MIB Samarqand viloyati boshqarmasi va tuman, shahar bo‘limlari 13 ming 600 nafar shaxsning buzilgan huquqlarini tikladi
O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Majburiy ijro byurosi Samarqand viloyati boshqarmasi tomonidan o‘tkazilgan matbuot anjumanida boshqarma boshlig‘i Alisher Zokirov byuro tashkil topgandan buyon boshqarma tomonidan 642 ming 204 ta ijro hujjati yuzasidan majburiy ijro harakatlari amalga oshirilganini ta’kidladi. Ijroga qaratilgan majburiy mulkiy undiruvlarning umumiy miqdori 3,3 trillion so‘mni tashkil qilgan.
Amalga oshirilgan majburiy ijro harakatlari natijasida 2,7 trillion so‘mlik 470 ming 393 ta ijro hujjati bo‘yicha yakuniy qarorlar qabul qilingan. 379 ming 754 ta ijro hujjati yuzasidan 1,7 trillion so‘mlik to‘lov va qarzdorliklar undirilgan.
– Byuro tashkil topganidan buyon o‘tgan 2,5 yil mobaynida viloyat boshqarmasi hamda tuman, shahar bo‘limlariga jami 36 mingdan ortiq murojaatlar kelib tushgan va ularning 16416 tasi qanoatlantirilib, 13625 nafar shaxsning buzilgan huquqlari tiklandi, – dedi A.Zokirov. – Hal qilingan murojaatlarning salmoqli qismi, ya’ni 17244 tasi aliment undirish yuzasidan hamda 8143 tasi energiya va suv resurslarini yetkazib berish, iste’molni nazorat qilish masalalari bo‘yicha bo‘ldi.
G‘olib HASANOV.