“Men rahbarlik qilayotgan tizimda korrupsiya yo‘q!”

 Shunday gapni qachon eshitamiz?

Qarindoshlarimizdan biri kattaroq qarz so‘rab yurganini eshitib, biror muammosi bormikan, deb qiziqib ko‘rdim. Bilsam, o‘g‘li bir tashkilotga ishga kirishi uchun pul lozim.

Umuman, bunday gap-so‘zlarni eshitib yuribmiz, hech kim bundan hayratlanmaydi.

Yaqinda bir maktabda uchta o‘zi yo‘q xodim “ishlab yurgani”, o‘qimayotgan o‘quvchilar “tahsil olayotgani” ma’lum bo‘ldi. Bunday holatlar bir emas, bir nechta ta’lim muassasalarida sodir bo‘lmoqda. Rostdan ham korrupsiyani yo‘qotish shunchalik qiyinmi? Uni kamaytirish borasidagi ishlar yetarli samara beryaptimi? Odamlarda korrupsiyasiz ham muvaffaqiyatga erishish mumkin, degan tushuncha qachon shakllanadi? Boshqa davlatlar bu illatning oldini olish uchun qaysi usullardan foydalangan?

 

Bitta maktabda 587 million so‘m talon-torojlik?!

Samarqand viloyati sudi raisining ta’kidlashicha, jinoyat ishlari bo‘yicha sudlar tomonidan shu yilning uch oyi davomida 113 nafar shaxsga nisbatan korrupsiyaga oid 84 ta jinoyat ishi, 235 nafar shaxsga nisbatan 186 ta ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishlar ko‘rilgan. Mazkur jinoyat ishlari bo‘yicha ta’lim sohasidan 18 nafar, bank tizimidan 9 nafar, sog‘liqni saqlash tizimidan 7 nafar, qurilish sohasidan 5 nafar shaxs sudlangan. Ko‘rilgan jinoyat ishlari bo‘yicha jami 10 milliard 912 million 789 ming so‘m miqdorida zarar yetkazilgani aniqlanib, 9 milliard 486 million so‘m zarar dastlabki tergov davomida, 702 million so‘mi sud davomida undirilgan.

Bu raqamlar hali faqatgina huquqni muhofaza etuvchi idoralar tomonidan aniqlangani. Aniqlanmagani qancha?

Shuningdek, yaqinda davlat dasturida belgilangan ob’yektlar qurilishi bilan bog‘liq qonunbuzilishlar yuzasidan viloyat prokurorining maqolasi ham e’lon qilindi. Maqoladagi ushbu raqamlarga e’tibor bering: “Payariq tumanidagi 59-sonli umumta’lim maktabini rekonstruksiya qilish bo‘yicha “Sam kadastr” MChJ tomonidan ishlab chiqilgan loyiha-smeta hujjatlarida qurilish xomashyolari oshirib ko‘rsatilishi natijasida ob’yekt qiymati sun’iy  ravishda 119,7 million so‘mga ko‘paygan bo‘lsa, Urgut tumanidagi 121-maktabning 145 million so‘m, 81-maktabda 47 million so‘m va Kattaqo‘rg‘on shahridagi 11-maktabni rekonstruksiya qilish ob’yekti smetasida material xarajatlariga 206 million so‘m ortiqcha xarajatlar ko‘rsatilganligi aniqlandi.

“Obod qishloq” dasturi doirasida “Qobil Quruvchi Servis” MChJ tomonidan Past Darg‘om tumanidagi 21-maktabda olib borilgan qurilish-montaj ishlari davomida 587,2 million so‘mlik mablag‘ talon-toroj qilinganligi holati yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, sudning hukmi bilan aybdor shaxslarga nisbatan jazo muqarrarligi ta’minlanib, yetkazilgan zarar to‘liq undirildi”.

E’tibor beryapsizmi, qurilishidan tortib, ta’lim jarayonigacha korrupsiyaga aralashib ketgan. Atigi bittagina maktab qurilishida 587 million so‘m mablag‘ning talon-toroj qilinganligini eshitib, yuraging orqaga tortib ketadi! Bu jinoyat har qanday jinoyatning og‘iri emasmi?

