Mayda bezorilik nima? Bu huquqbuzarlik uchun qanday jazolar ko‘zda tutilgan?

Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, sudlar tomonidan ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rishda eng ko‘p qayd etilayotgan holatlardan biri jamoat tartibiga tajovuz qiluvchi huquqbuzarliklardir.

Bunday huquqbuzarliklar uchun javobgarlikning belgilanganligi O‘zbekiston Respublikasining qonun va boshqa me’yoriy-huquqiy hujjatlari asosida o‘rnatilgan yoki axloq me’yorlari bilan tartibga solingan jamiyatdagi yurish-turish qoidalari va ularning buzilishiga qaratilgan munosabatlarni ma’muriy va jinoiy tajovuzlardan himoya qiladi.

Mayda bezorilik, ya’ni jamoat joylarida uyatli so‘zlar bilan so‘kinish, fuqarolarga haqoratomuz shilqimlik qilish hamda jamoat tartibini va fuqarolarning osoyishtaligini buzuvchi kabi boshqa xatti-harakatlarda namoyon bo‘ladi. Bu huquqbuzarlik bazaviy hisoblash miqdorining uch baravaridan besh baravarigacha jarima solishga yoki o‘n besh sutkagacha muddatga ma’muriy qamoqqa olishga sabab bo‘ladi.

Mayda bezorilik - jamoat tartibiga qasd qilish demak. Jamoat tartibi – jamoat joylarida huquq normalarini saqlashga asoslangan munosabatlar bo‘lib, aybdorning xatti-harakati, jamiyatning, tevarak atrofdagi fuqarolarning manfaatlarini oshkora mensimaslikdan, madaniy saviyasining pastligidan, axloq-odobning mavjud qoidalarini nazar-pisand qilmaslikdan dalolat beradi.

Jamoat tartibi faqatgina huquqiy tomondan emas, balki boshqa ijtimoiy, ya’ni axloq urf-odat, jamoat tashkilotlarining me’yorlari bilan ham mustahkamlanadi. Bunda huquqiy jihat asosiy rol o‘ynaydi, chunki tartibni buzganlik uchun yuridik javobgarlikni, jazoning turi va darajasini shular belgilaydi.

Mayda bezorilik qasddan va ko‘pincha oshkora amalga oshirilishi bilan ham tavsiflanadi. Aybdor qonunga qarshi xatti-harakat qilayotganini tushunadi va shuning natijasida jamoat tartibi hamda fuqarolar osoyishtaligining buzilishiga yo‘l qo‘yadi. Mayda bezorilik gohida egri niyatni ko‘zlab amalga oshiriladi. Huquqbuzarlik sodir etish vaqti 16 yoshga to‘lgan shaxs mayda bezorilikning sub’yekti bo‘ladi.

Qonun hujjatlarida ma’muriy-jinoiy javobgarlik xususida so‘z borganda “jamoat joyi” atamasi juda ko‘p uchraydi. Ba’zi hollarda kishining o‘z xatti-harakatlari uchun javobgarlikka tortilish-tortilmasligini anglab yetishi mushkul bo‘ladi. Bizningcha, jamoat joyi deganda barcha fuqarolarning to‘siqsiz kirishlari, u yerda bo‘lishlari uchun ochiq bo‘lgan yoxud fuqarolarning turli ehtiyojlarini qondirish uchun mo‘ljallangan joydagi hududlar, xonalar, inshootlar, ularning qismlari, shuningdek aholiga xizmat ko‘rsatuvchi transport kommunikatsiyalari tushuniladi.

Tahliliy natijalarga ko‘ra, birgina jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand shahar sudida 2023 yil davomida 16078 shaxsga nisbatan 18406 ta ma’muriy ish (shundan, 2638 nafar erkak, 2201  nafar ayol), shuningdek, 2024 yil 10 oyi davomida 14998 shaxsga nisbatan, 13295 ta ma’muriy ish (shundan,  1945 nafar erkak, 1741 nafar ayol) ko‘rilgan.

Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, jamoat tartibiga tajovuz qiluvchi huquqbuzarliklarning oldini olish uchun huquqni muhofaza qiluvchi organlari bilan hamkorlikda profilaktik tadbirlarning samarali olib borilishi aynan shu toifadagi huquqbuzarliklarning kamayishiga xizmat qiladi.

Ilhom Qoraboyev,

Samarqand viloyati sudining sudyasi.