Marat Bikmayev “Dinamo” bilan shartnoma imzoladi
Superliga 2-davrasiga tayyorgarlik olib borayotgan “Dinamo” klubi bugun, 19 iyul kuni o‘zbekistonlik nomdor hujumchi Marat Bikmayev bilan shartnoma imzoladi.
Bu haqda klub axborot xizmati xabar berdi. Unga ko‘ra, O‘zbekiston milliy terma jamoasining sobiq a’zosi, 36 yoshli forvard mavsum yakuniga qadar jamoamiz sharafini himoya qiladi.
Marat Bikmayev so‘nggi yillarda Toshkentning «Lokomotiv» va «Paxtakor» klublari sharafini himoya qilib, O‘zbekiston chempioni, kubogi va superkubogi sohibi bo‘lgan. Joriy mavsumning dastlabki qismini esa Jizzaxning «So‘g‘diyona» klubi safida o‘tkazib, OFK kubogida maydonga tushgan.
Hujumchi ayni paytda Toshkentda Superliganing ikkinchi davrasiga tayyorgarlik ko‘rayotgan “Dinamo” jamoasi mashg‘ulotlariga qo‘shildi.
Shuningdek, «Dinamo» Samarqand futboli tarbiyalanuvchisi, jamoaning sobiq o‘yinchisi Erkin Boydullayevni ham klubga qaytardi. Klub rahbariyati tajribali yarimhimoyachiga ishonch bildirib, 2023 yilning oxiriga qadar 1,5 yillik shartnoma imzoladi.
2011 yilda «Dinamo»ni tark etgan Erkin Boydullayev o‘tgan yillar davomida «Nasaf», "AGMK" va «Qizilqum» klublari sharafini himoya qilib, jamoasining yetakchisiga aylana olgandi. Avvalgi mavsumlarda Navoiy klubi sardori bo‘lgan 37 yoshli yarimhimoyachi «Dinamo» safiga erkin agent sifatida qo‘shildi.
P/s: "Dinamo" Superliganing birinchi davrasini so‘nggi o‘rin bilan yakunladi. Bikmayev va Boydullayev jamoani "qutqara oladi"mikan? Gap shunda!