Sog‘liqni saqlash, moliya va boshqa sohalardagi korrupsion holatlarning ildizlari qayerga borib taqaladi?

 Ilojsizlik yoki qo‘rquv

Mutaxassislarning ma’lumotlariga ko‘ra, korrupsiyaga qarshi kurashishning bir nechta turlari mavjud. Biri - korrupsiya sodir bo‘lgunga qadar, uning oldini olishga bo‘lgan urinishlar, shuningdek, korrupsion holat sodir bo‘lgandan keyingi jarayon. Korrupsiyaning oldini olishga qaratilgan usullardan birida davlat qonunchilik tizimi yoki hukumat iqtisodiyot, biznes sohalarida korrupsiyaga yo‘l qo‘ymaslik choralarini ko‘radi. Ikkinchi usulda esa korrupsion jinoyatlarga jazoning eng yuqori darajalari qo‘llaniladi.

Turli davlatlar korrupsiyaga qarshi kurashda o‘zlari tanlagan usuldan foydalanishgan. Misol uchun, Niderlandiyada ichki ishlar vaziri korrupsiya holatlarini aniqlash yuzasidan hisobot yuritadi. Korrupsiya kelib chiqishining manbalari monitoring qilinadi. Asosiy jazo – davlat organlari tizimida ishlash taqiqlanadi hamda ijtimoiy kafolatlar, deylik, pensiyadan mahrum etiladi. Amaldor tomonidan sodir etilgan korrupsiya holatlari ro‘yxatdan o‘tkaziladi. Ommaviy axborot vositalari surishtiruvi amalga oshiriladi.

 Korrupsiya rag‘bat bilan bostiriladi

Ba’zi davlatlarda korrupsiyaga barham berish davlat siyosati darjasigacha ko‘tarilgan.

Singapur vazir va sudyalarning oylik maoshini keskin ko‘tardi. Bu davlatda yuqori mansabga erishish juda murakkab, shuning uchun ular pora olishdan qo‘rqadi. Agar shunday holat sodir bo‘lsa, ular faqatgina mansabi, yuqori maoshidan emas, barcha ijtimoiy kafolatlardan ham ayriladi.

Niderlandiyada esa korrupsiya jazo bilan emas, aksincha, siylov bilan bostiriladi. Korrupsiyaga aralashmagan yoki boshqa amaldorlarning korrupsion holatlarini aniqlab bergan davlat xizmatchilari juda yuqori miqdordagi mablag‘lar bilan mukofotlanadi.

 Byurokratiyadan voz kechish

Janubiy Koreyada byurokratik rejimdan voz kechish, davlat tuzilmalari islohoti korrupsiya darajasining pasayishiga olib keldi. Majburiy tasdiqlov, u yoki bu faoliyatni litsenziyalash kabi qator masalalarda amaldorlar bilan aloqa keskin cheklandi. 17 yildirki, ushbu davlatda OPEN nomli kuzatuv tizimi ishlab, har qanday fuqaroga korrupsiya holati bo‘yicha onlayn murojaat etish imkoni berilgan. Ushbu murojaatning natijasini ham onlayn nazorat qilish imkoni mavjud bo‘lib, har bir murojaat o‘rganilishi qat’iy belgilangan.

Koreyaning “Korrupsiya haqida”gi qonuni dunyo miqyosida eng samarali, deb topilgan. Ushbu qonunga ko‘ra, bu mamlakatda voyaga yetgan har bir fuqaro pora olish fakti bo‘yicha surishtiruv o‘tkazish imkoniga ega bo‘lib, Koreyaning antikorrupsiya agentligi uni to‘la qo‘llab-quvvatlaydi.

