Mutolaa. Sendan ugina, yana sendan bugina... (Hajviya)
To‘lqin Siddiq
Mahallamizda yozuvchilar ko‘p. Hammasi har xil yozadi. Eng mashhurlari uch kishi. Biri - hikoya va qissalar yozadigan Jiyan Qo‘zi (Jiyanboy Qo‘ziyev). Ikkinchisi – aholi muammolarini ijtimoiy tarmoqlarda yoritadigan bloger Xursand Mahzun (bundan 5-6 yil avval uni hamma “chap qo‘l yozuvchi” deb atardi). Keyingisi Oldiboy Karayev. Bu yigitning ismi aslida Oltiboy bo‘lishi kerak edi. Bir oyog‘ining barmoqlari 6 ta bo‘lgani uchun momosi unga shu otni qo‘ygan. Ammo pasportida Karayev Oldibay Mallabayevich deb yozilgan. U tug‘ilgan yilda “ZAGS” bo‘limida ishlagan, rus maktabida o‘qigan Apipa checha guvohnomasiga shunday yozib qo‘ygan ekan.
Xullas, bugun sizga qishlog‘imizdagi shu – “uchinchi yozuvchi” haqida hikoya qilaman. To‘g‘risini aytsam, “ikkinchi yozuvchi”miz - bloger Xursandboy bor-ku, o‘sha yigit kimga qanday yozish kerakligini Oldiboyga o‘rgatib turadi. Oldiboyning Xursandboydan farqi o‘zining muammolari haqidagina “katta”larga yozadi.
Ismgayam ko‘p narsa bog‘liq ekan. Adashib bo‘lsayam guvohnomasiga Oldiboy deb yozib qo‘yilgani uchun bo‘lsa kerak, bu yigit faqat “oladi”. Birovga bir narsa berganini eslolmayman. Ko‘chadan qaysidir tanishi o‘tib qolsa bo‘ldi, “keling, bir “yuz-yuz” olaylik”, deydi ko‘cha boshidagi do‘konga imo qilib. Sotuvchi Sotvoldi amaki kamdan-kam naqd pulga savdo qiladi. Qariyalarga “pensiya tarqatganda olarman”, desa, yoshroqlarga “oylikdan yo bolalarning pulidan berarsiz”, deb molini o‘tkazishga harakat qiladi. Oldiboy bilan kimdir birga kirib, aroq ichadigan bo‘lsa, to‘lovi albatta, o‘sha odamning bo‘ynida. Sotvoldi amaki hech qayerda ishlamaydigan Oldiboydan qarz undirish qiyinligini bilib, uning nomiga yozmaydigan bo‘lgan.
Keyingi paytlarda Oldiboyning yozgan xatlari inobatga olinib, mahallamizda uch marta rais almashdi. Xatlarga javoban ijtimoiy himoyaga muhtoj, deb uning oilasiga yordam ko‘rsatilyapti. Masalan, bepul tovuq berildi. Tomorqasida 2 sotixlik issiqxona qurildi. O‘zini sektor rahbariman, deb tanishtirgan bir qorindor odam yordamchilari bilan ikki quti asalari berib ketdi. Mamlakatda kasallik tarqab, karantin e’lon qilingan pallada mahalla raisi Berdimurod akaning tavsiyasi bilan 1 million so‘m pul ham oldi Oldiboy. Hotamboy tadbirkor qishloqdagi ba’zi xonadonlarga un, shakar, kartoshka, piyoz tarqatgandayam u quruq qolmadi. Quruq qolsa, “mahallakom”ning boshi baloga qolishi aniq edi. Yoza-yoza bir sog‘in sigirli ham bo‘ldi.
Bir kuni u “ustoz”i Xursandboyning maslahati bilan hokimning aholi uchun o‘tkazgan sayyor qabulida qatnashdi. Imtiyozli kreditga aravachali mototsikl so‘rab, ulovliyam bo‘ldi.
Baribir hayotdan ko‘ngli to‘lmayotgan Oldiboy odatdagidek “mahalla yordam qilmayapti”, degan mazmunda televideniyega xat yozdi.
Yaqinda qishlog‘imizga videokamera va mikrofonlarini ko‘tarib, jurnalistlar keldi. Mahalla raisi va ularning o‘rinbosarlari bilan xat muallifi Oldiboyning hovlisiga kirdi.
