Mutolaa: Bankda bo‘lgan voqea (hikoya)

Likok Stiven

Bankka kirib qolgudek bo‘lsam, qo‘rquvga tushaman. Yozuv-chizuv ishlarini olib boradigan kichik xizmatchilar meni qo‘rqitadi. Kichkina derazalar qo‘rqitadi. Pullar meni qo‘rqitadi. U yerdagi barcha narsa meni qo‘rqitadi.

Bank ostonasini kesib o‘tib, u yerda moliyaviy operatsiyalarni amalga oshirmoqchi bo‘lib turganimda men qip-qizil axmoqqa aylanib qolaman.

Bularning barchasi menga oldin ham ayon edi, lekin baribir, ish haqqim oyiga ellik dollarga yetganda, men ular uchun yagona munosib joy bu - bank degan qarorga keldim.

Shunday qilib, hayajon bilan oyog‘imni zo‘rg‘a qimirlatib, operatsiya zaliga kirdim va jur’atsizlik bilan atrofga qaray boshladim. Menga negadir hisob ochilishidan oldin mijoz, albatta, boshqaruvchi bilan maslahatlashishi kerak bo‘lgandek tuyuldi.

Ustida «Buxgalter» yozuvi osiliq turgan kichkina deraza yaqiniga bordim. Hisobchi  baland bo‘yli, sovuqqonroq shaxs ekan. Uning vajohati meni qo‘rqitdi, ovozim birdan yer tagidan chiqayotganday bo‘lib qoldi.

- Boshqaruvchi bilan gaplashsam  bo‘ladimi? – so‘radim va ma’noli qo‘shib qo‘ydim: Yuzma-yuz.

Nega «yuzma-yuz» dedim, buni o‘zim ham bilmayman.

- Hozir, - javob berdi hisobchi va boshqaruvchini chaqirishga ketdi.

Boshqaruvchi jiddiy, salobatli kishi edi. Men ellik olti dollarimni cho‘ntagimda mushtimda mahkam ushlagancha saqlardim, pullar yumaloq guvalachaga aylanib qolgandi.

- Siz boshqaruvchimisiz? – deb so‘radim, lekin Xudo haqi, bunga shubham yo‘q edi.

- Ha, - deb javob berdi u.

- Siz bilan... yuzma-yuz gaplashsak, degandim.

«Yuzma-yuz» iborasini takrorlashni xohlamasdim, lekin aks holda suhbatimiz juda oddiy bo‘lib qolardi.

Boshqaruvchi xavotirlanib menga qaradi. Ko‘rinishidan, u meni  qandaydir dahshatli bir sirni ochib berishga kelgan, deb o‘yladi.

- Marhamat, - dedi u, so‘ng meni xonasiga olib kirdi va kalitni qulfga burdi. – Bu yerda bizni hech kim bezovta qilmaydi. O‘tiring.

Ikkalamiz ham o‘tirib, bir-birimizga tikildik. To‘satdan ichimdan hech qanday so‘z chiqara olmasligimni his qildim.

- Siz Pinkerton (detektiv agentligi) agentligidan bo‘lsangiz kerak? -  so‘radi u.

Mening sirli xulq-atvorim unga meni detektiv ekanimga ishontirgandi. Buni darhol tushunib olganimda ham undan battar bo‘lib, bir so‘z deyolmadim.

- Y-y-yo‘q, men u yerdan emas, - dedim nihoyat, boshqa raqib agentligidan kelayotganimga ishora qilib. – Rostini aytsam… men shu paytgacha… kimdir meni yolg‘on gapirishga majburlagandek davom etdim …rostini aytsam, men umuman detektiv emasman. Men hisob ochish uchun kelgandim. Jamg‘armalarimni shu bankda saqlash niyatidaman.

Boshqaruvchi o‘zini yengil his qilganday bo‘ldi, lekin u hamon hushyor turardi. Endi uning nazdida Baron Rotshildning o‘g‘li kichik Guld (Jey Guld (1836 - 1892) – Amerikaning eng yirik millionerlaridan biri ) turganiga shubhasi yo‘q edi.

- Katta mablag‘ bo‘lsa kerak? – so‘radi u.

- Juda katta,  - pichirladim men. - Hozir ellik olti dollar qo‘yishni niyat qildim, kelajakda ham  har oy ellik dollardan qo‘yib boraman.

