MIB: “Kaftarxona”da avtoturargohga qo‘yilgan to‘siqlar olib tashlandi

Avvalroq saytimizda «Kaftarxonada qachon tartib bo‘ladi?» sarlavhali maqola e’lon qilingan edi. Unda Samarqand shahri Panjakent ko‘chasidagi "Kaftarxona" avtoboshbekati qariyb uch oydan buyon temir to‘siq bilan yopib qo‘yilgani, mazkur holat Samarqand, Toyloq, Urgut tumanlari aholisiga jamoat transporti xizmati ko‘rsatishga xalaqit qilayotgani bayon etilgan. Chunki mazkur bekatda shahar va tumanlararo o‘ndan ziyod yo‘nalishlarda qatnaydigan 30 ga yaqin avtobus, 250 ga yaqin taksi kuniga 20-25 ming aholiga xizmat ko‘rsatib kelgan. Yo‘lovchi tashish transportlari avtoboshbekat hududiga kirolmagani sababli katta tirbandlik yuzaga kelib, bir necha marta avtohalokat sodir bo‘lgani aytiladi.

Majburiy ijro Byurosining Samarqand viloyat boshqarmasi tomonidan berilgan ma’lumotga ko‘ra, ayni vaqtda bekatdagi to‘siqlar olib tashlangan.

“Aniqlanishicha, fuqarolik ishlari bo‘yicha Samarqand shahar sudining 2023 yil 27 iyundagi ijro varaqasiga asosan qarzdor X.A. tomonidan Samarqand shahar, Panjakent ko‘chasi 209-manzildagi ob’yektda o‘zboshimchalik bilan o‘rnatilgan temir to‘siq (profnastil) qarzdor hisobidan olib tashlash to‘g‘risidagi ijro hujjati Byuroning Samarqand shahar bo‘limi ish yurituviga 2023 yil 1 avgustda kelib tushgan va shu kuni o‘zida ijro ishi yuritish qo‘zg‘atilgan.

Olib borilgan majburiy ijro harakatlari davomida X.A.ga tegishli o‘zboshimchalik bilan o‘rnatilgan temir to‘siq (profnastil) qarzdor hisobidan 2023 yil 9 avgust kuni olib tashlangan hamda ijro hujjati tamomlangan.

Bundan tashqari, fuqarolik ishlari bo‘yicha Samarqand shahar sudining 2023 yil 22 iyundagi ijro varaqasiga asosan qarzdor E.H. tomonidan Samarqand shahar, Panjakent ko‘chasi 209-manzil (yuqoridagi bekat - tahririyat)dagi ob’yektda o‘zboshimchalik bilan o‘rnatilgan temir to‘siq qarzdor hisobidan buzdirish to‘g‘risidagi ijro hujjati Byuroning Samarqand shahar bo‘limi ish yurituviga 2023 yil 25 iyul kuni kelib tushgan va shu kuni o‘zida ijro ishi yuritish qo‘zg‘atilgan.
Olib borilgan majburiy ijro harakatlari davomida E.H. tomonidan o‘zboshimchalik bilan o‘rnatilgan temir to‘siq 9 avgustda olib tashlangan.

Shuningdek, yana bir hujjat — fuqarolik ishlari bo‘yicha Samarqand shahar sudining 2023 yil 22 iyundagi ijro varaqasiga asosan qarzdor R.B. tomonidan shu manzilda o‘rnatilgan temir to‘siq qarzdor hisobidan buzdirib tashlangan”, deyiladi MIB munosabatida.

TAHRIRIYaTDAN: Ijodiy jamoa xodimlari tomonidan bugun, 11 avgust kuni “Kaftarxona” hududidagi avtoboshbekat yana bir bor o‘rganildi. Darhaqiqat, bekatdagi to‘siqlar olib tashlangan. (Bungacha yuzlab transport va o‘n minglab yo‘lovchilar bir necha oy sarson bo‘ldi). Ammo negadir, to‘siqlar olib tashlanganiga qaramasdan, ayrim yo‘lovchi tashish transportlari hamon hududdan foydalanmayapdi va atrofda tartibsizlik davom etmoqda. O‘ylaymizki, tegishli tashkilotlar holatni yana bir bor o‘rganib, bekatning to‘liq faoliyati tiklanishiga erishishadi. Chunki transportlarda yo‘lovchi olish hali ko‘chaning qatnov qismida ham davom etmoqda.