Mumtoz Mahal begim avtohalokatda vafot etgan(mi?)

Hindlarning “Xarobadan chiqqan millioner” filmida bir syujet bor. Film bosh qahramoni 7-8 yoshlardagi Jamol Malik Tojmahal eshigi oldida tilanchilik qilayotganda unga xorijlik sayyohlar duch keladi. Ular guruhdan ajralib qolgani, maqbarani aylanish niyatini bildiradi. Vaziyatni fahmlab qolgan Jamol imkoniyatni qo‘ldan boy bermay, “Tojmahal” bo‘ylab ularga yo‘riqchilik qiladi. O‘zini rosmana gidlardek tutib, buyuk obida qurilishining sababchisi bo‘lgan Mumtoz Mahal begim haqida gapirayotib, shunday deydi:

- U go‘zal ayol edi, afsuski, avtohalokatda vafot etgan.

- Eshitishimcha u o‘n to‘rtinchi farzandini dunyoga keltirish vaqtida vafot etadi, - deydi sayyoh XVI asr haqida gap ketayotganiga ishora qilib.

Jamol o‘zini yo‘qotmay javob beradi:

- Ha, to‘g‘ri aytyapsiz, tug‘ruqxonaga ketayotganda avtohalokatga uchraydi...

Film g‘oyasidan kelib chiqib aytish mumkinki, bu syujetda Jamol qorin to‘yg‘azish uchun pul topish maqsadida qilgan topqirligiga urg‘u berilgan va tomoshabinda yengil kulgi uyg‘otadi. Ammo bugun Samarqand obidalarida mamlakat imidjini, buyuk ajdodlar xotirasini shubha ostida qoldirayotgan, sayyohlarga mustamlaka mafkurasiga xayrixohlik maqsadida to‘qilgan afsona va matallarni aytib berayotgan gidlarning qanday vajlari bor?

Birgina ingliz tili bilan cheklanib qolishimiz to‘g‘ri emas

Gidlar ko‘p qirrali kasb egalari. Har qanday mamlakatga tashrif buyurgan sayyoh ular orqali o‘sha mamlakat haqida taassurotga ega bo‘ladi, baho beradi, Afsuski, keyingi paytlarda ziyoratgoh va qadamjolarda maxsus ta’lim olmagan, tarixdan bexabar gid-yo‘riqchilar faoliyat yuritayotgani ko‘pchilikning e’tiroziga sabab bo‘lyapti.    

- Respublikamizda asosiy tayanch universitet sifatida har yili 20 nafardan ortiq mutaxassis tayyorlayapmiz, - deydi “Ipak yo‘li”  turizm va madaniy meros xalqaro universiteti prorektori Jo‘liboy Eltazarov. – Turizmda gid-tarjimonlik mehmonxona, transport xizmati, logistika bilan bir xil ahamiyatga ega. Mamlakatga kelayotgan sayyoh bu yerda eng ko‘p tarjimon-yo‘riqchi bilan muloqotda bo‘ladi. Afsuski, bizda gid-yo‘riqchilikka o‘qiyotgan talabalar faqatgina chet tilini bilsam bo‘ldi, degan maqsadni oldiga qo‘yadi. Aslida gidlar eng avval, mamlakat tarixi, millatning urf-odat va qadriyatlarini bilishi lozim. Shu bois bugun turizm ob’yektlarida faoliyat yuritayotgan gidlar sayyohlarga buyuk ajdodlarimiz to‘g‘risida sovet davri mafkurasi ta’sirida paydo bo‘lgan, hech bir tarixiy asosga ega bo‘lmagan voqealar, afsonalarni so‘zlab beradi. Bu to‘qima rivoyatlar tariximizga, milliy, diniy qadriyatlarimizga to‘g‘ri kelmaydi. Oqibatda buyuk bir tarixni ko‘rish istagida kelgan sayyohda yurtimiz haqida salbiy taassurot uyg‘otiladi. Bunda faqat yosh gid-tarjimonlarni ayblashdan yiroqman. Buni to‘g‘ri yo‘lga qo‘yish uchun avvalo, tariximizni yoshlarga asl holicha taqdim qilishimiz, sohani turli yot siyosiy mafkuralardan xoli adabiyotlar, qo‘llanmalar bilan boyitishimiz lozim. 

