Maqsad muammoni hal etishmi yoki arizani yopishmi?

Jomboy tumani Ahmadjon Qurbonov mahallasining Rabg‘uziy ko‘chasi, 13-uyda yashovchi fuqarolardan O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi tuman kengashi “Adolat qabulxonasi”ga murojaat kelib tushdi. Unda qayd etilishicha, mazkur ko‘p qavatli turar joy 2018 yilning yoz oylarida kapital ta’mirlangan. Biroq aksariyat ishlar oxiriga yetkazilmagan. Buning oqibatida yog‘ingarchilik kunlari ikkinchi qavatdagi ba’zi uylarni suv bosyapti. Yangidan yopilgan tom sifatsiz qilingan.

Shuningdek, kredit mablag‘lari ko‘p hisoblangani ham ta’kidlangan. Haqiqiy ahvol bilan tanishish maqsadida, aytilgan manzilga bordik.

– Quruvchilar o‘tgan yil uyning tepa qismini ochib ketishdi, – deydi Orzugul Quvondiqova. – Yangi tom o‘rnatish uchun. Aksiga olib, bir hafta yomg‘ir tinmadi. Ish to‘xtab qolgach, ikkinchi qavatdagi uylarni suv bosdi. Devorlar zaxlab ketdi. Mayli, shunisiga ham chidadik. Tom yangilansa, ortiqcha e’tirozga o‘rin qolmasdi. Xo‘sh, endi-chi? Aprel oyida ikkita xonamdan yana suv o‘tib ketdi. Necha bor quruvchilarni chaqirdik, kelib, tuzatgandek bo‘lishadi. Ammo, vaziyat o‘sha-o‘sha.

Ikki qavatli mazkur turar-joyda 20 oila istiqomat qiladi. Uyning tom, fasad qismi kredit hisobiga ta’mirlab berilgan. To‘lov miqdori har bir oilaga 11 million so‘mdan tushyapti. Bu mablag‘ni ular o‘n yil davomida to‘lab borishi zarur. Lekin aholi bundan norozi. Aksariyati, to‘lashdan bosh tortgan. Qurilishdan ko‘ngli to‘lmayapti.

 – Fasad qismini yaxshilaymiz, rang beramiz, deb oddiy ohak ishlatishdi, – deydi Matluba Solihova. – Shuning o‘zi qirq million so‘m bo‘lar ekan. Nega buncha qimmat, degan savolga mutasaddilardan tayinli javob chiqmadi. Bizga qurilish yoki kredit shartnomasi ham ko‘rsatilmagan. Muammo faqat tomda emas. Ichimlik suvi o‘n yildan beri kelmaydi. Kanalizatsiya tarmog‘i allaqachon ishdan chiqqan. Tushunamiz, bu yer mahallaning biroz qarovsiz, chekka joyi. Shuning uchun ko‘zga tashlanmasa kerak. Lekin, yana qancha chidash mumkin, bu vaziyatga?

Darhaqiqat, xonadonlardagi holat ancha jiddiy. Yerto‘la chiqindixona vazifasini o‘tay boshlabdi. O‘tgan yili umumiy hojatxona qurib berilgan ekan. Ammo aholi undan foydalanmaydi. Bu yerda ham ta’mirlash ishlari oxiriga yetkazilmagan.

Tuman uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish bo‘limi mazkur masalaga qanday izoh berishi bilan qiziqdik.

– Tomdan suv o‘tayotgan bo‘lsa, quruvchi aybdor emas, – deydi tuman uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish bo‘limi boshlig‘i Mahmud Abdurahimov. – U yerdagi vaziyatni yaxshi bilaman. Ayb aholining o‘zida. Profnastilni teshib, o‘zboshimchalik bilan mo‘ri qurib olgan. Antenna o‘rnatgan. Endi tomchi o‘tmay nima qilsin? Bir safar murojaat qilishganda, borib yamab berdik. Yaqinda atrofini ham obodonlashtiramiz. Bu ishlar 2019 yilgi dasturga kiritilgan.

