O‘zbekistonda referendumga katta tayyorgarlik ko‘rilgan
Ertaga mamlakatimizda “O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi to‘g‘risida”gi konstitutsiyaviy qonun bo‘yicha referendum o‘tkaziladi.
Ushbu jarayonni kuzatish maqsadida yurtimizga xorijiy davlatlar va xalqaro tashkilotlar kuzatuvchilar kelgan.
Kuzatuvchilarning bir guruhi bugun Samarqand viloyatida bo‘lib, 7-Samarqand okrug komissiyasi va matbuot markazi, referendum uchastkalari faoliyati bilan tanishdi.
- Bundan avval O‘zbekiston Respublikasi Prezident saylovida qatnashganman va mamlakatingiz saylov qonunchiligidan yaxshi xabardorman, - deydi Osiyo parlemant assambleyasi bosh kotibi Muhammad Rizo Majidi. – Demokratik islohotlar ham bosqichma-bosqich, tizimli amalga oshirilmoqda. Bu, albatta, saylov va referendum jarayonlarida yaqqol aks etmoqda. Saylovlar juda yuqori saviyada o‘tgan edi. Referendum ham aholining faol ishtirokida, uyushqoqlik bilan o‘tishiga ishonaman. Uchastkalarda ko‘rilgan tayyorgarlik, odamlarning kayfiyati shundan dalolat beradi. Men O‘zbekiston nafaqat Markaziy Osiyo mintaqasida, balki dunyoda ham boshqalarga ibrat bo‘ladigan, yordam beradigan davlat sifatida o‘z o‘rniga ega bo‘lishini istayman.
- Men ilk bor O‘zbekistonga kelib, siyosiy jarayonni kuzatish imkoniyatiga ega bo‘lib turibman, – deydi germaniyalik jurnalist Sasha Vilme. – Bizda, Tyuringen shahrida o‘zbekistonlik yoshlarni o‘qitish bo‘yicha dastur bor. Ana shu dastur vakillari bizni mamlakatingizga taklif qilishgan edi. Tanlovdan muvaffaqiyatli o‘tib, yurtingizga kelganimdan xursandman. Ertaga Samarqandda referendumni kuzatmoqchiman. To‘g‘risi, natijalar meni qiziqtirmoqda.
Italiyadagi “Planet 360 info” xalqaro axborot portali hammuassisi va bosh muharriri, MDH davlatlari parlamentlararo assambleyasi xalqaro kuzatuvchisi Yelena Buldakova O‘zbekistonda saylov va referendumlar juda yuqori saviyada o‘tishini e’tirof etdi.
- 2021 yilda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida kuzatuvchi sifatida ishtirok etgandim va bu gal MDH parlamentlararo assambleyasi xalqaro kuzatuvchilar missiyasini bajarmoqdaman, – deydi Elena Buldakova. – Uchastkalarda ovoz beruvchilar uchun barcha sharoitlar yaratilgan, targ‘ibot tadbirlari ham yaxshi olib borilganiga ugvoh bo‘ldim. Aytmoqchimanki, fuqarolarning saylov huquqlarini ta’minlash uchun barcha jihatlar inobatga olingan. Jurnalist sifatida saylovoldi tashviqotlarida qatnashish tajribamdan kelib chiqib aytishim mumkinki, ertaga bo‘lib o‘tadigan referendum yuqori saviyada o‘tadi.
- Juda ko‘p davlatlarning saylov jarayonini kuzatganman – deydi Butunjahon saylov organlari assotsiatsiyasi bosh kotibi Djang In Sik. - Turli davlatlarda bu jarayon o‘ziga xos tarzda o‘tadi, ya’ni bir-biriga taqqoslab bo‘lmaydi. Lekin O‘zbekistonda referendumga tayyorgarlik jarayoni ko‘tarinki ruhda olib borilayotganiga guvoh bo‘ldim. O‘zbekiston aholisi o‘z kelajagi uchun ovoz berishga tayyorgarlik ko‘ryapti, hayoti farovonligi uchun dadil qadamlar tashlayotganini kuzatdim.