Mas’ullar hisoboti deputatlar takliflari bilan to‘ldirildi
Xalq deputatlari viloyat Kengashining sakson to‘rtinchi sessiyasi bo‘lib o‘tdi.
Sessiya ishini Kengash kotibiyati mudiri Z.Karimov boshqardi.
Kun tartibiga ko‘ra, dastlab viloyat ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘ining o‘rinbosari – jamoat xavfsizligi xizmati boshlig‘i X.Umarovning 2023 yil I chorak davomida viloyatda jamoat xavfsizligini ta’minlash borasidagi ishlar yuzasidan hisoboti eshitildi.
Ta’kidlanishicha, 2023 yilning o‘tgan 1 choragi davomida viloyat hududidagi 1126 ta mahallaning 861 tasida jinoyat sodir etilmadi. Barcha sohalar bo‘yicha qayd qilingan jinoyatlar soni 100 ming aholiga nisbatan viloyat bo‘yicha 43 tani tashkil etib, respublikada ijobiyligi jihatidan 5-o‘rinda qayd etildi. Viloyat IIBning malakali rahbar va xodimlaridan iborat “Amaliy yordam ko‘rsatish guruhlari” tomonidan “qizil” toifadagi mahallalarda jinoyatchilikni jilovlash bo‘yicha olib borilgan ishlar natijasida 44 mingta turli ko‘rinishdagi huquqbuzarliklar aniqlanib, ularga nisbatan ma’muriy choralar ko‘rildi.
Tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlangan 397 nafar (2022 yilning shu davrida 700 nafar) ayollarga “himoya orderi” berilib, zo‘ravonlik sodir etgan shaxslar ustidan nazorat o‘rnatildi. Zo‘ravonlikka uchragan xotin-qizlarning 2 nafarini voyaga yetmaganlar, 139 nafarini 18-30 yoshlilar tashkil etgan.
Voyaga yetmaganlar o‘rtasida jinoyat va huquqbuzarliklarning oldini olish maqsadida o‘tkazilgan tadbirlar davomida 1292 ta holat aniqlanib, mas’ul shaxslar va ota-onalarga ma’muriy choralar ko‘rildi.
Amalga oshirilgan ishlar natijasida o‘tgan yilning shu davriga nisbatan qotillik jinoyati 10 foizga, nomusga tegish 25 foizga, talonchilik 30 foizga, bosqinchilik 66 foizga, bezorilik 5,6 foizga, o‘rtacha og‘ir tan jarohati yetkazish 27 foizga, yengil tan jarohati yetkazish 5,2 foizga, avtoulovni olib qochish 67 foizga, o‘lim bilan bog‘liq yo‘l-transport hodisalari 18,6 foizga kamaydi.
Shuningdek, xotin-qizlar tomonidan sodir etilgan jinoyatlar 110 tadan 75 taga, voyaga yetmaganlar jinoyati 21 tadan 20 taga, muqaddam sudlanganlar tomonidan sodir etilgan jinoyatlar 141 tadan 61 taga kamayishiga erishildi.
Biroq viloyat hududida umumiy jinoyatlar 16 foizga (1530-1771), uncha og‘ir bo‘lmagan jinoyatlar 4 foizga (432-450), og‘ir turdagi jinoyatlar 45 foizga (312-454) oshgan.
Bundan tashqari, o‘g‘irlik, firibgarlik jinoyatlari ham ko‘payishiga yo‘l qo‘yilgan.
Hisobot mas’ullar va deputatlar tomonidan atroflicha muhokama qilinib, jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olishda har bir sektor hamda boshqa mutasaddi davlat organlari rahbarlarining shaxsiy mas’uliyatini oshirish, bu borada jamoatchilik imkoniyatlaridan keng foydalanish, joylarda kuzatuv kameralari o‘rnatish yuzasidan taklif va tavsiyalar bildirildi.
Shundan so‘ng, Majburiy ijro byurosi viloyat boshqarmasining 2022 yildagi faoliyati yuzasidan boshqarma boshlig‘i S.Jabborov hisobot berdi.
Hisobotda keltirilishicha, boshqarma va tuman, shahar bo‘limlari tomonidan o‘tgan yil 6,5 trillion so‘mlik 541 ming 717 ta ijro hujjati yuzasidan amalga oshirilgan majburiy ijro tadbirlari natijasida 4,6 trillion so‘mlik 368 ming 971 ta ijro hujjati yuzasidan yakuniy qarorlar qabul qilingan. Ular bo‘yicha amalda 2,4 trillion so‘mdan ortiq mablag‘ undirilgan.
2022 yil davomida ijtimoiy daftarlarga 45,7 milliard so‘m mablag‘lar o‘tkazib berilgan.
