Samarqandda 2 million 81 ming nafar fuqaro ro‘yxatga olingan
Bugun mamlakatimizda muhim siyosiy jarayon – “O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy qonuni loyihasi bo‘yicha umumxalq referendumi o‘tkazilmoqda.
Bugun soat 8.00 da 7-Samarqand okrugi hududidagi 1111 ta referendum uchastkasida ovoz berish jarayonlari boshlandi.
Okrug bo‘yicha ovoz beruvchilarning umumiy soni 2 million 81 ming 436 nafarni tashkil etmoqda. Ularning 65 ming nafari ilk bor ushbu siyosiy jarayonda qatnashayotgan yoshlardir.
Samarqand viloyati hokimi E.Turdimov Samarqand shahridagi 42-umumiy o‘rta ta’lim maktabida joylashgan 144-referendum uchastkasiga borib, birinchilar qatorida ovoz berdi.
Uchastka komissiyasi raisi Umid Ahadovning ma’lum qilishicha, uchastkada Bog‘dod, Orzu, Rahmatobod mahallalarida yashovchi 2944 nafar fuqaro ovoz beradi. Ularning 21 nafari ilk marta ishtirok etmoqda. 35 nafar fuqaro muddatidan oldin ovoz bergan.