Maktablardagi yozilmagan qonunlarga qachon chek qo‘yiladi?
(«Bugunning o‘qituvchisi. Biz uning saviyasidan nega qoniqmayapmiz?», (zarnews.uz, 30 aprel, «Zarafshon», 2019 yil, 30 aprel, 54-55 qo‘shma son)
***
Ustozning “Bugunning o‘qituvchisining saviyasidan nega qoniqmayapmiz?”, degan savoliga bugungi kun qishloq maktablari va ularning bugungi kundagi ahvoli, o‘qituvchilarning “Sen menga tegma, men senga tegmayman” qabilida ish olib borayotganligi sabab ekani eng og‘riqli nuqtamizdir.
S.Usmonovning “Bunday holat yuzaga kelishiga o‘z kasbini jondan sevib, uni hayotining mazmuni, deb biladigan fidoyi o‘qituvchilarning kamayib ketgani, ko‘plab muallimlar o‘z ustida ishlamay qo‘ygani, o‘qituvchilik shunchaki ermakka aylantirib qo‘yilgani, ta’limning boshqaruv organlari va maktab rahbarlari tomonidan nazoratning bo‘shashtirib yuborilganligi sabab bo‘ldi, desak yanglishmaymiz”, degan fikrlari ayni haqiqat.
Bizning maktabda shunday yozilmagan qonun bor: Bola uyidan maktabga deb chiqdimi unga bir ball qo‘yiladi, maktab darvozasidan kirdimi, ikki ball qo‘yiladi, sinfga kirib darsimizda o‘tiribdimi, unga uch ball qo‘yiladi.
Aslida o‘sha uch bahoga loyiq ko‘rilgan o‘quvchi o‘zbek alifbosida nechta harf borligini biladi, xolos. Alifboni, hatto, unlini undoshga ajrata olmasa ham, albatta, uch baho qo‘yiladi. Bir amalini qilib maktabni bitirsa-yu, biz o‘sha o‘quvchidan qutulsak… Bu oddiy ko‘z yumib bo‘lmaydigan haqiqat. Ming afsuski, bugungi kun o‘quvchisining kitob o‘qishi, darslarda faol bo‘lmasa ham davomatni to‘ldirib turishi uchun uch qo‘yishimiz kerak.
Xo‘sh, o‘qituvchi bor mahoratini namoyon qilib dars o‘tishga harakat qiladi, ammo darsga qiziqmagan o‘quvchini har qanday mahorat bilan qiziqtirishga harakat qilsang-u, o‘sha o‘quvchida tarbiya shakllanmagan bo‘lsa-chi, unda nima qilish kerak? Tarbiya aslida oilada shakllanadi, maktab esa uni rivojlantiradi. Bunday holatda 10 nafar tarbiyasi shakllanmagan o‘quvchining 5-6 nafarigina talabga javob beradi, qolganlarida-chi?
Agar ularga salgina qattiq gapirib ko‘ring, yo ular “joniga qasd” qilishadi yoki umuman darsga kelmay, davomatni orqaga tortishadi. Yoki o‘qituvchining yoniga ota-onasini yetaklab keladi. Go‘yoki farzandi “avliyo-yu” biz o‘sha “avliyo”ni xafa qilib qo‘yganmiz. Bunday jarayonlarda maktab ma’muriyati ham o‘qituvchiga emas, o‘sha “avliyo”ning ota-onasi tomon yon bosishadi. Mana, bu muammo ham og‘riqli nuqtalarimizdan.
Shalola Botirova,
Kattaqo‘rg‘on tumanidagi 39-maktab o‘qituvchisi.
***
Ochig‘i, bu gapni kimdir, qachondir aytishi kerak edi. S.Usmonov mas’uliyatni gardaniga olib, bor holatni ochib berdi.
Ha, o‘rta maktabda o‘rtacha o‘qigan bola institutga kirdi. Oliygohda ham o‘rtamiyona o‘qigan talaba diplom olib maktabga ishga keldi. Shunga imkon yaratildi. Yashirmayman, bu holatdan fidoyi, bilimdon hamkasblarimizning dili o‘ksidi, vijdoni qiynaldi.
Endi aybni bir-birimizga tashlamasdan, faoliyatimizda tub burilish qilish choralarini ko‘raylik. Ayniqsa, boshlang‘ich sinf o‘qituvchilari mas’uliyatini ko‘proq oshirish lozim. Chunki boshlang‘ich sinfda yaxshi o‘qimagan bola keyingi sinflarda ham fanlarni yomon o‘zlashtiradi
K.Xushvaqtov,
Past Darg‘om tumanidagi 16-maktab o‘qituvchisi.