Mirza Azizov: «Harbiy libosni mardlar kiyishi kerak»
Xalqimizning sevimli san’atkori, O‘zbekiston xalq artisti, Muqimiy nomidagi o‘zbek davlat musiqali teatri direktori Mirza Azizovning harbiy xizmat davrlari haqida «Vatanparvar» gazetasi jurnalisti bilan uyushtirilgan suhbat davomida so‘zlab berdi.
"Armiya haqida gapirishdan oldin aytishim lozimki, harbiy libosni faqat mard va sadoqatli, jasur insonlar kiyishi kerak. Chunki yurtni himoyalash – oilangni muhofaza qilishdan ko‘ra mas’uliyatli va mashaqqatlidir. Men 1987 yili Toshkent davlat san’at institutini tamomlaganimdan so‘ng, armiyaga borganman. U paytlar qo‘shni Afg‘onistonda ayni urush olovi gurillayotgan armiyaga borish xavotirli damlar edi. Turkiston harbiy okrugining Ashula va raqs ansambliga borganimda Ahmadjon Nurov ismli akamiz meni ko‘rib, «Mirza bizga o‘zingiz tayyorlagan ariyalar va romanslardan ijro etib berasiz. Bizga xizmatga keling» dedilar. Xursand bo‘ldim. «Armiyagami?» desam, «Ha, armiyaga, bizda xizmat qilasiz!», dedilar. Keyin Chust tumani harbiy bo‘linmasiga xat qildilar. Unda, «Bizdan telefonogramma bormaguncha, bu yigitni hech qayerga yubormang», deyilgan edi. Ularning taklifi bilan harbiy xizmatni boshladim. O‘z Vatanimda xizmat qilish juda sharafli bo‘lgan. Chunki u davrlarda deyarli hamma o‘zga yurtlarga xizmatga borishardi.
Xizmat juda yaxshi o‘tgan. Men haliyam g‘urur bilan eslaydigan voqealardan biri shuki, o‘sha paytda juda mashhur bo‘lgan xonanda, xalq artisti Iosif Kobzon kelib, ansamblimizda qo‘shiq ijro qilgan. Biz esa ularning ortidan xor bo‘lib jo‘rovozlik qilganmiz. Konsertdan keyin esa dirijyorimiz kirib kelib, «Bugundan boshlab Iosif Kobzonning asarlarini oddiy askar Azizov ijro etadi», degan. Juda hayajonlanganman. San’at ostonasida turgan yosh yigit uchun bu katta ishonch va imkoniyat edi.
Ansamblimiz bilan bir nechta respublikada bo‘lganmiz. Qo‘shni davlatlar bo‘ylab gastrol safarlarda, dengiz flotlarida bo‘lib konsert dasturlarini namoyish etganmiz. O‘sha joylarda ham, ulkan harbiy texnikalarni boshqarayotgan, komandir bo‘lgan hamyurtlarimizni, chustlik yigitlarni ko‘rib, qalbim faxrga to‘lgan.
Avvalo, egniga harbiy libos kiyib, yurtni kunu tun himoya qilishga shaylangan har bir Vatan himoyachisining dilida g‘urur bor, shu el-yurt uchun ezgulik bor. Ona Vatanimizni muhofaza qilib, osoyishtaligimizni ta’minlayotgan harbiy xizmatchilarning xizmati sharafli ekanligi shundan.
Turli rollarni ijro etishga harakat qilaman. Lekin harbiy xizmatchilarning obrazini yaratish bir oz mushkul. Jumladan, «Ostona» serialida mayor Mo‘minov obrazini ochib berishga harakat qilganman. Uning zudlik bilan qaror qabul qilishini, to‘g‘ri qaror qabul qilishini, mamlakat tinchligiga kamarbasta inson ekanligini gavdalantirishga intilganman.
San’at sohasi vakilimi yoki madaniyat xodimimi u albatta, tafakkuri keng, mustaqil fikrli va o‘ta madaniyatli inson bo‘lishi kerak. Bunda siz aytmish, kitoblar bizga yaqindan ko‘mak beradi. O‘zimga kelsak, tarixiy adabiyotlar bilan birga, she’riy kitoblarni ko‘p mutolaa qilaman. Ayniqsa, ona yurt haqidagi misralarga qayta-qayta murojaat qilaman".