Muammolar girdobidagi jamoat transporti
Joriy yilning 11-sentyabr kuni “Zarafshon” gazetasida hamda Zarnews.uz saytida “Samarqand transporti: tirbandliklarga nima sabab bo‘lyapti?” sarlavhasi ostida maqola e’lon qilindi. Unda jurnalist D.To‘xtayev jamoat transporti xususida tanqidiy–tahliliy fikrlarini o‘rtaga tashlagan.
Transport boshqarmasi tomonidan mazkur maqolada tanqid ostiga olingan kamchiliklar va aholidan kelib tushayotgan murojaatlar viloyatda mavjud barcha avtotransport sohasida faoliyat olib borayotgan korxonalarda muhokama qilindi. Unda ko‘rsatib o‘tilgan kamchiliklarni bartaraf qilish, aholiga sifatli transport xizmatini ko‘rsatish davr talabi ekanligi qat’iy tushuntirildi.
Naqdsiz to‘lovga qachon o‘tamiz?
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 10 yanvardagi “Aholiga transport xizmati ko‘rsatish hamda shaharlar va qishloqlarda avtobuslarda yo‘lovchilar tashish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi hamda Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 11 noyabrdagi “Umumiy foydalaniladigan transportda yo‘lovchi tashishda yo‘lkira haqini to‘lashning avtomatlashtirilgan tizimini joriy etish to‘g‘risida” qaroriga asosan Samarqand shahrida yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatuvchi avtobuslarda “Tezcard” elektron to‘lov tizimi joriy qilingandi. Biroq, “Tezcard” MChJ tomonidan naqd pulsiz to‘lov tizimini ommalashtirish uchun targ‘ibot-tashviqot ishlari umuman olib borilmaganligi sababli yo‘lovchilar o‘rtasida elektron to‘lov kartalari haqida yetarli ma’lumotlar mavjud emas. To‘g‘ri, Samarqand shahrining 15 ta nuqtasida elektron kartalari sotuv do‘konlari tashkil qilingan bo‘lsa-da, biroq ushbu tizimni ommalashtirishga televideniya, gazeta va ijtimoiy tarmoqlarda, hatto, avtobuslarning o‘zida ham biror bir reklama yoki naqd pulsiz to‘lovning muhim jihatlari haqida ma’lumotlar berilmagan. Viloyat transport boshqarmasi tomonidan elektron to‘lov usullari haqida berib borilayotgan ma’lumotlar bundan mustasno.
Masalaning yana bir muhim jihati shundaki, “Tezcard” MChJ hamda avtokorxonalar o‘rtasida moliyaviy masalalarda o‘zaro kelishmovchiliklar kelib chiqayotganligi sababli ham tizimda to‘xtalishlar yuzaga kelmoqda. Yo‘lovchilardan tushgan pul to‘lov miqdorlari kelishilgan vaqtda tashuvchining hisob-raqamiga qaytarilmagan. Xizmat ko‘rsatish haqida umuman gap bo‘lishi mumkin emas. Chunki texnik ta’mirga muhtoj validatorlar “ustasini kutib” chang bosgan holda xona burchagidan joy olgani fikrimiz isbotidir.
Agar shahar avtobus yo‘nalishlarida yo‘l kira haqi 1400 so‘m qilib belgilanganligini hisobga olsak, shundan 5% “Tezcard” MChJ hisobiga o‘tkaziladi. Bundan tashqari, elektron to‘lovni yechib oluvchi validatorlar to‘liqligicha onlayn rejimda faoliyat olib boradi. Buning uchun avtokorxona rahbariyati mobil sim-kartalar sotib olish va faollashtirishi hamda to‘lov o‘tkazilganligini tasdiqlovchi chek qog‘ozlarini o‘z hisobidan xarid qilishi kerak. Bundan tushunish mumkinki, tadbirkor elektron to‘lov tizimini yo‘lga qo‘yish uchun qo‘shimcha xarajatlar qilishi kerak. Ya’ni, o‘z pulini qaytarib olish uchun qo‘shimcha xarajat qilishi shart.
“Nega mazkur xarajatlar xizmat ko‘rsatuvchi korxona tomonidan qoplab berilmaydi?” degan savol esa haligacha javobsiz qolmoqda.
Kim epchil-u, kim chaqqon?!
