Men nega iqror bo‘lgandim?

(Oliy Majlisda referent bo‘lib ishlaydigan akaning munosabati bahonasida bitganim)

Siz iqror bo‘lmasangiz, ichingizdagini qarshingizdagi odam aslo bilmaydi. Nimanidir tan oldingizmi, demak pushaymonsiz. Ammo yaqindagi iqrorim («Deputatman, deyishga iymanaman...”) bilan shunchaki, vijdonimni yuvib olmoqchi emasdim.

Xo‘sh, unda nimani maqsad qilgandim?

Joriy yilda deputatlar navbatdagi muddatga saylanadi. Demak, navbatdagi saylovlarda ham muvaffaqiyat qozonib, deputat bo‘lmoqchidirman? Ammo unday emas. E’lon qilgan maqolamni Jomboy tumanining chekka bir qishlog‘ida meni saylagan odamlarning yuzdan biri o‘qigan bo‘lsa, ehtimol. Shunday ekan, bu “chiqishim” natija bermasligi ayon. Yana saylanishni istasam, o‘sha hududdagi aholining mehrini qozonishim, ishonchini oqlashim kerak, xolos. Buning uchun oldinda keraklicha vaqtim bor hali.

O‘zimni qahramon ko‘rsatmoqchi edimmi? Bu juda nozik savol. Shuning uchun o‘zimni yana qayta taftish qilib ko‘rdim. Yuragimga ikki kun quloq soldim.

Avvalo, aytganimdek o‘sha maqolani yozishga olti oydan kam tayyorlanmaganman. Tashqi emas, ichki jarayonni, ruhiyatimning tayyor bo‘lishini kutganman.

Birinchidan, o‘sha iqrornomani yozish men uchun og‘ir edi. Uyat va oriyat yukidan ezildim.

Ikkinchidan, maqola yozilgach, uni e’lon qilishni yana ikki kun o‘yladim. Bir necha bor faylni o‘chirib yuborishga harakat qildim.

Uchinchidan, iqror o‘qilgach, ta’na-dashnom, haqoratlar yomg‘iri yog‘ilishini aniq-tiniq his etdim.

Va bularning uchalasi ham sodir bo‘ldi. Buni allaqachon bo‘ynimga olib bo‘lgandim.

Maqsadim – mendan, mening deputatligimdan ancha katta. Bu maqomni mendan olinishidan foydaliroq, deb hisobladim.

Ya’ni, birinchi navbatda, men his qilgan tuyg‘ularni tuygan deputatlar boshqa shunchaki, qo‘l ko‘tarmasin. Bu toifalar ko‘p. (Maqola e’lon qilingach, ushbu illatlar haqida o‘zimga yozgan, gapirgan deputatlar bo‘ldi). Iymansin, uyalsin. Sessiyada uzoqroq qolib ketishdan og‘rinmasin. Kengash raisiga, sudyaga, prokurorga, IIB, soliq rahbariga majlisda savol bera olsin. E’tiroz qila olsin.

Qolaversa, soha tezroq isloh bo‘lsin.  

Oliy Majlis... men bu binoga ikki marta kirganman. Boshqa paytda bu binoga tashqaridan qaraganman, xolos.

IShONAMANKI, IChKARIDAGILAR ODDIY ODAMLAR EMAS. SARALANGANLAR. Va yana o‘ylashimcha, Oliy Majlisning qorovuli ham oddiy odam bo‘lmaydi...

Ijtimoiy tarmoqlarda bugun qonunchilik palatasi deputatlari, senatorlar ham faol. Feysbuk foydalanuvchilari ichida menga malomat qilganlar ko‘p bo‘ldi. Masalan, Oliy Majlisda referent bo‘lib ishlaydigan do‘stimiz Doniyorbek Erkinjonov (Buyuk O‘zbek O‘g‘loni). “...shunchalik iymanar ekansiz, marhamat, deputatlikni topshiring, bu majburiy emas, jon deb qabul qilishadi. Odamlarni chalg‘itmasdan saylovoldi tashviqot demaysizmi? Viloyat, kerak bo‘lsa Oliy Majlisga saylanmoqchiman demaysizmi? O‘zingizni yaralangan sherdek ko‘rsatibsizu! Antipiarga gap-so‘z yo‘q. Mana, deputatlarimiz sizdan o‘rnak olishi kerak. “Jonboy tongi” gazetasi shu statusingiz orqasida ancha tanildi, deputatlikdan foydalanishning bir usulida buyam. Ha, aytgandek, qaysi partiyadan saylangansiz?” deb yozdi.

Doniyorbek Erkinjonov, savollaringizga javob berishga harakat qilaman.