Ya’ni, mahalliy byudjetdan 73 million so‘m mablag‘ ajratilyapti. Davlat hisobidan bolalar maydonchasi qurib beriladi. Ichimlik suvini chiqarish, tungi yoritkichlar o‘rnatish ham rejalashtirilgan. Faqat yo‘lak masalasi hozircha, muammo bo‘lib turibdi. Aslida, uni ham o‘sha mablag‘ hisobidan qurish kerak edi. Lekin biroz mablag‘ yetmay qolishi mumkin. Yo‘lakni hashar yordamida bajaramiz. Shag‘al va sementni homiy tashkilot yetkazib bermoqchi. Qolgani aholining zimmasida. Tuman bandlikka ko‘maklashish markazi bilan shartnoma tuziladi. Kim ishlayman desa, jamoatchilik tartibida oylik maosh beriladi.

Biroq aholining fikri umuman boshqa. Ularni bu taklif jiddiy xavotirga solyapti. Chunki yo‘lak qurish, tashqi zinalarni ta’mirlash har kimning ishi emas. Bunga tajribali mutaxassis qo‘l urgani durust. Tomning sifatsiz yopilgani ularga katta saboq bo‘lgan...

Joriy yilning aprel oyidan boshlab, o‘sha uyda yashovchi aholidan majburiy badal undirilar ekan. Ya’ni, kredit qarzi bekor qilinadi. Aholi turar-joyning bir kvadrat metriga 1000 so‘mdan to‘lab boriladi. Bu mablag‘ yillik kapital ta’mirga ishlatiladi. O‘tgan oylarda to‘langan ortiqcha kredit summasi qaytarib berilishi mumkin. Yoki boshqa maqbul chorasi ko‘rilsa kerak. Bu hozircha, M.Abdurahimovning taxmini, albatta.

Tom masalasida esa qat’iy fikrni aytdi:

– Quruvchilar ikki kunning ichida tomni tuzatib berishadi. Bundan muammo yo‘q. Ish yakuni bilan tahririyatga yozma ma’lumot taqdim etamiz.

Va’daga binoan, o‘sha ma’lumotni kutdik va oldik ham.

Unda yozilishicha, Rabg‘uziy ko‘chasidagi ko‘p qavatli uyning holati bo‘lim mutaxassislari tomonidan o‘rganilgan. Pudratchi tashkilot suv o‘tayotgan joylarini ta’mirlab beribdi. Qolaversa, aholi bilan hashar o‘tkazib, atrofni obodonlashtirishga kelishib olishganmish.

Demak, muammo hal. Ko‘pchilikni qiynab kelayotgan teshik tom yamalibdi.

Ammo...

– Hech kim kelib, tomni ta’mirlagani yo‘q, – deydi O.Quvondiqova. – Uchrashuv o‘tkazilgani ham yolg‘on. Kredit to‘lash sharti bekor qilingan bo‘lsa, nega biz xabardor qilinmadik? Majburiy badal masalasida aholini xabardor qilish, maslahatlashish kerak emasmidi. 

Bundan ko‘rinadiki, tahririyatga berilgan ma’lumot shunchaki quruq gap. Yolg‘on xabar bo‘lib chiqyapti. 

Xullas, sifatsiz yopilgan tom masalasi yana ochiq qolmoqda. Umumiy hojatxonaning qurilishi oxiriga yetkazilmagan. Kredit, majburiy badal to‘lovidagi chalkashliklar ham barham etilmagan.

Savol tug‘iladi. E’tirozga sabab bo‘layotgan qurilish shartnomasi, smeta hujjatlari kimning qo‘lida? Nega iste’molchilardan sir tutilyapti? 

Tuman uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish bo‘limi bu bilan nimaga erishmoqchi?

Oldinda issiq kunlar. Yomg‘ir yog‘masa, chala yopilgan tomning aybi ochilmaydi. Kuzgacha hali qancha vaqt bor. Bolta tushguncha, kunda dam olsin, deganimi bu? Yo‘qsa, tahririyat va aholini aldashdan muddao nima? 

Sirasini aytsak, murojaatni "yopish" ilinjida yolg‘on-yashiq axborotlarni rasmiy xat vaji bilan taqdim etish holatlari afsuski, kamaymayapti. Xo‘sh, bunga qonunlarimiz nima deydi?

Matbuot orqali yolg‘on axborot tarqatishga urinish javobgarlikka sabab bo‘lishini bu mas’ullarga kim tushuntiradi?

Sherzod Isoqulov.