Shu o‘rinda yana bir narsani ta’kidlamoqchiman. Gid-yo‘riqchilarni tayyorlashda birgina ingliz tili bilan cheklanib qolishimiz to‘g‘ri emas. Islom dunyosining yirik davlatlari, xususan, Indoneziya, Malayziya va arab mamlakatlari xalqlari tillarini ham o‘rgatishni yo‘lga qo‘ysak, maqsadga muvofiq bo‘lardi. Sababi, bizda turizm tarmog‘ida ziyorat turizmining hissasi katta. Har qanday kishiga o‘z ona tilida gapirsangiz, sizga xayrixohligi ortadi, bir kelgan joyiga yana keladi. Mehmondo‘stlikni faqatgina milliy taomlar bilan bog‘lamasdan, millatning ma’naviy, mafkuraviy tomonlarini ham ko‘rsatishimiz kerak. 

Ilmsiz kishilar to‘qima afsonalarga urg‘u beradi

Musulmon dunyosining e’tibor markazida bo‘lgan yurtimizdagi ulug‘ qadamjolarga ziyoratga kelgan kishi tabiiyki, buyuk ajdodlarimiz haqida ko‘proq ma’lumot olishni istaydi. Ammo bu yerda xizmat ko‘rsatayotgan yo‘riqchilar berayotgan ma’lumotlar ularni nafaqat qoniqtirmayapti, balki ko‘pincha e’tirozlariga ham sabab bo‘lyapti. Masalan, hadis ilmining sultoni Imom Buxoriy haqida uning bolaligida ko‘zi ojiz bo‘lgani, onasi farzandining ilm olishi uchun Haj safariga chiqqani haqidagi ma’lumotlar o‘ttiz yildirki, ziyoratchilarga yod bo‘lib ketdi. Vaholanki, bir necha yildan buyon bu yerda butun boshli ilmiy-tadqiqot markazi faoliyat yurityapti. Markazda allomaning hayoti, faoliyati haqida minglab ilmiy tadqiqotlar qilindi, bir nechta kitoblar chop etildi. 

- Afsuski, haligacha sayyohlarga yo‘riqchilik qilayotgan gidlar bu kitoblardan unumli foydalanmayapti, - deydi Imom Buxoriy ilmiy-tadqiqot markazining ziyorat turizmini rivojlantirish ilmiy bo‘limi boshlig‘i Barot Amonov. – Mustaqillikka erishgan davrlarda ma’lumotlar yetarli bo‘lmagan, borlari ham tartibga solinmagan edi. Ammo bugun ishonchli manbalar, qo‘llanmalar juda ko‘p.

O‘tgan yuz yillik mustamlaka davrida allomalarimiz haqida turli bo‘htonlar to‘qilgan. Afsuski, hali-hanuz ayrim gid-tarjimonlar ana shunday asosi yo‘q, haqiqatga to‘g‘ri kelmaydigan ma’lumotlarni gapirib yuribdi. Ayrim majmualarda turli sohalarda ishlab, nafaqaga chiqqach, bu yerga ishga joylashib, o‘zini dinshunos ko‘rsatayotganlar ko‘p uchraydi. Ayni shunday ilmsiz kishilar to‘qima afsonalarga ko‘p urg‘u beradi. Ulug‘ ajdodlarimizning buyukligini bildirish uchun ular haqiqatda qilgan ishlarini, xizmatlarini aytishning o‘zi kifoya. Ular biz to‘qiyotgan yolg‘onlarga muhtoj emas. Nafaqat Imom Buxoriy, sohibqiron Amir Temurni ham faqat buyuk sarkarda yoki amirgina emas, uning yoshligi, bu darajaga yetishidagi hayoti to‘liq ilmiy asosda yetkazib berilishi kerak. Sohibqironning o‘n yoshida Qur’onni yod olgani, ona tomondan bobosi Tegina xotunning otasi buxorolik Ubaydulloh Buxoriyning buyuk islom faqihi bo‘lgani sarkarda haqidagi tadqiqotlarda e’tibordan chetda qoladi. Ulug‘ sarkarda g‘alabalarining manbai nimada ekanini anglash, shunchaki bayonchilikdan qutulish lozim.

