MIB Samarqandda 775,04 gektar noqonuniy egallab olingan yer maydonlarini hokimlik zaxirasiga, fermer xo‘jaliklariga va klasterlarga qaytardi

Bu kabi raqamlar Samarqand viloyati hokimligida o‘tkazilgan cud va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish samaradorligini oshirish bo‘yicha hududiy kengashning kengaytirilgan yig‘ilishida aytildi. Holatlar tahliliga bag‘ishlangan tadbirda muammolar, kamchiliklar ochiq aytildi.

Unda viloyat hokimi, viloyat prokurori, adliya, sud, ichki ishlar, soliq, bank, moliya tizimi rahbarlari, tuman(shahar) sektor rahbarlari va boshqa mutasaddilar ishtirok etib, Majburiy ijro byurosi viloyat boshqarmasi tomonidan olib borilgan ishlar ko‘lami, undiruvlar tahlili haqida so‘z yuritildi.

- Joriy yilning o‘tgan besh oy davomida MIB viloyat boshqarmasi va uning hududiy tarmoqlari tomonidan jami 2,5 trillion so‘mlik 221 120 ta ijro hujjatlari yuzasidan ijro tadbirlari amalga oshirilgan,  - deydi MIB viloyat boshqarmasi boshlig‘i Alisher Zakirov. - Shundan 1,5 trillion so‘mlik 116 272 ta sud organlaridan kelib tushgan bo‘lsa, 1 trln. so‘mlik 104 603 ta davlat soliq organlaridan, shuningdek, IIB, DSEOM va boshqa vakolatli organlardan kelib tushgan ijro hujjatlari tashkil etadi. Bu davrda boshqarma tomonidan jami 1 trln. 543 mlrd. 181 mln. so‘mlik 107 825 ta ijro hujjatlari bo‘yicha yakuniy qarorlar qabul qilinib, 64 731 ta ijro ishlari bo‘yicha amalda salkam 650 mlrd. so‘m mablag‘lar undirildi.

2020 yilning 1 dekabridan boshlab davlat foydasiga undiruvlarning muayyan qismini “Temir daftar”, “Yoshlar daftari” va “Ayollar daftari” bo‘yicha jamg‘armalarga yo‘naltirish amaliyoti yo‘lga qo‘yildi. Xususan, joriy yilning o‘tgan besh oyi davomida 16,1 milliard so‘m pul mablag‘lari “daftar”larga undirilishi ta’minlandi.

- Biroq MIB viloyat boshqarmasi amalga oshirgan ishlar bilan bir qatorda, majburiy undiruv tadbirlarini amalga oshirishda mavjud resurs va imkoniyatlardan to‘liq foydalanilmayapti, - dedi viloyat hokimi E.Turdimov. - Bugungi kunda boshqarma ish yurituvida mulkiy undiruvlar bilan bog‘liq 975,1 mlrd. so‘mlik 113 295 ta ijro ishlari, shu jumladan davlat foydasiga undiruvlar bilan bog‘liq 494,6 mlrd. so‘mlik 60 002 ta ijro ishlari qoldiqda saqlanib kelmoqda. O‘tgan 5 oyda byudjetga amalda undirilgan mablag‘lar miqdori boshqarmaning ish yurituvida bo‘lgan davlat foydasiga undiruvlar bilan bog‘lik ijro ishlari soni va miqdoriga nisbatan atigi 19,6 foizni tashkil qilmoqda.

Banklar foydasiga undiruvlar bilan bog‘liq ijro ishlarning undiruv ahvoli yaxshi emas. MIB viloyat boshqarmasi tomonidan bank foydasiga undiruvlar bilan bog‘liq jami 303,6 mlrd. so‘mlik 3867 ta ijro hujjatlari bo‘yicha ijro harakatlari amalga oshirilib, shundan 148 mlrd. so‘mlik 1042 tasi bo‘yicha yakuniy qarorlar qabul qilingan, amalda 69 mlrd. 57,8 mln. so‘m undirilgan.

Shu bilan bir qatorda, bugungi kunda MIB Samarqand viloyati boshqarmasi ish yurituvida bank foydasiga kredit qarzdorliklarini undirish bilan bog‘liq 150 mlrd. 225 mln. so‘mlik 2854 ta ijro ishi o‘z yakunini topmagan.

Ushbu ijro ishlarining asosiy qismi Samarqand shahri (55,3 mlrd. so‘m) Past Darg‘om (23,5 mlrd. so‘m), Jomboy (12,8 mlrd. so‘m), Urgut (11,2 mlrd. so‘m), Payariq (7,1 mlrd. so‘m) tumanlari hamda Kattaqo‘rg‘on shahar (5,9 mlrd. so‘m) bo‘limlari hissasiga to‘g‘ri kelmoqda.

Shuningdek, joriy yilning 1 iyun holatiga aliment to‘lovlarini undirish bilan bog‘liq ijro hujjatlari 32 162 tani tashkil etib, aliment to‘lovchi qarzdorlardan jami 20,5 mlrd. so‘mdan ortiq aliment pullari undiruvchilarga undirib berildi.

Qarzdor va undiruvchi bilan olib borilgan profilaktik suhbatlar va chora-tadbirlar natijasida 452 ta yosh oila yarashtirildi. Ishsiz, yordamga muhtoj, og‘ir ahvolga tushib qolgan aliment to‘lovchi qarzdor otalarning bandligi ta’minlandi.

Majburiy ijro byurosi viloyat boshqarmasi tomonidan sud qarorlari asosida o‘zboshimchalik bilan egallab olingan qishloq xo‘jaligi zaxirasi yer maydonlarini davlat zaxirasiga qaytarish hamda noqonuniy egallab olingan yer maydonlarida o‘zboshimchalik bilan kurilgan uy-joy va qurilmalarni buzdirish bilan bog‘liq ijro hujjatlari ijrosini ta’minlashga ham alohida e’tibor qaratib kelinmoqda.

Joriy yilning 5 oyi davomida noqonuniy egallab olingan jami 890,9 gektar yer maydonlarini qaytarishga doir 545 ta ijro hujjatlari bo‘yicha majburiy ijro tadbirlari amalga oshirilgan bo‘lib, 775,04 gektar noqonuniy egallab olingan yer maydonlari tegishli hokimiyat zaxirasiga, fermer xo‘jaliklariga va klasterlarga qaytarildi.

Amalga oshirilgan majburiy ijro tadbirlari davomida 676 ta noqonuniy qurilmalar buzdirilib, o‘zboshimchalik bilan egallab olingan 201,76 gektardagi yer uchastkalari hokimiyat zaxirasiga qaytarilgan.

Yig‘ilishda viloyat hokimi tomonidan tegishli mutasaddilarga undiruvlarni ta’minlash bo‘yicha aniq topshiriq va ko‘rsatmalar berildi.

Do‘stbek Sulaymonov,

MIB viloyat boshqarmasi katta inspektori.