  1. Deputatlikni shaxsan topshirishim yoki qanday holatda muddatidan oldin chaqirib olinishim mumkinligini yaxshi bilaman (http://lex.uz/docs/436950). Anglaganingizdek, gap mening iymanishim va deputatlikdan ketishim haqida bormayapti.
  2. Saylovoldi tashviqotim emasligini yuqorida yozdim.
  3. Bilasiz, hozirgi kunda viloyat deputatligiga tuman deputatlaridan saralab olish tajribasi boshlangan. O‘z navbatida, viloyat deputatlarini Qonunchilik palatasiga. Siz yuqoridasiz, balki bexabardirsiz, tuman kengashida jon koyitib ishlash, o‘zini ko‘rsatish yoki ishlaganday ko‘rinish uncha qiyin emas. Siyosiy partiyalarning tumandagi vakillari aynan viloyatga “joni bor” nomzodlarni izlash bilan ovora. Oliy Majlisga kelsak, buning uchun siyosatni biroz erta boshlagan ma’qul. Kamida talabalikdan harakat qilinsa, maqsadga muvofiq. Masalan, sizdek. Ishoning, bu chiqish ortida viloyat yoki Qonunchilik palatasi ko‘zlanmagan.
  4. “Yaralangan sher”, “antipiar” – bu o‘zini hurmat qilgan odamga nisbatan ishlatilsa, haqorat, deb qabul qilaman. Siz menga bu atamalarni tatbiq etyapsiz.
  5. Bilasiz, Samarqandda “Jomboy” degan tuman bor, “Jonboy” emas.
  6. Menga juda botib ketgani, “gazetangiz shu chiqishingiz ortidan tanildi” deb yozdingiz. Iltimos, boshqa bunday demang. Buning uchun pastkash bo‘lishim kerak. (Gazetamizni sizga shaxsan tanishtirmoqchi emasman).
  7. Gapingiz oxirida “aytgandek, qaysi partiyadansiz?” debsiz. Bundayam nopisandlikni his qildim. O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasidan saylanganman.

Savollaringizga nazarimda javob bera oldim, deb hisoblayman.

Doniyorbek Erkinjonov, faqat birgina men malomat qilmagandimku, deb og‘rinmang. Siz deputatlarning kimligini, faoliyatini yaqindan tushungan odamsiz. Oliy Majlisga aloqangiz bor. Bu hazilakam dargoh emas. Shuning uchun sizning fikringizni misol qilib oldim.

Darvoqe, “Xushnudbek.uz” telegram kanali va feysbukdagi sahifamda yana qayta va qayta deputatlar kerak emas, ular tekinxo‘r, xalqni aldayapti kabi gaplar aytildi.

 

O‘ta shaxsiy fikrim. DEPUTATLAR BIZGA JUDA KERAK. Faqat qog‘ozlarda belgilab berilgan burch va mas’uliyatini anglagan deputatlar kerak. Deputatligidan iymanadigan, arzimasada, iymanishniyam bilmaydiganlar emas!

Nega? Masalan, ayni vaqtda Jomboy tumanining bir necha hududlarida daydi itlar tarqalgan. Aholi chorvasiga, o‘ziga zarar keltiryapti. Bu bo‘yicha tahririyatgayam bir necha bor murojaat bo‘ldi. Daydi itlarni tutish, hududlarni tozalash bo‘yicha tuman obodonlashtirish boshqarmasi hamda veterinariya bo‘limiga 2019 yil, 25 aprel kuni deputatlik so‘rovi chiqargandim. Mana, shungayam 17 kun bo‘ldi. Ular hozircha na deputatning so‘roviga javob qaytardi, na itlarni tutdi. Deputat so‘roviga javob 10 kun muddat ichida qaytarilishi kerak. (“Halq deputatlari viloyat, tuman va shahar kengashi deputatining maqomi tug‘risida”gi qonunning 8-moddasi, 2-bandiga ko‘ra “Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining mansabdor shaxslari deputat so‘roviga javobni deputatga mazkur so‘rov olingan kundan e’tiboran o‘n kundan kechiktirmay yuboradilar” deb qayd etilgan).

Xo‘p, bu tashkilotlar nega so‘rovni pisand qilmadi? Va men deputat sifatida nima qila olaman bunday vaziyatda?

“O‘zbekiston respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksi”ning 193-moddasida deputat, senator so‘rovini ko‘rib chiqmasdan qoldirish yoki ularni ko‘rib chiqish muddatlarini uzrli sabablarsiz buzish yoxud ular yuzasidan bila turib noto‘g‘ri ma’lumotlarni qasddan taqdim etish mansabdor shaxslarga eng kam ish haqining uch baravaridan yetti baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi, deb ko‘rsatilgan.

Nazarimda, bu jarima miqdorini ko‘tarish kerak. Chunki buni yo‘l harakati qoidasini buzgan haydovchining jarimasi bilan solishtirganda, bu miqdor ancha past. Harqalay, deputat so‘rovi ham ko‘ngilxushlik uchun chiqarilmaydi!

Faraz qilaylik, deputat ishlasa, xalqning vakili sifatida bu kabi minglab muammolarni hal etishi, mas’ullarni qo‘zg‘ashi mumkin.

Xullas, hamma gap faqat deputatda emas!

Isomiddin PO‘LATOV,

Xalq deputatlari Jomboy

tuman kengashi deputati.