Ziyorat turizmini rivojlantirishda allomalar hayoti va ilmiy merosini tanishtirishda ma’lum bir loyiha asosida yaxlit qo‘llanma yaratish bugun oldimizda turgan eng muhim vazifalardan biri. Shunday manbalarni o‘rganishda arab tili mutaxassisi kerak, ayrimlari arxeologik o‘rganishlarni talab qiladi. Shu sababdan bu loyiha kompleks yondashuvni taqozo etadi. Ummon sultonligida bo‘lganimizda ularda arxiv va hujjatlarni saqlash departamenti borligi e’tiborimizni tortdi. Hatto og‘izdan-og‘izga o‘tib kelayotgan ma’lumotlarni yoshi ulug‘ ilmli kishilar tilidan yozib olib, ilmiy asosda saralab, video shaklida saqlab qo‘yishgan. Bizda ham shunday tajriba qo‘llansa, yaxlit va bir xil manba, qo‘llanma yaratiladi. Gid-tarjimonlar ana shu manba asosida gapirsa, afsonalarga o‘rin qolmaydi. Ayrim qadamjolarda gid-tarjimon sayyohlarning e’tiborini tortish uchun shunchalik xurofot va bid’atlarni gapiradiki, undan ko‘ra jim tursa, deysiz. Matalchi bo‘lmaslik kerak, bu o‘z ustimizdan kulishdan boshqa narsa emas. Mutaxassis-tadqiqotchilarning ma’lumotlari asosida har bir ob’yekt bo‘yicha, hech bo‘lmaganda, bir taboqlik risola tayyorlanishi lozim. Undan-bundan eshitgan, ijtimoiy tarmoqdan olgan ma’lumotlar bilan ziyoratchilarni jalb qilib bo‘lmaydi. Imom Buxoriy haqida bir nechta kitoblar chop qilindi. Xususan, “Imom Buxoriy izidan” kitobini o‘qigan kishi bunday yolg‘onlardan tiyiladi. O‘zi uchun ham ko‘p ma’lumotlarga ega bo‘ladi. Buning uchun faqat xohish bo‘lsa, bas. 

Bibixonim majmuasida gidlar sayyohlarga “tuxum voqeasi”ni so‘zlab beryapti  

Yaqinda o‘lkashunoslik muzeyida bo‘lib o‘tgan ikki kunlik seminarda Madaniy meros agentligi rahbari o‘rinbosari Tursunali Qo‘ziyev Bosh vazir hamrohligida Bibixonim majmuasida bo‘lganida bu yerda faoliyat olib borayotgan yo‘riqchilar sayyohlarga berayotgan ma’lumotlari bir-biriga zid ekanligining guvohi bo‘lgani haqida ta’kidladi. Achinarlisi, ayrim yo‘riqchilar xorijlik sayyohlarga Bibixonim haqida qasddan to‘qilgan afsona - “tuxum voqeasi”ni aytib beryapti, dedi u.

- Shu kungacha hatto Amir Temurning qiyofasi xususida sayyohlarga berayotgan ma’lumotlarda chalkashliklar uchrayapti, - deydi Samarqand davlat muzey-qo‘riqxonasi tarix bo‘limi mudiri, gid-ekskursovod To‘lqin Bo‘riyev. – Sharafiddin Ali Yazdiyning “Zafarnoma” asarida Amir Temurning qiyofasi haqidagi ma’lumotlar asosida O‘zbekiston Xalq rassomi Malik Nabiyevning chizgan surati rasman qabul qilingan bo‘lsa-da, bugungi kunda ham ayrim gidlar sayyohlarga rus rassomi Gerasimov tiklagan qiyofa asosida tushuncha beradi. Bu ko‘pincha o‘sha yerda Gerasimov varianti asosida chizilgan suratlarni sotayotgan do‘kon egalarining manfaatini ifodalaydi. Oqibatda xorijlik sayyohlar, hatto qo‘shni mamlakatlar tarixchilari ham shunga asosan ish olib boradi. Yaqinda “O‘tror-Samarqand: madaniyatlarning umumiy jihatlari” nomli ko‘rgazmada qozog‘istonlik hamkasblarimiz Gerasimovning variantini olib keldi. Biz bu noto‘g‘ri ekanligini ularga tushuntirib, suratni ko‘rgazmadan olib qo‘ydik. 

