Sudlar tomonidan ekspertiza tayinlash hamda bu yo‘nalishda sud amaliyotida yuzaga kelayotgan muammolar nima?
Samarqand viloyati sudida X.Sulaymonova nomidagi respublika sud ekspertizasi markazi va hududiy bo‘limlariga sudlar tomonidan ekspertizalarning tayinlanishi hamda ushbu yo‘nalishda sud amaliyotida yuzaga kelayotgan muammolarni o‘rganish yuzasidan o‘quv-seminar tashkil etildi.
Seminar mashg‘uloti videoselektor tarzida tashkil etilib, viloyat, barcha shahar-tuman sudlari sudyalari ishtirok etdi.
Ta’kidlandiki, hayotda ijtimoiy va iqtisodiy munosabatlarning jadal rivojlanib borishi natijasida sudlar tomonidan hal etiladigan nizolarning turlari ham ko‘payib va murakkablashib bormoqda. Bu holat sudlar tomonidan jalb etilayotgan mutaxassislar hamda ekspertlar uchun muayyan qiyinchiliklar tug‘dirmoqda. Ekspertlar faoliyatida ham ilg‘or texnik vositalar va texnologiyalardan foydalanish, yangicha ishlash usullarini joriy etish, bilim va malakasini bugungi kun talabidan kelib chiqqan holda oshirib borish zaruratini yuzaga keltirmoqda.
O‘quv-seminardan ko‘zlangan maqsad sudlar tomonidan ekspertizalarning tayinlanishi hamda ushbu yuzasidan sud amaliyotida yuzaga kelayotgan muammolarni o‘rganish, ularni bartaraf etish choralarini ko‘rishga qaratildi. Chunki, sud ekspertizasi sudlar tomonidan odil sudlovni amalga oshirilishiga ko‘maklashadi, adolat o‘rnatishga hamda hayotiy haqiqatni tiklashga o‘zining hissasini qo‘shadi. Sud majlisida taraflar bergan bayonot, guvohlar bergan ko‘rsatmalar muhim o‘rin egallasa-da, sud ekspertizasi orqali aniqlangan dalillar ham o‘ziga xosligi, ishonchliligi, ob’yektivligi bilan ajralib turadi.
Tadbirda viloyat sudi sudyalari, respublika sud-tibbiy ekspertiza ilmiy amaliy markazi Samarqand filiali davlat sud ekspertlari seminar mavzusi bo‘yicha fikr-mulohaza va takliflarini bildirdi.
Viloyat sudi Jamoatchilik va OAV bilan aloqalar bo‘limi.