Referendum-2023: Mutasaddilar axboroti eshitildi

O‘zbekiston Respublikasi referendumini o‘tkazuvchi 7-Samarqand okrugi komissiyasining navbatdagi majlisi o‘tkazildi.

Komissiya raisi F.Toshev boshqargan majlisda okrug hududida referendumga tayyorgarlikning borishi, ovoz berishni o‘tkazish uchun ko‘rilayotgan choralar muhokama etildi.

Referendum uchastkalarida elektr energiyasi ta’minoti, aloqa va internet tarmoqlarning ishlashi, aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatish borasida ko‘rilayotgan chora-tadbirlar yuzasidan viloyat elektr tarmoqlari korxonasi, “O‘zbektelekom” aksiyadorik jamiyati Samarqand filiali va viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi rahbarlarining axboroti eshitildi.

Mas’ullar okrug hududidagi barcha uchastkalarda komissiya a’zolari va ovoz beruvchilar uchun zarur shart-sharoit yaratilgani, sohaviy xizmatlar mutaxassislari biriktirilganini ma’lum qildi. Shuningdek, majlisda 19-26 aprel kunlari o‘tkazilgan muddatidan oldin ovoz berish jarayonlari yakunlari ham ko‘rib chiqildi.

Yig‘ilishda komissiya vakolatiga tegishli boshqa masalalar ham muhokama etildi.

Majlisdan so‘ng okrug matbuot markazida ommaviy axborot vositalari xodimlari uchun brifing o‘tkazildi va okrug hududida referendumga hozirlik jarayonlari haqida ma’lumot berildi.