Mutolaa: Penalti. Hajviya

Tog‘aymurod Shomurodov

Azaliy raqiblar “Barselona” bilan “Real” jamoalari o‘rtasidagi o‘yin qizigandan qizidi. Yaqindagina “Real"ga kelib qo‘shilgan Berdi polvon nomdor jamoada birinchi marta maydonga tushganiga qaramay, aldamchi harakatlari, chaqqon yugurishi bilan raqib jamoa himoyachilarini esankiratib qo‘ydi.

Ishqibozlarning “Berdi! Berdi! Barakalla! Yasha, ur, tep!“ degan hayqiriqlaridan stadion larzaga keldi.

Mana, to‘p yana Berdida. U ikki himoyachi o‘rtasidan jarima maydonchasiga ildam yorib kirdi. Zarba bersa bo‘ldi, gol muqarrar! Biroq qarshisiga yugurib chiqqan darbozabon uni chalib yiqitdi.

Hakamning hushtagi yangradi: sariq kartochka va o‘n bir metrlik jarima to‘pi - penalti! Uni Berdi polvonning o‘zi tepadigan bo‘ldi.

Berdi hayajon bilan to‘pni o‘n bir metrlik belgiga qo‘ydi. Darvozabon qulochini kerib joyida maymunday dikonglab turibdi. Hakam hushtak chalib to‘pni tepishga ruxsat berdi. Ishqibozlar nafas yutib, golni kutib turishibdi.

Berdi polvon orqaga uch-to‘rt metr tisarilib, shiddat bilan yugurib keldi-da o‘ng oyog‘ida to‘pni zarb bilan tepdi...

 ... - Voy, voy, voy oyog‘im, - devorga kuchli zarb bilan urilgan oyog‘i og‘rig‘idan uyg‘onib ketgan Berdi polvon dodlab yubordi.

Ertasi kuni qo‘ltiqtayoq suyanib, gipslangan oyog‘ini sudrab kelgan Berdi polvonni ko‘rgan hamkasbi Nishon achinib unga qaradi.

- Nima, bo‘ldi?   

Berdi polvon aftini burishtirib, bo‘lgan voqeani gapirib berdi. O‘ng oyog‘ining bosh barmog‘i sinibdi.

- Hm, tushunarli, - dedi kulib Nishon, - uyquda futbol o‘ynamaslik kerak, jo‘ra!..