Mars va Yerda yil fasllari bir xilda kechadi. Lekin Mars yili taxminan ikki Yer yiliga teng

1. NASA tomonidan Oyga uchirilgan kosmik kemalar (Oyga qo‘ngan astronavtlar) tomonidan unda qoldirilgan 4 ta seysmograflar dastlabki 5 yil ichida Oyda 28 marta silkinishlar bo‘lganligidan darak bergan. Yerda bo‘ladigan yer silkinishlaridan farqli o‘laroq, Oy silkinishlari unda suvning yo‘qligi tufayli Yerdagi silkinishlarga nisbatan ancha uzoq vaqt (hatto bir soatgacha) davom etishi mumkin ekan. Masalan, Rixter shkalasi bo‘yicha 5,5 ballik Yer silkinishi 2 daqiqagacha davom etsa, Oyda bunday silkinish 10 minutgacha davom etadi.

2. Okeanlarda suvning ko‘tarilishi va pasayishi Quyosh va Oyning gravitatsiya kuchlarining okean suviga va Yerga ta’siri natijasi hisoblanadi. Quyoshning massasi Oyning massasidan ancha katta bo‘lishiga qaramasdan, Yer bilan Oy o‘rtasidagi masofa Yer va Quyosh o‘rtasidagi masofadan 400 marta kichik bo‘lgani sabab Quyoshning okean suviga ta’siri Oyning ta’siriga nisbatan 2,17 marta kichik bo‘ladi.

Oy–Yer va Oy-okean suvi sathi o‘rtalaridagi masofa biroz bir-birlaridan farq qiladi. Okeandagi suv bilan Oy orasidagi masofa Yer va Oy orasidagi masofadan qisqaroq bo‘lgani uchun Oy Yerga qaraganda suvni kuchliroq tortadi. Natijada Oyga eng yaqin turgan okean suvi tomoni ko‘proq tortilib, suv sferik shakldan tuxumsimon shaklga keladi. Ayni vaqtda okean suvining qarama-qarshi tarafidagi suv kam tortilganidan va Yerning ham Oy tomon biroz tortilganidan okeanning bu tomonidagi suvi orqada qolib, u ham tuxumsimon shaklga keladi. Demak, okean suvining Oyga eng yaqin va eng uzoq tomonlarida suv ko‘tariladi. Bu yo‘nalishga tik bo‘lgan tomonlarda suv pasayadi. Suv 6 soat 13 minut davomida ko‘tariladi va shuncha vaqt davomida pasayadi. Bu hodisa har 12 soat 25 minutda takrorlanib turadi. Eng katta ko‘tarilishlar Kanadaning sharqida Fundi qo‘ltig‘ida kuzatiladi. Bu yerda Atlantika okeani sathi 16 metrgacha ko‘tariladi. Rossiyada eng katta ko‘tarilishlar Oxota dengizida (11 metrgacha), Murmansk yaqinida (6 metrgacha), Kola yarimoroli qirg‘og‘ida (8 metrgacha) kuzatiladi. Suvning ko‘tarilish va pasayishi ta’sirida atmosfera bosimi ham sutka va oy davomida sezilarli darajada o‘zgarib turadi.

3. Mars va Yer o‘zining aylanish o‘qlari ekvatorial tekisliklariga nisbatan deyarli bir xil burchak ostida og‘gan bo‘ladi. Shu boisdan ularda yil fasllari bir xilda kechadi. Lekin Mars yili taxminan ikki Yer yiliga teng bo‘lgani uchun Marsning fasllari Yer fasllariga nisbatan ikki marta uzoqroq davom etadi. Masalan, Marsning shimoliy yarim sharida bahor 199 kun, yoz 182 kun, kuz 146 kun va qish 160 kun davom etadi.

4. Mars atmosferasining tarkibini 95 foiz karbonat angidrid gazi, 3 foiz azot va 1,6 foiz argon tashkil etadi. Uning sirtida kislorod va suv izlari ham topilgan. Ayrim olimlarning fikricha, unda metan izlari ham mavjud. Bu Marsda hayot bo‘lishi mumkin, degan fikrning paydo bo‘lishiga olib keladi. Chunki metan ko‘pincha hayvonlar tomonidan yuzaga keltiriladi. Boshqa olimlar esa metan Marsda bo‘lishi mumkin bo‘lgan zaytun minerallari tomonidan ham hosil bo‘lishi mumkin, deb hisoblaydi.

5. Oyning atmosferasi va magnit maydonining yo‘qligi u tomon uchayotgan yoki uning sirtida faoliyat olib borayotgan astronavtlar uchun o‘ta xavfli hisoblanadi. Ular katta dozadagi radiatsion nurlanishni olishi va qon kasalligiga uchrashi mumkin. Birinchidan, astronavtlar Oy tomon uchib borayotganida Yerning radiatsion belbog‘larini bir necha bor kesib o‘tib, ma’lum miqdordagi radiatsiyani olishadi. Ikkinchidan, Oyda atmosfera yo‘qligidan Quyoshdan kelayotgan radiatsiya bemalol Oy yuzasiga kirib boradi. Amerikalik astronavtlar Oyda bo‘lganlarida, ularning baxtiga, Quyoshning protonli faolligi sodir bo‘lmagan (bunday faollik 11-12 yilda 1-2 marta sodir bo‘ladi va juda katta energiyalik protonlar oqimi Quyoshdan uzilib chiqadi).

Amerikalik astronavtlarning sog‘lig‘i ustida o‘tkazilgan tajribalar astronavtlar ko‘z gavharining biroz qorong‘ilashganliklari, kataraktning va onkologik kasalliklarning yuzaga kelish xavfining paydo bo‘lganligini ko‘rsatgan.

Ma’lumot uchun, radiatsiya manbalari bilan ishlamaydigan Yerda yashovchi har bir inson har yili kosmosdan kelayotgan radiatsiyani 1 millizivert (mZv) miqdorida qabul qilsa, atom elektrostansiyasi (AES)da ishlovchi har bir mutaxassis 20 mZv miqdorda (bu ruxsat etilgan chegara), xalqaro kosmik stansiyadagi kosmonavt esa har kuni 0,5-0,7 mZv miqdoridagi radiatsiyani qabul qilar ekan.

Tayyorlovchi: Ortiq PARDAYeV, SamDU professori.