Moldovada energiya inqirozi tufayli talabalar masofaviy ta’limga o‘tkazilmoqda. Nokia bozorni tark etmoqda. Kubadagi harbiy bazada portlash
🔹 Kecha Isroil va HAMAS bir qancha xalqaro vositachilar, jumladan, Misr va Qatar ishtirokida o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuv imzolagan edi. Biroq bugun Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxu kelishuvlarning amalga oshirilishi tahdid ostida ekanini aytdi. Matbout Isroil oldin ham bir necha marta kelishuvlarni orqaga surganini eslatmoqda.
🔹 Buyuk Britaniya Bosh vaziri Key Starmer e’lon qilinmagan tashrif bilan Ukraina poytaxtiga bordi. Britaniya hukumati mudofaa, ilm-fan, energetika va savdo kabi sohalarni qamrab oluvchi “100 yillik hamkorlik” shartnomasini imzolashni rejalashtirayotganini aytdi.
🔹 Kubadagi o‘q-dorilar omboridagi portlashlar oqibatida 13 askar halok bo‘ldi.
🔹 Qozog‘iston transport vazirligi AZAL samolyoti halokati haqidagi norasmiy ma’lumotga izoh berishdan bosh tortdi. "Qozog‘iston Respublikasi Transport vazirligining Havo hodisalarini tekshirish komissiyasi hodisa sabablarini aniqlash bo‘yicha ishlarni davom ettirmoqda. Dastlabki hisobot e’lon qilinmaguncha, komissiya internetda mavjud bo‘lmagan ma’lumotlarga izoh bermaydi”, deyiladi xabarda.
🔹 Vladimir Putin AQShning saylangan prezidenti Donald Tramp bilan Rossiya-Ukraina urushi bo‘yicha muzokaralarda Ukrainadan NATO bilan harbiy aloqalarni keskin uzish va cheklangan armiyaga ega neytral davlatga aylanishni talab qiladi, deb yozadi Bloomberg Kreml pozitsiyasidan xabardor manbalarga tayanib.
🔹 Jo Bayden AQSh prezidenti sifatida xayrlashuv nutqida amerikaliklarni boylik va hokimiyatni oligarxlarning kichik doirasi qo‘lida to‘plash xavfi haqida ogohlantirdi. Kuzatuvchilar va OAV u milliarder Ilon Maskni nazarda tutayotganiga ishonishadi. Bayden o‘z xabarini prezident sifatida xizmat qilish "buyuk sharaf" bo‘lgan xalq, uning oilasi va tarafdorlariga minnatdorchilik bildirib, yoshlarni mamlakatni belgilovchi tamoyillar va institutlarni himoya qilishga chaqirdi.
🔹 Moldovada energiya inqirozi tufayli talabalar masofaviy ta’limga o‘tkazilmoqda. Onlayn darslar mart oyi oxirigacha davom etadi. O‘tgan yilning 16 dekabridan boshlab mamlakatda energetika sohasida favqulodda holat joriy etilgan.
🔹 Fransiya prezidenti Emmanuel Makron va Buyuk Britaniya bosh vaziri Key Starmer o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvga erishilgandan so‘ng Ukrainaga tinchlikparvar kontingentni yuborish imkoniyatini muhokama qilmoqda.
🔹 Nokia brendi ostida smartfonlar ishlab chiqaruvchi va sotuvchi Finlyandiyaning HMD Global kompaniyasi ularni sotuvdan chiqardi. Bunday qarorga sanoat gigantlari - Apple va Samsung bilan raqobatlasha olmasligi sabab bo‘ldi. Nokia yangi loyihalar, jumladan, kosmosda uyali aloqa tarmog‘ini o‘rnatish ustida ishlashda davom etadi.