Zomin seminarida Markaziy Osiyoning turkiy tilli yosh ijodkorlari ham ishtirok etdi
Respublika yosh ijodkorlarining “Zomin qaldirg‘ochlari” seminari onlayn tarzda o‘tkazildi. Seminar masofaviy tarzda hamda Markaziy Osiyodagi turkiy tilli yosh ijodkorlar, adabiyot ixlosmandlarini qamrab olgan holda uyushtirildi.
Zoom dasturi asosida tashkil etilgan seminarda Turkmaniston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Qozog‘iston, Ozarbayjon va Afg‘oniston respublikalari yoshlari ham ishtirok etdi.
Seminarda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi, xalq shoiri Sirojiddin Sayyid, Jizzax viloyati hokimi Ergash Soliyev, O‘zbekiston xalq shoirlari – Usmon Azim, Mahmud Toyirlar yoshlarni ijod bayrami bilan qizg‘in tabrikladi.
Yosh ijodkorlar seminarida samarqandlik yosh qalamkashlar ham qatnashdi.
Nazm yo‘nalishida Orifjon Komilov, Mavluda Boychayeva, nasr yo‘nalishida, bolalar adabiyoti bo‘yicha Tozagul Jumanova, badiiy publitsistika yo‘nalishida Abduhoshim Ziyotov, badiiy tarjima bo‘yicha Gulmira Sattorova ishtirok etib, seminarni uyushmaning viloyat bo‘limi binosi va o‘z uylarida kuzatishdi.
Ustoz adiblar tomonidan shu’balarda olib borilgan muloqotlarda samarqandlik ijodkorlarning ijodiy ishlari yuqori baholandi. Samarqand ijod maktabi e’tirof etildi. Shoira Zebo Mirzayeva, yozuvchi Ma’mura Zohidova bugun jo‘shqin ijod qilayotgan yoshlarimizdan Humoyun, Begali Eshonqulov, Alisher Sabriy, Kamola Musulmonova, Dadaxon Muhammadiyev, Feruza Xayrullayeva, Gulhayo Anorova kabilarning o‘ziga xos ovozi va qalami haqida ham to‘xtaldi.
Seminar ishtirokchilaridan nurobodlik shoira Mavluda Boychayevaning o‘ziga xos, milliy va xalqona she’rlari, tashbeh va obrazlariga alohida urg‘u berildi. Orifjon Komilovning ancha pishiq va falsafiy didaktik yo‘nalishdagi she’rlari munosib baholandi. Nasrning og‘ir va nozik jabhasi - bolalar adabiyoti yo‘nalishida o‘zini sinab kelayotgan payariqlik Tozagul Jumanovaning ertaklari jo‘shqin muhokama va e’tiroflarga sazovor bo‘ldi.
Yoshlar anjumani onlayn tarzda o‘tkazilgan bo‘lsa-da, yurtimiz hamda qardosh mamlakatlarning adabiyotsevar yoshlari faol ishtirok etdi, o‘zaro do‘stlashishdi.
G‘oliblar tez kunlarda aniq bo‘ladi va barcha qatnashchilar esdalik sovg‘alari bilan taqdirlanadi.
Toshpo‘lat TUGALOV,
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi Samarqand viloyat bo‘limi rahbari.