Boshqarma boshlig‘i tizimda ko‘rilayotgan ijro hujjatlari soni ko‘pligi, aliment undirish bilan bog‘liq ijro ishlarida qarzdorliklar kattaligiga e’tibor qaratdi.
Jumladan, joriy yilning 1 yanvar holatida aliment to‘lovlarini undirish bilan bog‘liq ijro hujjatlari 35500 dan ortiqni tashkil qilgan. O‘tgan yil aliment to‘lovchi qarzdorlardan 141,7 milliard so‘mdan ortiq aliment pullari undirib berilgan. Shu bilan birga aliment to‘lovlarini to‘lashdan muntazam ravishda bo‘yin tovlab kelgan 1100 nafar qarzdorlar ma’muriy, 139 nafari jinoiy javobgarlikka tortilgan.
Bugungi kunda boshqarma organlari ish yurituvidagi aliment va moddiy ta’minot undirish bilan bog‘liq ijro hujjatlari bo‘yicha aliment to‘lovchi qarzdorlarning 30 ming 833 nafari (86 foizi) ishsiz qarzdorlarni tashkil qiladi. Oqibatda 98 milliard so‘mdan ortiq aliment pullarini undirish imkoni bo‘lmayapti. Ushbu masala yuzasidan deputatlar o‘z takliflarini bildirib, aliment to‘lashdan bo‘yin tovlab kelayotgan shaxslarga nisbatan choralarni kuchaytirish zarurligini ta’kidladi.
Sessiya kun tartibiga muvofiq, viloyat hokimligi bolalarni himoya qilish masalalari kotibiyati mudiri Sh.Quvvatovning komissiyaning joriy yil birinchi chorakdagi faoliyati yuzasidan axboroti eshitildi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, 2023 yilning 1 yanvar holatida viloyatda 1 million 519 ming nafar bolalar (786 338 nafari o‘g‘il bolalar, 738 811 nafari qiz bolalar) mavjud. Ularning 4088 nafari vasiylik va homiylikda, 78 nafari O‘zbekiston “SOS bolalar mahallalari” uyushmasi Samarqand filialida, 51 nafari 9 ta oilaviy mehribonlik uylarida, 46 nafari viloyat bolalar uyida, 41 nafari 28 ta patronat oilada tarbiyalanmoqda.
Bugungi kunda viloyatda 627 nafar bola “Mehr daftari” platformasiga kiritilib, ularga zarur yordam ko‘rsatib kelinmoqda. Jumladan, 576 nafar bolaning orzu-istaklari o‘rganilib, ularga 224 ta noutbuk, 42 ta planshet, 47 dona telefon, 22 jamlanma sport anjomlari, 52 ta velosiped, 96 ta mebel jihozlari, 73 ta tikuv mashinasi olib berildi. 2 nafar bolaning sog‘ligini tiklash uchun 18 million so‘m mablag‘ yo‘naltirildi.
O‘tgan yil viloyatdagi yetim va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan 36 nafar bola uy-joy bilan ta’minlandi. Bu yil esa 48 nafar bolani uy-joy bilan ta’minlash ko‘zda tutilgan.
Joriy yilning birinchi uch oyligi mobaynida viloyatda 98 nafar bola ota-onalarining notarial roziligi va sudning qaroriga asosan qarindoshlariga, 5 nafar yetim va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bola esa farzand asrab olish istagida bo‘lgan oilalarga farzandlikka berilgan.
Bundan tashqari, ishlash uchun chet davlatga ketgan ota-onalarning 580 nafar farzandlari hamda 51 nafar ota-ona qarmog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarga vasiylik va homiylik tayinlangan.
Sh.Quvvatov bolalar manfaatlarini himoya qilish yuzasidan bir qator takliflarni bildirdi va bu takliflar deputatlar tomonidan qo‘llab-quvvatlandi.
Sessiyada viloyat hokimi o‘rinbosarlarining 2023 yil I chorak faoliyati samaradorligi natijalari hamda 2023 yil II, III va IV choraklar uchun faoliyati samaradorligini baholashning asosiy mezonlarini tasdiqlash to‘g‘risidagi, viloyat mahalliy byudjetining qo‘shimcha manbalaridan foydalanish to‘g‘risidagi, jamoat ehtiyojlari uchun yer uchastkasini olib qo‘yish bo‘yicha taqdimot materiallarini ko‘rib chiqish va mulkdorlar bilan ochiq muhokama o‘tkazishga ruxsat berish to‘g‘risidagi, kichik va yoshlar sanoat zonasi hududlarini o‘zgartirish to‘g‘risidagi masalalar ham ko‘rib chiqildi.
Muhokama etilgan masalalar yuzasidan Kengashning qarorlari qabul qilindi.