MIB iste’molchining asossiz oshib ketgan qarzdorligi yuzasidan munosabat bildirdi
Joriy yilning 27 avgust kuni saytimizda “Maoshdan ushlab qolinadi...” yoki elektr ta’minotidagi nohaqliklar haqida” nomli maqola berilgan edi.
Unda Ishtixon tumani Zarbuloq mahallasida yashovchi A.Eshquvvatovning foydalanilgan elektr energiyasi bo‘yicha to‘lovlarni o‘z vaqtida turmush o‘rtog‘ining oylik maoshi hisobidan to‘lab borishiga qaramasdan, uning nomiga asossiz qarzdorlik hisoblanganligi ma’lum qilingan.
Ushbu maqola yuzasidan majburiy ijro byurosi Ishtixon tuman bo‘limi munosabat bildirdi.
Qayd etilishicha, Ishtixon tumani Zarbuloq mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi A.Eshquvvatov “Elektr hisob” dasturida 1063077-sonli abonent hisob-raqami bilan tuman elektr ta’minoti korxonasida maishiy iste’molchi sifatida ro‘yxatga olingan.
2018 yilning 29 yanvar kuni Majburiy ijro byurosi Ishtixon tuman bo‘limi davlat inspektori K.Begmamatov Zarbuloq mahallasida yashovchi aholi iste’molchilarining energiya resurslaridan foydalanish ahvoli hamda to‘lov intizomi yuzasidan monitoring o‘tkazib, iste’molchi A.Eshquvvatovning xonadoniga o‘rnatilgan elektr hisoblagich ko‘rsatkichidan ortiqcha ko‘rsatkichni “SMS xabarnoma” orqali elektron bazaga kiritgan. Oqibatda, A.Eshquvvatovning elektr energiyasidan asosiy qarzdorligi yuzaga kelgan.
Qo‘shimcha o‘rganishda iste’molchi A.Eshquvvatovning elektr energiyasi bo‘yicha amalga oshirgan to‘lovlari qayta hisob-kitob qilinib, zimmasidagi 2 mln. 458 ming 101 so‘m asossiz qarzdorlik olinib, “Elektr hisob” dasturiga uning haqdorligi, 78 ming so‘m oldindan to‘lovi kiritildi.
Ushbu holat yuzasidan iste’molchi A.Eshquvvatovdan uzr so‘raldi va Majburiy ijro byurosi Ishtixon tuman bo‘limi davlat inspektori K.Begmamatov ogohlantirildi.