratilgan mablag‘lar doirasida amalga oshiriladi.

Shu bilan birga, maktablarning moddiy-texnik bazasini yaxshilash uchun pullik xizmat (bo‘sh joylarni ijaraga berish, pullik to‘garak)lar tashkil etish imkoniyatlari yaratiladi. Maktablarga qo‘shimcha mablag‘ topgan holda xodimlarni rag‘batlantirish va maktabning moddiy-texnika bazasini yaxshilash imkoni berildi.

Maktablarga qo‘shimcha mablag‘ topishning yana bir yo‘li homiylarni jalb etishdir. Homiylar turli korxonalar, sobiq bitiruvchilar, o‘quvchilarning ota-onalaridan iborat bo‘lishi mumkin.

Homiylik ixtiyoriy tarzda va qonuniy tashkil etilishi lozim. Ya’ni, pul mablag‘lari maktab hisobiga tushishi va homiylar mablag‘larni sarflanishi bo‘yicha ma’lumotni olishlari uchun sharoit yaratilishi kerak.

Byudjetdan va qo‘shimcha ishlab topilgan mablag‘larni samarali va maqsadli sarflanishi nazoratida maktablarda tashkil etilgan Kuzatuv kengashlari va ota-onalarning o‘rni katta. Ota-onalar Kuzatuv kengashi orqali mablag‘larning sarflanishi ustidan jamoatchilik nazoratini o‘rnatishda ko‘mak berishlari lozim.

Xalq ta’limi vazirligi
Axborot xizmati
.