 Jazolar

Mazkur jinoyatga jazoning eng shafqatsizi Xitoyda - pora uchun qamoq yoki o‘lim jazosi qo‘llaniladi. Keyingi o‘n yilliklarda minglab xitoylik amaldorlar shu tariqa hayot bilan vidolashgan. Xitoyda amaldorlarni pora olish va berishdan qaytarish bo‘yicha ommaviy dasturlar ishlaydi. Masalan, yuqori darajali amaldorlar pora bilan qo‘lga tushgan sobiq hamkasblarini ko‘rish uchun  qamoqxonalarga tashrif buyurishi tashkillashtiriladi. Bolalarga esa o‘g‘irlikning zarari bo‘yicha boshlang‘ich sinfdanoq ma’lumot beriladi.

Singapurda esa “korrupsiyalashish prezumpsiyasi” tushunchasi kiritilgan bo‘lib, poraxo‘rlikda ayblanayotgan mansabdor shaxs buning aksini isbotlamagunga qadar aybdor sanaladi. Bu kabi qat’iy choralar Singapurni korrupsiya eng past darajada bo‘lgan davlatlar qatoriga kiritdi.

Yaqin Sharq davlatlari, xususan, Saudiya Arabistoni, Birlashgan arab amirliklarida shariat qoidalari amalda bo‘lib, ushbu davlatlarda poraxo‘rlik o‘g‘irlik bilan barobar talqin etiladi. Ushbu jinoyatga qo‘l urgan mansabdorlarning qo‘li kesiladi.

 Mamlakatimizda…

Bugun korrupsion holatlar bizni tashvishga solayotgan bo‘lsa-da, mamlakatimizda bu holatlarga barham berilishi yo‘lida o‘ziga xos ishlar ham olib borilayotir. Yuzlab davlat xizmatlarining bitta idorada amalga oshirilishidan boshlab, davlat boshqaruv idoralarining ochiqligini ta’minlash (boshqaruv idoralari faoliyati, statistik ma’lumotlar barcha uchun ochiqligi), Kengashlarda korrupsiya bilan bog‘liq hisobotlar taqdim etilishi ham sohadagi muhim siljish, deb aytish mumkin.

Qolaversa, shu yil Prezidentimiz tomonidan "Davlat boshqaruvi sohasidagi korrupsiyaviy xavf-xatarlarni bartaraf etish mexanizmlarini takomillashtirish va ushbu sohada jamoatchilik ishtirokini kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qaror imzolandi. Unga ko‘ra, davlat boshqaruvi sohasida korrupsiyaning oldini olishga qaratilgan qarorga asosan “Ye-Antikorrupsiya”, “E-Anticor.uz” platformalarini ishga tushirish, davlat idoralari faoliyatida inson omilini qisqartirish, tegishli tartib-taomillar va funksiyalarni raqamlashtirish, shaffoflikni ta’minlash, jamoatchilik nazoratini yo‘lga qo‘yish orqali korrupsiyaviy xavf-xatarlarni bartaraf etish belgilangan.

Kadrlar bilan ishlash yo‘nalishidagi byurokratik to‘siqlar, korrupsiyaviy xavf-xatarlar va inson omilini qisqartirish maqsadida 2023 yil 1 yanvarga qadar avtomatlashtirilgan tizim joriy etiladi. Unda vakant lavozimlarni e’lon qilish, tanlov o‘tkazish va ishga qabul qilish natijalari bo‘yicha hujjatlarni rasmiylashtirishgacha bo‘lgan jarayonlar to‘liq elektron tarzda amalga oshiriladi.

Shu kabi qator o‘zgarishlar sekin-astalik bilan bo‘lsa-da, mamlakatimizda korrupsiyaning yo‘qolishiga umid uyg‘otadi. 