Boshqaruvchi o‘rnidan turib, eshikni ochdi va hisobchiga qaradi.

- Janob Montgomeri! – dedi u yoqimsiz baland ovozda. – Bu janob hisob ochmoqchi va ellik olti dollar qo‘ymoqchi ekan... Xayr.

Men turdim. O‘ng tomonimda katta temir eshik ochildi. «Xayr» dedim va to‘g‘ridan-to‘g‘ri seyfga qarab qadam tashladim.

- Bu yerga emas, - dedi boshqaruvchi sovuqqonlik bilan va boshqa eshikka ishora qildi.

Derazachaga yaqinlashib xuddi fokus ko‘rsatayotgandek g‘ayriixtiyoriy ravishda bir to‘da pulni tashladim. Yuzim oqarib ketgan edi.

- Mana, - dedim, - buni mening hisobimga qo‘ysangiz. Aytayotganlarim «kech bo‘lmasdan bu og‘riqli ishni tugataylik» ohangiga o‘xshab ketganday tuyuldi.

Xizmatchi pulni olib xazinabonga uzatdi. So‘ng menga allaqanday blankka mablag‘ni yozib, qaysidir kitobga imzo chekishimni aytishdi. Men nima qilayotganimni bilmasdim. Ko‘zlarim oldida hamma narsa xiralashib qolgan edi.

- Tayyormi? – so‘radim titroq ovozda.

- Ha, - javob berdi xazinabon.

- U holda men chek yozmoqchiman.

Kelgusidagi xarajatlarimni ko‘zlab olti dollar olmoqchi bo‘ldim. Xizmatchilardan biri menga derazachadan chek daftarini uzatdi, ikkinchisi chekni qanday to‘ldirishni tushuntira boshladi. Shubhasiz, bankning barcha xodimlariga men to‘g‘rimda «aqldan ozgan millioner» degan taassurot paydo bo‘lgan bo‘lsa, ajabmas. Chekda nimanidir yozdim va xazinabonga uzatdim. U chekka qaradi.

- Qanday qilib? - hayron bo‘lib so‘radi u. - Hammasini olasizmi?

Shu yerda olti raqami o‘rniga ellik olti yozganimni tushunib oldim. Masala juda chuqurlashib ketgandi. Nima bo‘lganini tushuntirishga endi juda kech edi. Hamma xizmatchilar yozishni to‘xtatib, menga tikilib qolishdi. Umidsizlik jasorati bilan tubsizlikka otildim.

- Ha, hammasini, - javob berdim.

- Siz pulingizning hammasini bankdan olmoqchimisiz?

- Oxirgi sentigacha, hammasini.

- Kelajakda siz hech qachon pul kiritmoqchi emassiz, shundaymi? – so‘radi xazinabon.

- Hech qachon.

To‘satdan xayolimga ular chekni yozayotgan paytimda meni nimadir xafa qilgan deb o‘ylagani va faqatgina shu sababli men pulni qaytarib olmoqchi bo‘lganim to‘g‘risidagi bema’ni umid paydo bo‘ldi. O‘zimni –g‘ayritabiiy tarzda jirkanch odam qilib ko‘rsatishga urinib ko‘rdim.

Xazinabon menga pul to‘lashga tayyorligini ko‘rsatib so‘radi:

- Qanaqasiga olishni xohlaysiz?

- Nima?

- Qanaqa kupyurada olmoqchisiz?

 Oxir-oqibat savol ma’nosini tushunib oldim,  nima demoqchi bo‘lganimni tushunmay javob berdim:

- Ellik dollarlik kupyura bilan. U menga ellik dollarlik chiptani uzatdi.

- Oltitasinichi? – so‘radi u quruq ohangda.

- Olti dollarlik chiptada, - dedim.

U menga olti dollarlik kupyurani berdi, men esa chiqishga shoshildim.

Orqamdagi og‘ir eshik sekin yopilayotganda qulog‘imga bino qubbasini larzaga keltirgan gumburlagan geometrik kulgi eshitildi.

O‘shandan beri men endi banklar bilan ish tutmayman. Kundalik xarajatlarim uchun pulni shimimning cho‘ntagida, saqlab qo‘ygan pullarimni esa kumush dollarda eski paypoqda saqlayman.

(1910 yil)

Bahora Muhammadiyeva tarjimasi.