Ko‘ksaroyda Amir Temur taxti ostida turgan tosh, unda to‘rt barmoqning 3 bo‘g‘ini sig‘adigan chuqur bor. Tarixiy ma’lumotlarga ko‘ra, temuriy, shayboniy amirlar taxtga o‘tirganda har bir o‘zbek urug‘i oqsoqoli amirni oq kigizda ko‘tarib, taxt ustiga o‘tqazgan. Har bir sardor o‘sha chuqurchaga bittadan oltin tanga tashlagan va bu tangalar marosimdan so‘ng xalqqa tarqatilgan. Yaqinda sayyohlar guruhi ushbu chuqurcha haqida savol berganida bir yosh yo‘riqchi hech ikkilanmasdan “Amir Temurning oyog‘i cho‘loq bo‘lgani uchun shu yerdan ushlab, tik turishda foydalangan”, deya o‘z taxminini aytdi. Buni ilmsizlik, mas’uliyatsizlik bilan birga farosatsizlikka yo‘yish ham mumkin. 

Xo‘sh, tarixdan bexabar, bilimi sayoz bunday yo‘riqchilar sohaga qanday kirib kelyapti, degan savol tug‘iladi. Ko‘pincha, xususiy turizm firmalari bu ishda “jonbozlik” ko‘rsatyapti. Masalan, ba’zida ular sayyohlar guruhiga tajribali gidlarni yollaydi-da, o‘zlaridan biror kishini suratchi yoki haydovchiga yordamchi sifatida qo‘shib qo‘yadi. Ana shunday kishilar bir nechta guruhlarda ishtirok etib, uzuq-yuluq ma’lumotlarni o‘zlashtirib oladi. Ko‘p o‘tmay, firma ularni mahalliy ziyoratchilar uchun gid sifatida ishlataveradi. Biroz tajriba orttirgandan so‘ng xorijiy sayyohlarga ham shunday gidlarni taklif qiladi.

Albatta, sohada tadqiqotlar to‘xtab qolgani yo‘q, ammo ular bundan bexabar, faqat og‘zaki ma’lumotlar bilan kifoyalanadi. Yosh gidlarga ishonchli manba sifatida Amriddin Berdimurodovning “Samarqand tarixidan tomchilar” kitobini tavsiya qilgan bo‘lardim. 

Chora-tadbirlar belgilangan, amaliy ishlar boshlanmagan

Mamlakatning turizm darvozasi bo‘lgan Samarqandda bu yo‘nalishda keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi. Ammo hali o‘z mutaxassisligida to‘liqroq ma’lumotga ega bo‘lmagan ayrim yoshlarning gid-ekskursovodlikni pul topishning oson yo‘li deb bilayotgani sohadagi yutuqlarga soya soladi.

- Bunday holatlarning oldini olish maqsadida boshqarmamiz tomonidan faoliyat olib borayotgan gid-ekskursovodlarga bir necha marta tushuntirish ishlari olib borildi, - deydi viloyat turizm boshqarmasining turizm salohiyatini targ‘ib qilish, xorijiy turistlarni jalb qilish va ichki turizmni rivojlantirish bo‘limi bosh mutaxassisi Nodira Boltaboyeva. - Endilikda gidlarning sayyohlarga berayotgan ma’lumotlarini o‘rganish, kamchiliklari ustida ishlash hamda qasddan noto‘g‘ri ma’lumot ulashayotgan gidlarga chora ko‘rish bo‘yicha normativ-huquqiy hujjat qabul qilish rejalashtirilgan.

Bugungi kunda yo‘riqchilarga berilayotgan sertifikatning muddati 3 yilgacha amal qiladi. Bu muddat ularning nishonlarida ko‘rsatilgan bo‘ladi. Nazoratga olingan muddati 3 yildan o‘tgan bo‘lsa, gidlik faoliyati bilan shug‘ullana olmaydi. Hozirda madaniy meros ob’yektlarida shtat asosida ishlaydigan professional gidlarimiz bor, bundan tashqari, 5-6 ta tillarda audiogidlar mavjud.

Gidlar – mamlakatning yuzi. Ular bugun sayyohlarga berayotgan ma’lumot erta-indin xorijda amalga oshirilayotgan tadqiqotlardan o‘rin olishi, bu orqali ularning mamlakatimiz, uning tarixi, buyuk ajdodlarimiz haqidagi tasavvurlari shu asosda shakllanishi mumkin. Boshqarma mutaxassisining ma’lumotlaridan ko‘rinadiki, bu kamchiliklarning oldini olish bo‘yicha chora-tadbir belgilanganu, ammo amaliy ishlar boshlanmagan.

Sulaymon MARDIEV,

"Zarafshon" muxbiri.