 

21 foiz ishtirokchi pora bilan ishga kirganini tan oldi

Yaqinda Zarnews.uz saytimizda “U yoki bu tashkilotga ishga joylashish uchun pul (pora) berishga majbur bo‘lganmisiz? Agar shunday bo‘lsa, bu qancha miqdorni tashkil etgan?” degan savollar bilan o‘quvchilarimizga murojaat qildik. Quvonarlisi, so‘rovda ishtirok etganlarning 54 foizi bilimim bilan ishga joylashganman, degan javobni berdi. Ammo 13 foizi 2-5 million so‘mgacha, 8 foizi 10-50 million so‘mgacha pora berganman, deb tan olgani kishini tashvishga qo‘yadi. Ishtirokchilarning 6 foizi boshqa xizmat aytilgan, degan javobda to‘xtalgan bo‘lsa, 20 foizi tanish-bilish orqali ishga joylashganman, deb tan olgan. Mazkur kichik so‘rovda garchi katta foiz so‘ralganlar o‘z bilimi bilan ishga kirganini ta’kidagan bo‘lsa-da, ammo pora berganini tan olganlar ham kam emas.

 Jamoatchilik nazoratini kuchaytirish natijalari

Olib borilayotgan ishlar bilan bir qatorda, har bir rahbar o‘z tizimida korrupsiya yo‘q, deya oladigan darajada hisobot berishi lozim, bizningcha. Shu kunga qadar viloyatda bu gapni bir necha marta Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti rektori ta’kidlab o‘tdi. Matbuot anjumanlarida, qolaversa, ommaviy axborot vositalaridagi o‘z chiqishlarida ham.

– Institut tashkil etilganidan buyon shu illatga qarshi kurashdik, lekin oson bo‘lgan emas, – deydi shunday chiqishlaridan birida universitet rektori Xudoynazar Yunusov. – Bir necha guruhlar, yangicha ishlashni istamaydigan, eskicha fikrlaydigan o‘qituvchilar bor edi. Ularni to‘g‘ri yo‘lga boshladik, tamagirlikka chek qo‘yishga chaqirdik. Buni istamaganlar bilan xayrlashdik. Talabni kuchaytirdik, o‘qituvchi besh-olti yil assistent bo‘lib yurmaydi. Marhamat, uch yilda ilmiy ishini tayyorlasin, yoqlasin va unvonli, lavozimli o‘qituvchi sifatida yuqori maosh olsin.

Yaqinda bir o‘qituvchi xonamga yig‘lab keldi, talabalar dars o‘tishidan qoniqmabdi, kafedraga murojaat qilib, boshqa o‘qituvchi tayinlashlarini so‘rashibdi. Albatta, o‘qituvchiga achindim, o‘z ustida ishlashi kerakligini tushuntirdim, lekin bir tomondan talabalarning faolligidan, fanga befarq bo‘lmaganidan xursand ham bo‘ldim.

 Nega birorta rahbar tizimdagi korrupsiyadan uyalmaydi?

Xo‘sh, yana kim shunday chiqish qilishga jur’at qiloldi? Afsuski, bugun yirik korrupsiya holatlari oshkor etilgandayam o‘sha tizimning birorta rahbari o‘z tashabbusi bilan iste’fo bermayapti. Hatto yirik poraxo‘rlik fakti oshkor etilgandayam “Men rahbarlik qilayotgan tizimda shunday holat ro‘y beribdi, demak, yaxshi ishlay olmadim”, deya ishdan bo‘shagan rahbar haqida hozircha eshitganimiz yo‘q. Aksincha, unga sohangizda poraxo‘rlik bor, desangiz, jazavasi tutadi. Holatni o‘rganish o‘rniga o‘zini oqlashga tushadi.

Aslida har bir soha o‘z tizimida korrupsiyaga qarshi kurashish yo‘llarini ishlab chiqishi va buning natijalari bo‘yicha aholiga hisobot berishi lozim. Zero, bu vazifa korrupsiyaga qarshi kurash milliy kengashi viloyat bo‘limi ish rejasida ham bor.

“Biz korrupsiyani yengdik”, deya avvalo, viloyat tashkilotlari rahbarlari chellenj bilan chiqishi lozim. Tabiiyki, buni xomxayol deb emas, balki o‘z tizimida korrupsiyaga qarshi tizimli kurashish, mavjud to‘siqlarni oshkor etishi bilan bog‘liq xatti-harakatlarning natijasi sifatida ko‘rishni istardik.

 Gulruh Mo‘minova.