Murojaatdan pul qilmoqchi bo‘layotgan mutasaddilar yoki Bosh vazir o‘rinbosari qabuliga kimlar kirishi mumkin?
10,5 gektar yerda 2006 yildan buyon fermer xo‘jaligi rahbari edim. 2020 yilda optimizatsiya tufayli xo‘jaligim yerlari kengaytirilib, qayta tender o‘tkazildi.
Ammo tenderda o‘g‘limning oliy ma’lumoti haqidagi diplomi va traktor-mashinisti guvohnomasi e’tiborga olinmadi. Oqibatda yer D.Sanaqulovga o‘tib ketdi.
Ular bizni yer maydoniga kiritmay qo‘ygach, viloyat adliya boshqarmasiga murojaat qildim.
Adliya boshqarmasi murojaatimni tuman prokuraturasiga o‘tkazib yubordi. Ulardan 3 aprel kuni tuman hokimining qarori bekor qilinganligi, yerlar zaxiraga olinib, qayta tender o‘tkazilishi haqida xat oldim.
Ammo qachon tender bo‘ladi, yer zaxiraga olinganiga asos bormi?
Savollarimga javob yo‘q. Tuman mutasaddilaridan ko‘nglim qoldi, viloyatdan ham umidimni uzdim. Shu bois ijtimoiy tarmoqlarda Bosh vazir o‘rinbosari Samarqandga kelgani va tadbirkorlarni qabul qilishini eshitib, "Yoshlar markazi"ga bordik.
Afsuski, bu yerda yana bir byurokratga duch keldik. Avvaliga ro‘yxatga olishni xohlamagan eshik og‘alari, bir mutasaddiga uchrashtirdi. U "Viloyat savdo-sanoat palatasiga a’zo bo‘lsalaring va 245 ming so‘m to‘lasalaring qabulga kirishlaring mumkin", dedi.
Hayron qolganim, mutasaddilar qachondan beri odamlarni pul to‘latib, qabul qiladigan bo‘ldi? Arzimizni eshitadigan odam nahot viloyatda topilmasa, axir yordam so‘ramayapmiz, adolat istayapmiz, xolos.
Farog‘at Qayumova,
Toyloq tumani.