MIB qidiruvidagi shaxsdan g‘aroyib savol: “Qor yoqqanda ham qidirasizlarmi?”
MIBning Past Darg‘om tuman bo‘limi ish yurituvida bo‘lgan fuqarolik ishlari bo‘yicha Nurobod tumani sudining qaroriga asosan qarzdor A.B.dan undiruvchi D.X. foydasiga to‘rt nafar farzandining moddiy ta’minoti uchun ikkidan bir qismi mikdorida aliment undirish to‘g‘risidagi ijro hujjati kelib tushgan.
Byuroning viloyat boshqarmasi qidiruv shu’basi inspektori Obid Ablaqulovga ko‘ra, anchadan buyon alimentdan qarzini to‘lamagan fuqaroning qarzi 30 mln. so‘mdan oshib ketgan, buning ustiga u noma’lum hududda yashab kelgan. Shu bois, boshqarmaning qidiruv bo‘limi tomonidan unga nisbatan qidiruv harakatlari olib borilgan.
Tezkor qidiruv tadbirlari davomida qarzdor A.B. Past Darg‘om tumanidagi Qo‘shchinor mahallasi yaqinidagi noturar bo‘lgan binoda vaqtinchalik joylashganligi aniqlanib, ushlangan.
Qarzdorning xodimga bergan birinchi savoli “Qor yoqqanda ham qidirasizlarmi?”.
Ushbu qidiruvdagi shaxs o‘z farzandlari ta’minotidan qochganligi sababli, muqaddam Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi Kodeksning 47-(4)-moddasi hamda Jinoyat kodeksining 122-(1)-moddasiga asosan qamoq jazosi bilan javobgarlikka tortilgan bo‘lsa-da, o‘ziga to‘g‘ri xulosa chiqarmagan. Endi uni yanada og‘irlashtiruvchi jazo chorasi kutmoqda.