Muddatidan oldin ovoz berish davom etmoqda
“O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi to‘g‘risida”gi konstitutsiyaviy qonun loyihasi bo‘yicha joriy yilning 30 aprel kuni yurtimizda umumxalq referendumi o‘tkaziladi.
“O‘zbekiston Respublikasining referendumi to‘g‘risida”gi qonunning 35-1-moddasiga ko‘ra, referendum kuni o‘z yashash joyida bo‘lish imkoniyatiga ega bo‘lmagan ovoz beruvchi muddatidan oldin ovoz berish huquqiga ega. Markaziy saylov komissiyaning qaroriga ko‘ra, 19 apreldan buyon yurtdoshlarimiz ushbu huquqidan foydalanmoqda.
26 aprel kuni yakunlanadigan mazkur jarayon davomida fuqarolar dam olish va bayram kunlari ham soat 12:00 dan soat 16:00 ga qadar ro‘yxatga olingan referendum uchastkasiga borib, muddatidan oldin ovoz berishi mumkin.
Samarqand viloyati teleradiokompaniyasi muxbiri Erkin Hasanov 30 aprelda referendum jarayonlarini yoritish uchun ishda bo‘ladi. Shuning uchun u bugun o‘zi yashab turgan Samarqand tumani Pulimug‘ob mahallasidagi 857-referendum uchastkasiga borib, muddatidan oldin ovoz berdi.
– Bir oydan buyon yangilanayotgan konstitutsiyamiz targ‘iboti jarayonlarida ishtirok etib, bu haqda ko‘rsatuv va lavhalar tayyorlab kelyapmiz, – deydi E.Hasanov. – Yurtdoshlarimiz konstitutsiyamizga kiritilayotgan o‘zgarishlarga, referendumga befarq emas. Jumladan, men ham bu o‘zgarishlarni qo‘llab-quvvatlayman va albatta, referendumda ishtirok etaman. Ovoz berish ertalab soat 8.00 dan kech 20.00 gacha davom etsa-da, bu vaqt davomida ishni yakunlab, uchastkaga kela olmasligim mumkin. Shuning uchun muddatidan oldin ovoz berishga qaror qildim va uchastkaga kelib, komissiyaga murojaat qildim.