Referendum o‘tkazuvchi uchastkalar tuzildi
O‘zbekiston Respublikasi referendumini o‘tkazuvchi 7-Samarqand okrug komissiyasining navbatdagi majlisi o‘tkazildi.
Komissiya raisi F.Toshev boshqargan yig‘ilishda okrug hududida referendum uchastkalarni tuzish haqidagi masala ko‘rib chiqildi.
“O‘zbekiston Respublikasining referendumi to‘g‘risida”gi qonunning 16-moddasiga ko‘ra, referendum uchastkalari tumanlar, shaharlar, shaharlardagi tumanlarning chegaralarini inobatga olgan holda, referendumda ishtirok etish huquqiga ega bo‘lgan fuqarolarga mumkin qadar ko‘proq qulaylik yaratish maqsadida tuziladi.
Referendum uchastkalari harbiy qismlar, sanatoriylar, dam olish uylari, kasalxonalar va boshqa statsionar davolash muassasalarida, olis va borish qiyin bo‘lgan yerlardagi fuqarolar turgan joylarda qamoqda saqlash va ozodlikdan mahrum etish joylarida ham tashkil etiladi.
– Qonunga muvofiq, referendum uchastkalari tumanlar, shaharlar hokimlarining taqdimnomasiga binoan referendum o‘tkazuvchi okrug komissiyalari tomonidan tuzilishi kerak, – deydi 7-Samarqand okrug komissiyasi raisi o‘rinbosari D.Yakubjanova. – Harbiy qismlarda referendum uchastkalari qismlar yoki harbiy qo‘shilmalar komandirlarining taqdimnomasiga binoan tuziladi. Ushbu tartiblarga ko‘ra, bizga taqdim etilgan taqdimnomalar asosida Samarqand viloyatida 1111 ta referendum uchastkasi tuzishga qaror qilindi. Eng ko‘p uchastkalar Samarqand shahri (175 ta) va Urgut tumanida (126 ta), eng kami Kattaqo‘rg‘on shahri (33 ta) va Paxtachi tumanida (43 ta) tuzildi. Uchastkalar referendumda ishtirok etish huquqiga ega bo‘lgan fuqarolarning, qoida tariqasida, kamida yigirma va ko‘pi bilan uch ming nafaridan iborat etib tashkil etilmoqda. Referendum uchastkalarining 890 tasi umumiy o‘rta ta’lim maktablarida, 58 tasi kollej, litsey va texnikumlarda, 41 tasi mahalla fuqarolar yig‘inlarida, 52 tasi tibbiyot, sanatoriy va dam olish muassasalarida, 16 tasi oliy o‘quv yurtlari binolarida, 11 tasi harbiy qism va ozodlikdan mahrum etish muassasalarida faoliyat olib boradi. Uchastkalar ro‘yxati viloyatdagi ommaviy axborot vositalarida e’lon qilinadi.
Majlisdan so‘ng okrug komissiyasi raisi ishtirokida o‘tkazilgan brifingda 7-Samarqand okrugi bo‘yicha shu paytgacha amalga oshirilgan ishlar haqida ma’lumot berildi.