Men tahsil olgan Samarqand davlat universiteti 600 yoshga to‘ldi!
Hech mubolag‘asiz aytish mumkinki, bu Markaziy Osiyodagi eng qadimgi va yirik oliy ta’lim muassasalaridan biridir! Hamid Olimjon, Uyg‘un, Mirtemir, Usmon Nosir, Habib Yusufiy, Sharof Rashidov, Asqad Muxtor kabi o‘nlab ijodkorlar hamda davlat, madaniyat va fan arboblari mana shu universitetda tahsil olib, voyaga yetganlar, el-yurt hurmatini qozonganlar.
Men ham mana shunday muqaddas oliygohda tahsil olganimdan o‘zimni baxtiyor his etaman. Universitet tom ma’noda hayotimda burilish yasadi. Bu dargohda olingan ta’lim, ustozlar zahmati ijodkor bo‘lib yetishishimda, kitobxonlar e’tiboriga tushishimda muhim ahamiyat kasb etdi. Men ilk hikoyamni shu dargohda o‘qiyotgan kezlarim – talabalik davrimda qog‘ozga tushirdim va yillar o‘tgani sayin O‘tkir Hoshimov, Tohir Malik, Ulug‘bek Hamdam, Sobir O‘nar, Luqmon Bo‘rixon, Qo‘chqor Norqobil, Abduqayum Yo‘ldosh kabi asrimizning qator yetakchi adiblari e’tiborini qozondim. Bu mening baxtim deb ayta olaman!
SamDU – mening universitetim, mening faxrim!
Xoliyor Safarov, yozuvchi,
“O‘zbekiston tarixi”
telekanali katta muharriri.