Mol achchig‘i – jon achchig‘i(mi?) yoxud  qarz undiruvi uchun “CAPTIVA” rusumli avtotransport vositasini xatlashga to‘g‘ri keldi

Fuqarolik ishlari bo‘yicha Kattaqo‘rg‘on tumanlararo sudining qaroriga asosan qarzdor A.X.dan undiruvchi D.G.ning foydasiga uch nafar farzandining ta’minoti uchun oylik ish haqining uchdan bir qismi miqdorda aliment undirish belgilangan. Sud qaroriga ko‘ra, ijro hujjati Majburiy ijro byurosi Urgut tuman bo‘limi tomonidan yuritilgan.

– Fuqaro alimentni o‘z vaqtida to‘lamaganligi sababli mazkur ijro hujjatiga asosan qarzdorning mol-mulklarini aniqlash maqsadida tegishli tashkilotlarga so‘rovnomalar yubordik va olingan ma’lumotlarga asosan barcha mol-mulklariga taqiq qo‘yildi, – deydi MIB Urgut tumani bo‘limi davlat ijrochisi I.Subhonqulov. – Hujjat ijrosini ta’minlash maqsadida ko‘rilgan choralar va olib borilgan tushuntirishlar natijasida qarzdor ota farzandlari voyaga yetgunicha to‘lashi kerak bo‘lgan 92 million 200 ming so‘m aliment pulini to‘lab berdi.

Majburiy ijro byurosi Samarqand shahar bo‘limi ish yurituvida iqtisodiy sudning hujjatiga asosan qarzdor – G.Sh.dan undiruvchi –  “Kapitalbank” viloyat filiali foydasiga 121 million 873 ming so‘m kredit qarzini undirish bilan bog‘liq ish mavjud edi.

Mazkur hujjatni ijro etish jarayonida javobgarga tegishli bo‘lgan “CAPTIVA” rusumli avtotransport vositasini xatlashga to‘g‘ri keldi.  MIB Samarqand shahar bo‘limi davlat ijrochisi O‘.Dadaboyevning ma’lum qilishicha, qarzdorga agar belgilangan muddatda to‘lov amalga oshirilmasa, mazkur transport vositasi auksion savdosiga chiqarilishi va tegishli mablag‘ undirilishi tushuntirilgan. Shundan so‘ng fuqaro bank oldidagi qarzdorligini bartaraf etdi.