Avtobuslarning shahar ko‘chalarida bir-birini quvib o‘tishining asosiy sabablari bir nechta:
birinchidan, moliyaviy tomonga borib taqaladi, ya’ni ko‘proq pul terish. Chunki, barcha tadbirkorlik sub’yektlarida haydovchilarning oylik maoshlari mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdori darajasida belgilangan. Ularning asosiy daromadi tadbirkorlik sub’yekti tomonidan “qo‘yilgan reja”dan (Aslida jamoat transportida ko‘rilgan zarar mahalliy hokimiyat tomonidan qoplab berilishi kerak) ortiqcha pullardir. Shuning uchun haydovchilar imkon qadar ko‘proq yo‘lovchi tashishga harakat qilishadi;
ikkinchidan, shahar yo‘lovchi avtobuslari harakatida bir-birini takrorlovchi yo‘nalishlar juda ko‘p. Misol uchun, 66, 32, 51, 52, 64 va boshqa yo‘nalishlar. Bu holatni bartaraf etish uchun shahar avtobus yo‘nalishlarini qayta ko‘rib chiqish zarur.
Hozirda ushbu muammoning yechimini topish maqsadida bir qancha amaliy ishlar boshlangan, bu haqda ijtimoiy tarmoqlardagi hamda rasmiy veb-sahifamiz orqali ma’lumot berib kelmoqdamiz.
Shu o‘rinda konduktorlik xizmati haqida to‘xtalib o‘tsak. Viloyatda mavjud avtokorxonalar rahbarlari bilan holat yuzasidan suhbatlashilganda, ularda konduktorlik xizmati xodimlari mavjud emasligini aytishdi. Hozirda har bekatda quloqni qomatga keltiruvchi “pattachilar” haydovchilar tomonidan yollangan ishchilardir. Ular o‘zaro kelishuv asosida “maosh” oladi. Biroq, bu holat hech qayerda ro‘yxatga olinmagan.
Darvoqe, maqolada ko‘rsatilgan 14-raqamli yo‘nalishdagi avtobus bundan 18 oy oldin o‘z xarajatlarini qoplamaganligi uchun tadbirkor tomonidan to‘xtatilgan.
Eng og‘riqli muammo
Pandemiya sababli barcha korxonalar jiddiy zarar ko‘rdi. Bu o‘z navbatida transport sohasida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlik sub’yektlarini ham chetlab o‘tmadi. Ayniqsa, 2020 yilda jamoat transportining to‘liq to‘xtatilishi tadbirkorlik sub’yektlarini inqirozlik holatiga solib qo‘ydi.
Hammamizga ma’lumki, shahar avtobus yo‘nalishlarida aholiga xizmat ko‘rsatuvchi avtobuslar bank krediti hisobiga sotib olingan. Infeksiya tarqalishining oldini olish maqsadida qo‘llanilgan qat’iy karantin davri uchun banklar tomonidan kredit foizlarining undirilishi transport sohasida faoliyat ko‘rsatuvchi tadbirkorlik sub’yektlari uchun katta zarba bo‘ldi.
2020 yilning birinchi choragida Samarqand shahrida 560 ta avtobus yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatgan bo‘lsa, bugungi kunga kelib ularning soni 380 tani tashkil qilmoqda. 180 ta avtobus kredit foizlarini qoplash uchun tadbirkorlik sub’yektlari tomonidan sotilgan. Buning barobarida mavjud 56 ta shahar avtobus yo‘nalishlaridan 17 tasining faoliyati vaqtincha to‘xtab qolgan. (Hozirda ushbu yo‘nalishlarni qayta tiklash choralari izlanayapti) 39 ta shahar avtobus yo‘nalishlarida avtobuslar yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatib kelmoqda.
Ma’lumot o‘rnida
Hozirda shahar ko‘chalarida yo‘lovchi tashish xizmatini ko‘rsatuvchi avtobuslar haqiqatan ham ma’nan eskirgan, zamonaviy talablarga javob bera olmaydi. Bu bilan soha o‘z holiga tashlab qo‘yilgan, degan fikrdan yiroqmiz. Qulay transport tizimini yaratish, har tomonlama qulayliklarga ega bo‘lgan zamonaviy transport vositalarini yo‘nalishlarga chiqarish bo‘yicha keng qamrovli ishlar amalga oshirilmoqda. Bunga misol qilib, “Simetra” xorijiy korxonasi bilan hamkorlikda olib borilayotgan ishlarni, “yashil shahar” doirasida olib kelishi mo‘ljallangan elektrobuslarni ayta olamiz.
“Simetra” xorijiy korxonasi tomonidan ishlab chiqilgan yangi loyiha hozirda mutaxassislar tomonidan tahlil qilinmoqda.
Samarqand viloyati transport
boshqarmasi axborot xizmati.