MIB elektr energiyasidan noqonuniy foydalanganlarni aniqladi

Majburiy ijro byurosi Qo‘shrabot tuman bo‘limi tomonidan elektr energiyasi uchun to‘lovlarni o‘z vaqtida to‘liq undirilishi, iste’molchilar qarzdorligi kamaytirilishiga erishish maqsadida keng ko‘lamli targ‘ibot-tashviqot tadbirlari olib borilmoqda.

Biroq, shunga qaramasdan bu borada qator huquqbuzarliklar kuzatilmoqda. Ayrim “uddaburon” iste’molchilarimiz belgilangan talablarni chetlab o‘tishga harakat qilishmoqda. Jumladan, “Urganji” mahalla fuqarolar yig‘ini Sirtsuluv qishlog‘ida istiqomat qiluvchi A.Shokirov yashash xonadonida bir dona qo‘lbola elektr plita, bir dona kir yuvish mashinasi, besh dona lampochka hamda bir dona televizorni elektr hisoblagichdan tashqari ulab, elektr energiyasidan noqonuniy tarzda foydalanib kelganligi aniqlandi. Buning oqibatida, esa tuman elektr ta’minoti korxonasiga 962 ming so‘mlik zarar yetkazilgan.

Shuningdek, “Toz” mahalla fuqarolar yig‘ini Bog‘ojot qishlog‘ida yashovchi Sh.Karimov “Elektr energiyasidan foydalanish” qoidalariga zid holda o‘zining yashash xonadonini elektr hisoblagichdan tashqari umumiy foydalanishdagi elektr energiyasi tarmog‘iga ulab olib, ikki dona 2 kVtli va 0,75 kVtli suv nasosi hamda bir dona elektr plitadan foydalanib kelganligi oqibatida tuman elektr ta’minoti korxonasiga 1 mln. 960 ming so‘mlik zarar yetkazgan.

Bu fuqarolarga nisbatan Majburiy ijro byurosi tomonidan tegishli hujjatlar rasmiylashtirilib, O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 101-moddasiga asosan eng kam oylik ish haqining 5 baravari miqdorida jarima jazosi tayinlanib, yetkazilgan zarar to‘liq undirildi.

Zarar achchiq, u hech kimga yoqmaydi. Qolaversa, qonun hammaga barobar, ularga amal qilgan inson esa doimo xotirjam yashaydi.

Majburiy ijro byurosi

Qo‘shrabot tuman bo‘limi.