- Men Berdimurod Alloberdiyev “mahallakom” bo‘lganimdan beri bu oilaga faqat ko‘mak berib kelinadi, - deya mahalla raisi intervyu bera boshladi va Oldiboyga berilgan moddiy hamda ma’naviy yordamlarni birin-ketin sanab ketdi. – Mana, o‘zingiz ko‘ring, kattagina tomorqasi bor. Hayronman, nima yetishmaydi yana.
Teleoperator tomorqani, xarob ahvolda yotgan issiqxonani, to‘zib yotgan molxona atrofini, kovshanib turgan sigirni, hovli o‘rtasida turgan asalari qutilarini tasvirga oldi.
Shundan so‘ng kamera ob’yektivi xat muallifi Oldiboy Karayevni “nishon”ga oldi. Jurnalist uni savolga tuta boshladi.
- Mahalla raisining gaplari rostmi?
- Rost!
- Tovuqlar ko‘rinmaydi.
- Quruqqa kasal bo‘b o‘lib ketmasin deb so‘yib yeb qo‘yaqoldik.
- Kasallangan tovuq go‘shtini yeyishga qo‘rqmadingizmi?
- Hali kasallik tegmagandi ularga. Mabodo kasallanib o‘lib-netib qolmasin deb...
- Tushunarli, - dedi jurnalist. – Mana, mahalla faollari yordamida binoyidek issiqxona qurib berilibdi, nega samarali foydalanmayapsiz?
- Buning ichi issiq bo‘larkan. Bu yerda ishlab, terlab tashqariga chiqsam va shamollab qolsam, “mahallakom” davolatmaydi-ku meni?
- Bir mavsumda qancha asal olyapsiz?
- Bilmayman, yangangiz shug‘ullanadi. 10 kilocha oldiyov?!
- Aravachali mototsikl ko‘rinmaydi.
- A, uni qaynog‘amga bervordim. O‘zimning haydovchilik guvohnomam, haydashga uquvim yo‘q... Kreditni qaytarishim ham amrimahol.
- Sigiringiz muncha ozg‘in, shunaqa oriq sigir berishdimi homiylar.
- Yo‘q, kelganda oydaygina eti bor edi. Yem-xashakdan qiynalyapti. Men xat yozishimning asosiy sababiyam shu edi o‘zi, - dedi Oldiboy ko‘zlari chaqnab, nihoyat, mahalla raisining aybini topgan odamdek. – “Mahallakom”ga qachondan beri aytaman, bir telejka somondan yordam qiling, deb. Mahallamizda qancha fermer bor, biroviga bir og‘iz aytsa, bu kishining gapini yerda qoldirmaydi-ku. Katta-katta fermerlar bir telejka somonni menga o‘xshagan muhtojga bersa, bir joyi kamayib qoladimi?! Qaytanga savob bo‘ladi.
- Yaxshi, - dedi jurnalist mikrofonlarini yig‘ishtirayotib. – Hammasini televizorda ko‘rsatamiz.
- Biror bir natija bo‘ladimi? – dedi Oldiboy. – Bir telejka somon obersalaring bo‘lgani, boshqa shikoyatim yo‘q.
- Vazifamiz somon oberishmas, sizning shikoyatingizni ko‘rsatuvimiz orqali rahbarlarga yetkazish.
- Buni butun respublika ko‘radimi? – suhbatga qo‘shildi bir chekkada turgan Oldiboyning xotini.
- Ha!
- Dadasi, bitta qarang, - xotini Oldiboyni chetroqqa tortib, allanimalar dedi.
Qaytib kelib, jurnalistni savolga tuta boshladi:
- Muxbir aka, bu hovlimizni c’yomka qilib nima qilardingiz?
- Biz xolis bo‘lishimiz kerak. Borini ko‘rsatamiz.
- Barini ko‘rsatasizmi?
- Ha, barini boricha ko‘rsatamiz.
- Manov “parnik”niyammi? Molxonalarimizniyammi?
- Albatta, mahalla tomonidan nima yordam ko‘rsatilgan, siz undan qanday foydalanyapsiz, ko‘rsatamiz-da.
- E, qo‘ying-yey, muxbir aka! Odam uyaladi, televizorga chiqarmang! Qarang, qanday rasvo bo‘b yotibdi. Uyimga kelishlaringizni, videoga olishlaringizni xayolimgayam keltirmabman. Shunchaki “mahallakom” bilan telefonda gaplashib, shu Oldiboyning somon-pomoniga yordam qib turing, deb aytasizlar, deb o‘ylabman. Kerakmas-yey, hech qanday somon-pomon!