Mulk huquqini e’tirof etish bo‘yicha yana «aksiya» bo‘ladimi?
Kyeyingi 2-3 yilda yer nazoratini takomillashtirish, kadastr, ko‘chmas mulkni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish va yerlarni xususiylashtirish bo‘yicha islohotlar davri bo‘ldi. Kadastr pasportini tayyorlash muddatlari sezilarli qisqartirildi. Jumladan, kadastr yig‘majildini tayyorlash ob’yektning murakkabligiga qarab 2 kundan 25 kungacha qisqardi.
Kadastr sohasidagi o‘zgarishlar, noqonuniy ob’yektlar va davlat ro‘yxatidan o‘tmagan uy-joylarni hisobga olishdagi qonuniy asoslar yuzasidan Davlat kadastrlari palatasining viloyat boshqarmasi bino va inshootlar davlat kadastrini yuritish bo‘limi boshlig‘i Bahodir Hakimovga bir necha savollar bilan murojaat qildik.
- Qurilishlar yil sayin ko‘paymoqda, ularni davlat ro‘yxatiga olish, xatlovdan o‘tkazish, elektron bazani shakllantirishga ehtiyoj ortmoqda. Aholini qiynayotgan masalalardan biri ham uy-joyni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish va kadastr pasporti tayyorlatish bilan bog‘liq. Ko‘chmas mulklarni ro‘yxatga olishda kadastr sohasida qanday o‘zgarishlar bo‘ldi?
- Hozirda viloyatimizda jismoniy va yuridik shaxslarga tegishli 899 290 ta ko‘chmas mulk ob’yekti bo‘lib, 869 580 ta ob’yekt jismoniy shaxslar tasarrufida. Raqamlarni solishtiradigan bo‘lsak, ko‘rsatkichlar 2022 yilga nisbatan 7329 taga ko‘paygan. Ko‘chmas mulklardan yakka tartibdagi turar joylar 736 337 ta bo‘lib, shundan 735 197 tasi jismoniy shaxslarga, 1140 tasi yuridik shaxslarga tegishli. Bu ko‘rsatkich 2022 yilga nisbatan jismoniy shaxslarga tegishli yakka tartibdagi uy-joylarning qayta qurilishi yoki butunlay buzilganligi hisobiga 4344 ta (kam) bo‘lib, yuridik shaxslarga tegishlisi 157 taga ko‘paygan. Shuningdek, aholi tasarrufidagi tomorqa yer uchastkalari jami 52 413 tani tashkil etib, 404 taga ko‘paydi. 59 582 ta noturar joy ob’yektlarining 36 519 tasi jismoniy, 24063 tasi yuridik shaxslar ixtiyorida. Bunda ham 2022 yilga nisbatan jismoniy shaxslarda 2076 taga, yuridik shaxslarda 2566 taga ko‘paygan.
Raqamlardan ham ko‘rinib turibdiki, yil sayin aholida uy-joyga mulk huquqini olish, mulkni davlat ro‘yxatidan o‘tkazishga talab ortib bormoqda. Bu, avvalo, fuqarolarda huquqiy savodxonlikning ortishi bilan bog‘liq.
Hukumat qarorlari talablari asosida viloyat bo‘yicha o‘tgan yilda xizmat ko‘rsatish sohasida kadastr pasportini shakllantirish uchun viloyat Davlat kadastrlari palatasining tuman (shahar) filiallariga 57919 ta elektron tarzda ariza (buyurtma)lar yuborildi va ularning 36059 tasi ijobiy hal etildi.
Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 29 dekabrdagi «Ko‘chmas mulk ob’yektlariga bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish tartibini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori hamda 2022 yil 28 noyabrdagi «Ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish to‘g‘risida»gi Qonunga asosan ko‘chmas mulk ob’yektlariga bo‘lgan xuquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish bo‘yicha viloyatimizda 2023 yilda 88 373 ta buyurtma kelib tushdi va shundan 58 473 ta buyurtma ijobiy hal etildi.
- 2023 yilda yer uchastkalarini auksion savdolariga chiqarish yo‘nalishida qanday ishlar amalga oshirildi?
- Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 27 avgustdagi «Yer uchastkalarini jamoat ehtiyojlari uchun doimiy foydalanishga ajratishning ma’muriy reglamentini tasdiqlash to‘g‘risida»gi qaroriga asosan, davlat va jamoat ehtiyojlari uchun doimiy foydalanish huquqi asosida yer uchastkalarini ajratish maqsadida “YERELEKTRON” axborot almashinuv tizimiga jami 155 ta (2 613,6 gektar) yer maydoni kiritildi. Ushbu yer maydonlari maktab, bog‘cha, tibbiyot muassasasi, suv inshooti, elektr energiyasi korxonasi, mahallalar, sport maydonchalari, obodonlashtirish, geologiya, tuman IIBlariga va boshqa Davlat tashkilotlari va korxonalariga yer uchastkalari ajratildi.
Hukumatning tegishli qaroriga ko‘ra, viloyat tuman (shahar)laridan jami 6321 ta 666,5 gektar bo‘sh yer maydoni “YERELEKTRON” axborot almashinuv tizimiga kiritilib, shundan 3055 ta yer uchastkasi auksion savdolariga chiqarildi. 1532 ta lot auksionda sotildi, 1523 ta lot savdolarda, 1695 ta yer uchastkasi tashkilotlar tomonidan rad etildi va qolgan 1571 ta yer uchastkalari bo‘yicha kelishuvlar davom etmoqda.
Prezidentimizning 2022 yil 25 iyuldagi «Mahallalarda sanoat, hunarmandchilik, kasanachilik va chorvachilik mikromarkazlarini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qaroriga asosan viloyatimizda 44 ta mikromarkazlar tashkil etilishi belgilangan. Viloyatda mazkur qaror ijrosini ta’minlash maqsadida 260 ta 10,8 gektar yer uchastkasi “YERELEKTRON” dasturiga kiritilgan, shundan 144 ta lot auksion savdolariga chiqarilgan, 67 ta lot sotilgan, 77 ta lot bo‘yicha auksion savdolari davom etmoqda.
Do‘kon ochish, savdo faoliyati bilan shug‘ullanish, umuman, tadbirkorlik qilish uchun yer olishga qiziquvchilar ko‘p uchraydi. Ular yer olishning qonuniy asoslari yaratilgan bo‘lsa-da, bilib yoki bilmay arzon yo‘lini izlab, ko‘pincha firibgarlarning yer olib berish haqidagi aldovlariga ishonib qolishadi.
Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 3 avgustdagi «Ko‘chma savdo faoliyatiga zamonaviy axborot texnologiyalarini yanada keng joriy etish hamda savdo avtomati orqali chakana savdo faoliyatini tartibga solish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori qabul qilingan. Qarorga ko‘ra, viloyatda jami 23 605 ta ko‘chma savdo joylarini sxemalari ishlab chiqilgan. Shundan 14028 ta sxema kelishilgan, 9577 ta sxema rad etilgan, 5172 ta lot uchun savdolar amalga oshirilgan, 2611 ta lot bekor qilingan.
Bundan tashqari, yerlarni auksionga chiqarish yo‘nalishida 2024 yilda amalga oshiriladigan ishlar bo‘yicha yo‘l xaritalar ishlab chiqilib, tuman (shahar)lar uchun rejalar belgilab berilgan.
- Yashab turgan uy-joyi ota-onasidan qolgan, lekin egalik hujjati yo‘q xonadonlar ham bor. Bunday xonadonlarni hujjatlashtirish va davlat ro‘yxatiga kiritish qanday kechadi? Ayrim manbalarda yana «aksiya» bo‘lishi mumkinligi aytilgandi.
- Aholini bugungi kunda kadastr sohasi bo‘yicha ko‘proq qiziqtiradigan savollaridan biri, bu - egaligi mavjud bo‘lmagan uy-joylarga egalik huquqini belgilash bo‘yicha, desak bo‘ladi. Bu borada aholi xonadonlarini mahallabay tahlil qilish, avvaldan fuqaroning foydalanishida bo‘lgan yakka tartibdagi uy-joyga egalik qilish huquqini tasdiqlovchi va kadastr hujjatiga ega bo‘lmagan hamda uy-joyga egalik huquqini e’tirof etishga asos bo‘luvchi hujjatlarni to‘plash bilan birga, elektron bazaga kiritishni tashkil etish bo‘yicha viloyatimizda jami 583 494 ta davlat ro‘yxatidan o‘tmagan ob’yektlarga tegishli ma’lumotlar tahlil qilindi. Shundan viloyatimizda huquqiy hujjati mavjud bo‘lmagan uy-joylar soni jami 456 929 tani tashkil etmoqda. 26 467 tasi davlat ro‘yxatidan o‘tganligi ma’lum bo‘ldi, huquqiy hujjatlari mavjud 63 476 ta ob’yektlar davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi. Boshqa ob’yekt (bo‘sh yer, dala hovli yoki barak)lar soni 44 502 tani tashkil etdi.
