Milliy gvardiya xodimining qanday talablarini bajarmaslik ma’muriy javobgarlikka sabab bo‘ladi?

Oliy Majlis Senatining 23-yalpi majlisida ko‘rib chiqilib, ma’qullangan “O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi organlari faoliyati takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimcha va o‘zgartishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonun 29 oktyabrda davlatimiz rahbari tomonidan imzolandi.

Qonun bilan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga qator o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritildi.

Jumladan, kodeksning 194 (1)-moddaga ko‘ra, Milliy gvardiya harbiy xizmatchisining (xodimining) huquqbuzarliklarni to‘xtatish, hujjatlarni tekshirish uchun taqdim etish, ko‘rsatilgan muddatda Milliy gvardiya organlariga (huquqni muhofaza qiluvchi organlarga) borish yoki Milliy gvardiya organlarida (huquqni muhofaza qiluvchi organlarda) hozir bo‘lish to‘g‘risidagi qonuniy talablarini uzrli sabablarsiz bajarmaslik, transport vositasini to‘xtatish, jabrlanuvchilarga yordam ko‘rsatish haqidagi qonuniy talablarini bajarmaslik yoxud qonuniy talablariga boshqacha tarzda bo‘ysunmaslik eng kam ish haqining ikkidan bir qismidan ikki baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

Xuddi shunday huquqbuzarlik ma’muriy jazo chorasi qo‘llanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etilgan bo‘lsa, eng kam ish haqining 2 baravaridan 3 baravarigacha miqdorda jarima solishga yoki 15 sutkagacha muddatga ma’muriy qamoqqa olishga sabab bo‘ladi.

Bundan tashqari, yangi belgilangan normaga ko‘ra, Milliy gvardiya harbiy xizmatchisining (xodimining) o‘z xizmat vazifalarini bajarishi bilan bog‘liq qonuniy talablarini bajarmaslikka omma oldida har qanday shaklda da’vatlar qilish, shuningdek, ommaviy ravishda bo‘ysunmaslikni keltirib chiqarish maqsadida bilib turib soxta uydirmalarni tarqatish eng kam ish haqining 3 baravaridan 5 baravarigacha miqdorda jarima solishga yoki 15 sutkagacha muddatga ma’muriy qamoqqa olishga sabab bo‘ladi.

Qonunga muvofiq, “Huquqbuzarliklar profilaktikasi to‘g‘risida”gi qonunning huquqbuzarliklar profilaktikasini bevosita amalga oshiruvchi organlar va muassasalar tizimi Milliy gvardiya organlari bilan to‘ldirildi.

Xususan, Milliy gvardiya organlari huquqbuzarliklar profilaktikasiga doir davlat dasturlarini va boshqa dasturlarni ishlab chiqish hamda amalga oshirishda ishtirok etadi.

Huquqbuzarliklar profilaktikasiga doir dasturlarni ishlab chiqadi, tasdiqlaydi va amalga oshiradi, shuningdek, huquqbuzarliklar profilaktikasini amalga oshiradi. Jumladan, mazkur huquqbuzarliklarning sodir etilishi sabablarini va ularga imkon berayotgan shart-sharoitlarni aniqlaydi, bartaraf etadi.

Bundan tashqari, fuqaroviy va xizmat qurolini hamda uning o‘q dorilarini olish hamda ro‘yxatdan o‘tkazish (qayta ro‘yxatdan o‘tkazish) tartibiga fuqarolar, yuridik shaxslar tomonidan rioya etilishi ustidan nazoratni ta’minlaydi.

Huquqbuzarliklar profilaktikasini bevosita amalga oshiruvchi va unda ishtirok etuvchi boshqa organlar hamda muassasalar bilan hamkorlik qiladi.

O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi organlari qonun hujjatlariga muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.

Yuqorida qayd qilingan qonun bilan siyosiy partiyalarga a’zo bo‘la olmaydiganlar ro‘yxatiga ichki ishlardan so‘ng O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi organlari xodimlari ham kiritildi.

Qonun bilan Soliq kodeksi, “Ichki ishlar organlari to‘g‘risida”gi qonun, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasining Mudofaa doktrinasiga qo‘shimcha va o‘zgartishlar kiritildi.

Zaynab BERDIYeVA,

Oliy Majlis Senati a’zosi.