Murakkab jarrohlik Samarqandda amalga oshirilyapti

Yurak tug‘ma nuqsonlarining yuzdan ortiq turlari mavjud. Ularning 20 foizini murakkab tug‘ma yurak nuqsonlari tashkil etib, operatsiya turi va hajmini angiografiyasiz amalga oshirish imkoniyati mavjud emas. Shu sababli ilgari bu turdagi bemorlar Toshkent shahriga borishga majbur bo‘lardi. Endi ularni boshqa hududga jo‘natishga ehtiyoj yuq. Sababi, Samarqandda ham bu xastalikni davolash, jarrohlikni amalga oshirish imkoni paydo bo‘ldi.

Viloyat bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazida joriy yilning oktyabr oyida 10 o‘rinli rengenendovaskulyar (angiografiya) bo‘limi tashkil etildi. Mahalliy byudjet hisobidan 5 milliard so‘m mablag‘ evaziga angiograf apparati keltirilib, markazga o‘rnatildi. Ushbu markazda zamonaviy uskunalarda ishlash uchun Moskva shahridagi A.N.Bakulev nomidagi “Yurak-qon tomir xirurgiyasi” ilmiy markazida shu soha bo‘yicha klinik ordinaturani o‘tagan va ikki yil davomida ishlagan angioxirurglar Jahongir Sherov va Farrux Jumayev markazga doimiy ishlash uchun taklif qilindi. Bundan tashqari, ushbu bo‘limda 4 nafar operatsion hamshira, anesteziolog va kichik tibbiy xodimlar faoliyat ko‘rsata boshladi. Hozirgi kunda ushbu yangi bo‘limda shu kunga qadar 17 nafar bemor bolalarda turli xil murakkab turdagi yopiq, to‘xtatilmagan yurakda tig‘siz usulda operatsiyalar o‘tkazildi. Barcha operatsiyalar muvaffaqiyatli amalga oshirilib, bemorlar o‘zlarini yaxshi his qilishmoqda.

Eldor Muhammadiyev,

Samarqand viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi axborot xizmati rahbari.