Mutolaa: Temir Qoya. Hikoya
Aleksandr Kuprin
Shamol boshlandi. Bugun dengizda tunashimizga to‘g‘ri keladi. Sohilgacha o‘ttiz chaqirim. Ikkimachtalik felyuga (yelkanli ov kemasi) lanjlik bilan u yoqdan-bu yoqqa tebranadi. Ho‘l yelkanlar osilgan.
Oppoq tuman kemani o‘rab oldi. Yulduzlar ham, osmon ham, dengiz ham, tun ham ko‘rinmaydi.
Biz gulxan yoqmaymiz.
Felyuganing keksa, kiyimlari yupun va yalangoyoq kapitani Said Abla sokin, mag‘rur va teran ovozda qadimiy voqeani aytib beryapti, men unga chin yurakdan ishonaman.
Men ishonaman, chunki tun juda g‘alati sokinlikda bo‘lar, ko‘rinmas dengiz ostimizda uxlab yotar, biz tumanga burkanib qalin oppoq bulutlar orasida sekin suzib yuribmiz.
“Uning ismi Temir Qoya edi. Bu odam na rahm-shafqat, na uyat, na qo‘rquvni bilardi.
U o‘z to‘dasi bilan Istanbul atrofida va muborak Fessaliyada, tog‘li Makedoniya va bolgar semiz yaylovlarida o‘g‘irlik qilgan. To‘qson to‘qqiz kishi uning dastidan vafot etdi, ularning ichida ayollar, qariyalar va bolalar ham bor edi.
Kunlarning birida tog‘larda uni podshoning kuchli qo‘shinlari o‘rab oldi. Uch kun davomida Temir Qoya go‘yo itlar to‘dasi bilan kurashayotgan bo‘riga o‘xshab kurashdi. To‘rtinchi kuni saharda u yorib chiqdi, faqat yolg‘iz o‘zi. Uning o‘rtoqlari shiddatli quvg‘inda vafot etdi, ayrimlari esa Istanbulning dumaloq maydonida jallod qo‘lida jon berdi.
Yaralangan, holsizlangan Temir Qoya tog‘ cho‘ponlari boshpana bergan tepalikdagi g‘orda olov yonida yotar edi. Kechaning yarmida uning yonida alangali qilich kabi oppoq farishta paydo bo‘ldi. Temir Qoya o‘lim xabarchisi Azroyilni tanidi va dedi:
- Allohning irodasiga bo‘ysunaman! Men tayyorman.
- Yo‘q, - dedi farishta, - hali sening vaqting kelmadi. Xudoning irodasiga quloq tut. O‘lim to‘shagidan ko‘tarilganingdan so‘ng borib xazinalaringni yerdan qazib ol va ularni oltinga aylantir. Keyin to‘g‘ri Sharqqa qarab yo‘l tut va yettita yo‘l tutashgan joyga yetguningga qadar yurishda davom et. U yerda salqin xonali, keng kursilari, tahorat uchun toza suvi bor favvoralari, ziyoratchilar uchun ovqat va ichimliklari tayyor, charchaganlar uchun xushbo‘y qahva bilan kutib olinadingan uy qurasan. O‘tib ketayotgan barchani yoningga chaqir va ularga qul kabi xizmat qil. Sening uying ularning uyi, oltinlaring ularning oltini, mehnatlaring ularning rohati bo‘lsin. Bir vaqt kelib, Alloh og‘ir gunohlaringni unutib, ummatlari qonini to‘kkaningni kechirishini bilib qo‘y.
Shunda Temir Qoya so‘radi:
- Rabbim gunohlarimni kechirganligi to‘g‘risida menga qanday belgi beradi?
Farishta javob berdi:
Yoningdagi tutab turgan olovdan, kul bilan qoplangan qorakuyadan olib yerga ek. Qachonki u po‘stloq bilan o‘ralib unib chiqsa va gullasa bilginki, gunohlaringni yuvish vaqti keldi.
Oradan yigirma yil o‘tdi. Jiddadan Smirnagacha boradigan yetti yo‘l tutashgan joydagi mehmonxona dovrug‘i podshoh yurti bo‘ylab tarqaldi. Gadoy u yerga gadoyto‘rvasini to‘ldirib, ochlar to‘q, charchaganlar tetik, yaradorlar esa shifo topib ketar edi.
Yigirma yil davomida Temir Qoya har oqshom hovlida ko‘milgan daraxt kundasiga qaradi, lekin u qorayganicha o‘lik turaverardi. Temir Qoyaning lochin ko‘zlari xira tortdi, qudratli tanasi egilib, boshidagi sochlari farishtalarning qanotiga o‘xshab oqarib qoldi.
Bir kuni erta tongda u ot dukurlashini eshitdi va terga botgan otda yeldek uchib borayotgan chavandozni ko‘rdi. Temir Qoya yugurib chiqib, ot jilovidan ushlab chavandozga yalindi:
- Birodar, uyimga kir, yegulik yeb kuch yig‘ib ol, keyin yo‘lingda davom etasan.
Sayyoh g‘azablanib, unga baqira ketdi:
- Meni qo‘yib yubor, chol! Qo‘yib yubor!
U Temir Qoyaning yuziga tupurdi va qamchidasta bilan uning boshiga urib, otini choptirib ketdi.
Mag‘rur qaroqchining qoni qaynab ketdi. U yerdan tosh olib, dilozor tomonga uloqtirdi va uning boshini yordi.
Chavandoz egarda tebranib yo‘l ustidagi changga qulab tushdi.
Sarosimaga tushgan Temir Qoya uning oldiga yugurib bordi va achinib dedi:
- Birodarim, men seni o‘ldirib qo‘ydim chog‘i...
O‘layotgan kishi javob berdi:
- Yo‘q, meni o‘ldirgan siz emassiz, bu - Allohning qo‘li. Meni eshiting. Viloyatimiz Poshshosi shafqatsiz, ochko‘z va adolatsiz odam. Mening do‘stlarim unga qarshi fitna uyushtirishdi. Beriladigan mukofot evaziga men ularni sotmoqchi bo‘lib shoshayotgan edim. Lekin siz otgan tosh meni to‘xtatdi. Xudo shuni xohladi.
Musibatdan tushkunlikka tushgan Temir Qoya hovlisiga qaytdi. Uning yigirma yil sabr-toqat bilan ko‘tarilgan saxovat va tavba zinapoyasi yozgi tongning bir lahzasida quladi.
Umidsizlik bilan har kuni ko‘zlari odatlanib qolgan qorakuya tomon qaradi. To‘satdan mo‘’jiza yuz berdi. U o‘lik daraxtning o‘sib chiqib, kurtaklar bilan o‘ralganligini, xushbo‘y yashil liboslar va nozik sariq gullar bilan burkanganini ko‘rdi.
Shunda Temir Qoya xursandchiligidan yig‘lab yubordi. Chunki u buyuk va rahm-shafqatli Alloh taolo o‘zining bir xiyonatkorni o‘ldirgani orqali kechirganini tushundi”.
Bahora Muhammadiyeva tarjimasi.