Maqsadsiz kreditlar hajmi bir oyda 10 barobar ortgan
Bu haqda Markaziy bank Samarqand viloyat bosh boshqarmasi boshlig‘iOtabek Azimov ma’lumotida qayd etildi.
O.Azimovga ko‘ra, Prezidentimizning 2021 yil 20 dekabrdagi “Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish va aholining daromad manbaini kengaytirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga asosan, 2022 yil 1 martdan dasturlar bo‘yicha kreditlar to‘liq raqamlashgan holda oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlarining yagona elektron platformasi orqali ajratilmoqda.
Hokim yordamchilari o‘zlariga biriktirilgan mahallada dasturlar doirasida ajratilgan kreditlardan maqsadli foydalanilishini va ularning samaradorligini monitoring qilib boradi. Mazkur qarorga muvofiq, oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari doirasidagi loyihalarni moliyalashtirish uchun 2022 yilda 900 milliard so‘m imtiyozli kredit ajratiladi.
2022 yilning o‘tgan davrida parrandachilik, baliqchilik, quyonchilik, asalarichilik, chorvachilik, bog‘dorchilik, issiqxonachilik xizmatlar sohasi, tikuvchilik, hunarmandchilik va ishlab chiqarish yo‘nalishidagi 10 ming 655 loyihaga jami 285 milliard so‘m imtiyozli kredit ajratildi.
Mahallalarda oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirishda yoshlar va xotin-qizlarning bandligini ta’minlashga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. Xususan, yuqorida sanab o‘tilgan yo‘nalishlarda 4919 nafar xotin-qizga 109,9 milliard so‘m hamda 4438 nafar yoshga 109,5 millliard so‘m imtiyozli kredit ajratilgan. Kreditlar ustuvor ravishda "daftar"larga kiritilgan fuqarolar bandligini ta’minlash va daromadga ega bo‘lishi uchun berilmoqda.
Hududlarda “mahallabay” ishlash tizimi orqali “og‘ir” mahallalarni ijtimoiy-iktisodiy rivojlantirish, aholining daromad manbalarini ko‘paytirish va ishsizlikni bartaraf etish maqsadida ushbu mahallalarga biriktirilgan tadbirkorlarning 51 ta loyihasiga 52,7 milliard so‘m imtiyozli kredit ajratildi.
Markaziy bank viloyat bosh boshqarmasi tomonidan ajratilgan imtiyozli kreditlardan samarali foydalanish va kredit mablag‘larining maqsadli sarflanishi ustidan monitoringlar ham o‘tkazildi. Jumladan, 2021 yil noyabr, dekabr oylarida Past Darg‘om tumani, 2022 yil aprel oyida Nurobod tumanida tanlov asosida 2690 mijozga ajratilgan 84,1 milliard so‘mlik imtiyozli kreditlar monitoring qilindi. Unda 291 mijozga ajratilgan 7049 million so‘mlik, shundan, Past Darg‘om tumanida 6510 million so‘mlik, Nurobod tumanida 540 million so‘mlik imtiyozli kreditlar maqsadsiz sarflangani aniqlangan.
Shuningdek, oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish davlat dasturlari doirasida joriy yilning mart oyida 2897 ta loyihaga ajratilgan 87,1 milliard so‘mlik loyihalar ham tijorat banklari tomonidan tanlov asosida monitoringdan o‘tkazildi. O‘rganishlarga ko‘ra, 29 loyihaga ajratilgan 834 million so‘mlik imtiyozli kreditdan maqsadsiz foydalanilgan.
Jumladan, Ishtixon tumanida 8 ta (256 million so‘m), Past Darg‘omda 4 ta (94,5 million so‘m), Paxtachida 3 ta (96,5 million so‘m), Samarqand shahrida 3 ta (75,9 million so‘m), Kattaqo‘rg‘on tumanida 2 ta (65,6 million so‘m), Payariqda 2 ta (65,6 million so‘m), Toyloqda 2 ta (66 million so‘m), Urgutda 2 ta (50 million so‘m), Bulung‘urda 1 ta (20 million so‘m), Oqdaryoda 1 ta (26,1 million so‘m), Kattaqo‘rg‘on shahrida 1 ta (18 million so‘m) kreditlar maqsadsiz sarflangan.
Ushbu maqsadsiz sarflangan kreditlarning 528 million so‘mi “Agrobank”, 190 million so‘mi Xalq banki hamda 117 million so‘mi “Mikrokreditbank” filiallari tomonidan ajratilgan kreditlar xissasiga to‘g‘ri keladi.
Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish davlat dasturlari doirasida aprel oyida ajratilgan kreditlar tanlov asosida monitoringdan o‘tkazilganda, 303 sub’yektga ajratilgan 8,9 milliard so‘m kredit maqsadsiz sarflangani aniqlandi. Achinarlisi, maqsadsiz sarflangan imtiyozli kreditlar ayrim tumanlarda aprel oyida mart oyiga nisbatan deyarli 10 barobarga oshgan.
Jumladan, Urgutda 58 ta (1,8 milliard so‘m), Qo‘shrabotda 47 ta (1,5 milliard so‘m), Kattaqo‘rg‘on tumanida 58 ta (1,8 milliard so‘m), Payariqda 23 ta (675 million so‘m), Oqdaryoda 21 ta (658 million so‘m), Ishtixonda 20 ta (578 million so‘m), Samarqand shahrida 12 ta (362 million.so‘m), Nurobodda 12 ta (356 million so‘m) kredit mablag‘i maqsadsiz sarflangan.