Davlatimiz rahbari 2023 yilning 27 oktyabr kuni yer resurslaridan oqilona foydalanish, yer hisobini yuritish hamda kadastr xizmatlarini yaxshilash masalalari bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdi. Hisob-kitoblarga ko‘ra, respublikada 2,4 millionta xonadonning egalik hujjati yo‘q. Ularning qadastr hujjati qilinsa, odamlarga huquqiy, iqtisodiy zamin bo‘ladi. Shu bois hujjatsiz uy-joylarga egalik huquqini berish bo‘yicha qonun loyihasini yakuniga yetkazish vazifasi qo‘yildi. Shuningdek, aholi uzoq yillardan buyon uy-joy sifatida foydalanib kelayotgan, lekin hujjatda qishloq xo‘jaligi yerlari bo‘lib qolayotgan 817 ming gektar yerni xatlovdan o‘tkazib, yer toifasini o‘zgartirish taklifi bildirildi. Biroq bugungi kunda kadastr hujjatlarini tayyorlashda aksiya bo‘lishi kutilayotgani to‘g‘risidagi xabarlar ijtimoiy tarmoqlarda juda ko‘p tarqalyapti. Xabarlarga biroz tuzatish kiritish kerak. Sababi, xabarlarda kadastr hujjatlarini tayyorlash jarayoni aksiya deb nomlanyapti. Aslida aksiya emas. Chunki topografik o‘lchovlar uchun Kadastr agentligi maxsus samolyot va aerofotokamera, 112 ta dron bilan ta’minlanadi, sohani raqamlashtirish uchun esa 6 ta axborot tizimi va ma’lumotlar markazi ishga tushiriladi. Aholi tomonidan “Kadastr hujjatlari tayyorlab berilsa, noqonuniy qurilgan imoratlar uchun qayerga murojaat qilishimiz kerak? Qancha muddatda ko‘rib chiqiladi va qancha to‘lov qilinadi?”, degan savollar ko‘p berilmoqda. Bu savollarga faqat qonun qabul qilinganidan keyin javob berishimiz mumkin. Chunki barchasi qonunda aniq ko‘rsatiladi.
- Yuqoridagi xabarlar tarqalganidan keyin hududlarda yerlarni egallab, tezkorlik bilan qurilish qilayotganlar uchramoqda. Mazkur uy-joylarga ham egalik huquqi va kadastr hujjatlari qilib beriladimi?
– Haqiqatan ham ijtimoiy tarmoqlarda xabar tarqalganidan keyin «uddaburonlar» ko‘paydi. «Tezkorlik bilan imorat qurib olib, bu uyni 5-10 yil oldin qurganman, deb iddao qilsam, hujjatlashtirib olaman», deb o‘ylab yurgan bo‘lishlari mumkin. Lekin ular xato o‘ylamoqda. Sababi, Kadastr agentligi tomonidan yerlarning holatini o‘rganish bo‘yicha kosmik s’yomkalar xaritalari bor. Ular yordamida 5-10 yil, hatto 20 yil ortga qaytarib tekshirishimiz mumkin. Yerlarni o‘zboshimchalik bilan egallab olganlik, u yerga noqonuniy qurilmani amalga oshirganlik uchun qonunchilikda ma’muriy javobgarlikdan jinoiy javobgarlikkacha choralar belgilangan.
Ko‘chmas mulk ob’yekti mulkdorlari yoki ularning vakolatli vakillari ko‘chmas mulk ob’yektiga bo‘lgan mulk huquqi yoxud boshqa ashyoviy huquqlar vujudga kelishi boshqa shaxsga o‘tishi, huquq cheklanishi yoki bekor bo‘lishi, ko‘chmas mulk ob’yektining huquqiy holati o‘zgarishi mumkin. Unda shu kundan boshlab bir oy muddatda huquqni belgilovchi hujjatlarni ilova qilgan holda, ko‘chmas mulk ob’yektiga bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish lozim. Buning uchun Davlat xizmatlari markazlari yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali garov xati rasmiylashtirilganda esa ko‘chmas mulk ob’yektiga bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazuvchi organga murojaat qilish kerak.
- Ma’lumotlar uchun rahmat.
O‘ktam Xudoyberdiyev suhbatlashdi.