Matbuot kotiblar “o‘qitildi”

Samarqand shahrida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan o‘tkazilgan o‘quv-seminarda asosan shu haqda so‘z yuritildi.

  “Axborot xizmatlari faoliyatiga oid nazariy va amaliy aspektlar” mavzuidagi seminarda Samarqand va Jizzax viloyatlaridagi davlat hokimiyati va boshqaruv organlari axborot xizmatlari xodimlari ishtirok etdi.

  Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi bo‘lim boshlig‘i J.Qudratov, agentlikning Samarqand va Jizzax viloyatlaridagi hududiy boshqarmalari rahbarlari mazkur seminarni tashkil etishdan ko‘zlangan maqsad va vazifalar haqida so‘z yuritdi. Prezidentimizning shu yil 27 iyunda qabul qilingan qaroriga ko‘ra, davlat organlari va tashkilotlari axborot xizmatlari faoliyatini rivojlantirish yuzasidan keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilayotganini ta’kidladi.

  Shundan so‘ng soha bo‘yicha malakali mutaxassislar, professor-o‘qituvchilar – Beruniy Alimov, Gulnora Nishonova, Gulmira Shukurova seminar ishtirokchilari uchun mahorat darslari o‘tdi. Axborot xizmatlarining asosiy maqsad va vazifalari, tashkilot imiji va uni boshqarish, mediarejalashtirish asoslari, jamoatchilik va OAV vakillari uchun tadbirlar tashkil etishning samarali uslublari, PR-matnlar tayyorlash qoidalari, matbuot anjumani, mediatur, brifinglar o‘tkazish va boshqa muhim masalalarga e’tibor qaratildi. Ishtirokchilar bilan amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazildi.